Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xoʻjaliklarga ularning ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasini eksport qilishda koʻmaklashish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Belgilangan topshiriqning 33 foizi va topshiriqdan ortiqchasi hisobiga xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasini tashqi bozorda sotishda ularga zarur yordam koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligi 1995-yilning 1-yanvarigacha Vazirlar Mahkamasiga 1994-yil hosilidan xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi hajmi boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etsinlar.
1994-yil paxta xomashyosi hosilini qayta ishlash yakunlari boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan hisob-kitoblarga zarur tuzatishlar kiritsinlar.
2. “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxtani birinchi navbatda qayta ishlashni va xoʻjaliklar tomonidan tuzilgan kontraktlar boʻyicha paxta tolasini eksportga yetkazib berishni taʼminlasin.
Xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasini sotishni taʼminlovchi Qoraqalpogʻiston respublika va viloyat uyushmalari ishlarni muvofiqlashtirsinlar va xoʻjaliklarga uni eksportga yetkazib berishda yordam koʻrsatsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasini eksport qilish uchun litsenziyalarning oʻz vaqtida berilishini taʼminlasin.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi xoʻjaliklar tomonidan xorijiy sheriklarga yetkazib beriladigan paxtani yuklab joʻnatish va bojxonada rasmiylashtirish masalalarini tezkorlik bilan hal qilsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki;
xoʻjaliklarga valyuta schyotlari ochishda zarur yordam bersinlar. Har bir xoʻjalik oʻz valyuta schyotiga ega boʻlishiga koʻmaklashsinlar;
xoʻjaliklarning valyuta schyotlariga mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hisob-kitoblarning belgilangan tartibda amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning tegishli oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 2-dekabr,
582-son