O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ASOSIY VOSITALARNI QAYTA HISOBLASh IShLARINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Investitsiya resurslarini qadrsizlanishdan himoya qilish, asosiy vositalarning haqiqiy qiymatini belgilash va investitsiya faoliyatini faollashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar respublikaning barcha korxonalari, tashkilotlari va muassasalari asosiy vositalar qiymatini uning 1995-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra qayta hisoblab chiqishga majburdirlar.
Qayta hisoblash 1995-yilning 1-fevraligacha tugallansin.
Asosiy vositalarni qayta hisoblashning to‘liqligi, o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi va Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Asosiy vositalarni qayta hisoblashni o‘tkazish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
korxonalar va tashkilotlarga asosiy vositalarni qayta hisoblashni o‘tkazishda va uning natijalarini buxgalteriya va statistika hisobotida aks ettirishda uslubiy rahbarlikni hamda amaliy yordam berishni ta’minlasin.
3. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Asosiy vositalarni qayta hisoblashni o‘tkazish tartibini olganlaridan so‘ng bir hafta muddatda uni o‘zlariga qarashli tashkilotlarga yetkazsinlar;
asosiy vositalarni qayta hisoblash yakunlari to‘g‘risidagi hisobotni 1995-yilning 1-fevraligacha “O‘zistikbolstat” davlat qo‘mitasi belgilagan shakllarda va manzillarga taqdim etsinlar.
4. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi asosiy vositalar qiymatini qayta hisoblashning birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olingan natijalarini umumlashtirsin hamda 1995-yilning 20-martidan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi korxonalar va tashkilotlarni xususiylashtirishda ularning dastlabki narxi miqdorini belgilashni, shuningdek, ularning xodimlariga beriladigan imtiyozlar miqdorini belgilashni mazkur qarorga muvofiq o‘tkazilayotgan qayta hisoblashni nazarda tutgan holda amalga oshirsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingunga qadar mulk ijarasi shartnomasini tuzgan korxonalar va tashkilotlar bir oy muddatda shartnomaning qolgan muddati uchun ijara to‘lovlari miqdorlarini ijaraga berilgan asosiy fondlarning qayta hisoblab chiqilgan qiymatidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqsinlar.
Mazkur qaror qabul qilingunga qadar davlat mulkini sotib olish huquqi bilan ijara shartnomasini tuzgan korxonalar va tashkilotlar mulkning 1995-yil 1-yanvargacha sotib olinmagan qismini uning qiymatini qayta hisoblashni hisobga olgan holda sotib oladilar.
7. Belgilab qo‘yilsinki, 1995-yilda mol-mulkka solinadigan soliq va amortizatsiya asosiy vositalarning mazkur qarorga muvofiq amalga oshiriladigan qayta hisoblangan qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasiga asosiy vositalar qiymatini qayta hisoblashni tashkil etish va o‘tkazish uchun 900 ming so‘m ajratsin.
9. “O‘zulgurjibirjasavdo” uyushmasi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasiga uning buyurtmanomasi bo‘yicha 0,3 tonna yozuv qog‘ozi va 1,5 tonna gazeta qog‘ozini shakllar va Asosiy vositalarni qayta hisoblash tartibini ko‘paytirish uchun sotsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi Asosiy vositalarni qayta hisoblash tartibi va statistika hisoboti shakllarini taqdim etgandan so‘ng 15 kun muddatda ularni chop etsin va buyurtmanomaga muvofiq jo‘natsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 28-noyabrdagi
572-son