Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2024-yil 30-iyul kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-1171-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (ikkinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi QL-1197-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2023-yil 14-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi QL-1202-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi QL-1206-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Tashabbusli budjet asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va ularning natijadorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari –– Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Dj. Kuchkarovning javobi haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A. Xudayarovning “Mamlakatimizda bolalar va oʻsmirlar orasidagi kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati, shuningdek sogʻliqni saqlash sohasidagi istiqbol rejalar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida;
“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida maxfiy axborotni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitimni (Sian, 2023-yil 18-may) ratifikatsiya qilish haqida”gi QL-1204-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Davlat mudofaa buyurtmasi toʻgʻrisida”gi QL-1191-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi QL-1194-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish).
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. TOJIYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-iyul,
4664-IV-son