Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 9-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 10-iyulda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, Oʻzbekiston Respublikasining qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga maʼmuriy islohotlar doirasida bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining transformatsiya qilinishi ana shu organlarning rasmiy nomlarini aniqlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni, shuningdek aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining nomini va vakolatlarini aniqlashtirishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish yoʻli bilan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-fevralda qabul qilingan OʻRQ-676-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 145-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 923-modda, № 12, 1010-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 12-moddaning yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yangi aholi punktlarini joylashtirish hamda mavjudlarini rivojlantirish hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiyaviy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlariga, Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhiga, hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish tarhlariga hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalariga, aholi punktlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi”;
2) 17-modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 19-moddaning birinchi qismi:
beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini tasdiqlaydi”;
quyidagi mazmundagi oʻn oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini muntazam ravishda takomillashtirib borish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi”;
oʻn oltinchi xatboshisi oʻn yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
4) 20-moddaning:
birinchi qismidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini taʼminlaydi”;
quyidagi mazmundagi yigirma beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar beradi”;
5) 27-moddaning nomi va birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hamda uning hududiy inspeksiyalarining vakolatlari
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (bundan buyon matnda Inspeksiya deb yuritiladi) hamda uning hududiy inspeksiyalari (bundan buyon matnda hududiy inspeksiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi”;
6) 44-modda birinchi qismining:
ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi”;
toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhi”;
2-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari”;
3-bandining birinchi xatboshisidagi “rivojlantirish” degan soʻz “rivojlantirishni rejalashtirish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 45-modda:
uchinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi qismidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 49-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“49-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi
Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilanadi:
aholini joylashtirish tizimlarini, tabiatdan foydalanishni va ishlab chiqarish kuchlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlariga muvofiq rivojlantirishning asosiy qoidalari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari;
aholini joylashtirish tizimlarini rivojlantirish uchun qulay hududlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar;
qishloq xoʻjaligiga va oʻrmon xoʻjaligiga moʻljallangan hududlar;
ekstremal tabiiy-iqlim sharoitlariga ega boʻlgan hududlar;
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga duchor boʻlgan hududlar;
foydali qazilmalar joylashgan hududlar;
oʻziga nisbatan shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish rejimlari va shaharsozlik jihatidan foydalanishning boshqa turlari hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mazkur hududlardan foydalanishga doir cheklovlar belgilangan hududlar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishga doir boshqa loyiha yechimlari.
Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhidagi loyiha yechimlari Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qoʻshni davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha hududiy dasturlari hamda jahon tamoyillari hisobga olingan holda uzoq muddatli istiqbolga moʻljallab ishlab chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha umumdavlat ahamiyatiga molik koʻp maqsadli strategik hujjatdir:
aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimi davlat tomonidan tartibga solinishini taʼminlash;
hududlarning joriy holatini, salohiyatini aniqlash, oʻzaro bogʻliqlik maqsadlarini va oʻziga xos xususiyatlarini belgilash;
arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida hududlararo va tarmoqlararo davlat manfaatlarini muvofiqlashtirish;
loyihalashtirish topshirigʻini ishlab chiqishda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini asos sifatida belgilash”;
9) 51-modda:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“51-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari”;
birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilanadi”;
oltinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi, viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarini” degan soʻzlar “Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi, viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarini” degan soʻzlar “Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlaridagi loyiha yechimlari Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qoʻshni davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha hududiy dasturlari hamda jahon tamoyillari hisobga olingan holda uzoq muddatli istiqbolga moʻljallab ishlab chiqiladi”;
10) 54-moddaning oltinchi qismidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
11) 76-modda:
toʻrtinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligining” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligining” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligining” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligining” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
12) 80-moddaning uchinchi qismidagi “Qurilish vazirligi” degan soʻzlar “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-sentabr,
OʻRQ-960-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)