Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A. Kuldashevning “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A. Kuldashevning “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatimiz aholisini va hududlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (bundan buyon matnda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi deb yuritiladi) “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tashkil etilgan.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan favqulodda vaziyatlar va global iqlim oʻzgarishi natijasida aholi hayotiga xavf soluvchi ofatlarning oldini olish maqsadiga erishish doirasida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi faoliyatiga oid bir qator huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik, iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Keyingi yillarda iqlim oʻzgarishi oqibatida respublika hududida tabiiy ofatlar soni sezilarli darajada ortgan. Tabiiy ofatlarning oʻrtacha soni 2001 — 2010-yillarda — 115 tani, 2011 — 2022-yillarda esa 126 tani tashkil etgan. Ularning 46 foizi zilzilalar, 27 foizi sellar, 13,5 foizi yer koʻchkilari, 8,7 foizi kuchli shamollar, 2,4 foizi suv toshqinlari, 1,6 foizi tabiiy yongʻinlar, 0,8 foizi qor koʻchkilari va boshqalar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Mamlakatimizda iqlim oʻzgarishiga moslashuv choralarini koʻrish hamda tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar bilan bogʻliq yoʻqotishlarni kamaytirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiradigan davlat organlarining respublika, mahalliy, obyekt darajalaridagi 2 587 nafardan ortiq rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida, ushbu organlarning 35 ming nafar muhandis-texniklari esa vazirlik hududiy boshqarmalarining Hayot faoliyati xavfsizligi oʻquv markazlarida oʻquv dasturlari asosida davriy tayyorgarlikdan oʻtkazilgan.
2023-2024 oʻquv yilidan boshlab maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim muassasalarining amaldagi taʼlim dasturlariga Zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanish qoidalari kiritilib, ulardagi jami 2 084 574 nafar tarbiyalanuvchi, oʻquvchi va talabaning oʻqitilishi tashkil etilgan.
Aholining harakatlanishini cheklash orqali fuqarolarning favqulodda vaziyatlar xavfi mavjud hududlarda boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamkorligida 266 ta nazorat-kuzatuv posti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Respublikaning sel va suv toshqinlari hamda koʻchki xavfi yuqori togʻli va togʻoldi hududlaridagi aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida mazkur hududlarda yashovchi 26 ta xoʻjalik obyekti va 164 nafar fuqaro 2023-yilda xavfsiz joylarga koʻchirilgan.
Shuningdek tabiiy ofatlar xavfi mavjud hududlarda roʻy berishi ehtimoli boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va zararini kamaytirish yuzasidan xavf manbai yuqori hududlarda kirgʻoqlarni mustahkamlash, sel yoʻllari va daryo oʻzanlarini tozalash boʻyicha oʻtkazilgan tadbirlar natijasida 2023-yilda 19 ta xoʻjalik obyekti va 116 nafar fuqaroning hayotiga nisbatan xavf bartaraf etilgan.
Bugungi kunda aholini favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabar berish va xabardor qilishning respublika, mahalliy, lokal va obyekt darajalaridagi avtomatlashtirilgan tizimini yaratish choralari koʻrilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiradigan davlat organlari oʻrtasida muntazam axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning monitoringi, tahlili va prognozi asosida ularning oldini olish, zararini kamaytirish borasidagi kompleks profilaktik tadbirlar hamkorlikda amalga oshirib borilmoqda.
Ushbu profilaktika tadbirlarini oʻtkazishda asosiy eʼtibor mavsumiy favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha oylik tadbirlarni tashkil etish, aholi koʻp toʻplanadigan va xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlarda davlat nazorati tadbirlarini amalga oshirish hamda ommaviy axborot vositalarini keng jalb etgan holda aholining turli qatlamlari oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan.
Natijada 2023-yilda 87 ta favqulodda vaziyat (60 tasi yoki 69 foizi texnogen, 27 tasi yoki 31 foizi tabiiy xususiyatli) roʻy bergan boʻlib, 2022-yilga nisbatan 44 taga (34 foizga) kamaygan.
Sohada amalga oshirilgan ijobiy oʻzgarishlar bilan bir qatorda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi faoliyati samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud.
Xususan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tadbirlariga jalb etilayotgan qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining moddiy-texnika taʼminoti talab darajasida emas.
Shuningdek davlat kadastrlarini yuritish, qurilish va uy-joy kommunal, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, avtomobil yoʻllari, sanoat xavfsizligi kabi sohalarda favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, xavfli tabiiy, texnogen va ekologik jarayonlarning rivojlanish ehtimolini, xususiyatlari hamda koʻlamini oldindan prognoz qilish ishlari tizimli ravishda tashkil etilmagan.
Bugungi kunda ayrim davlat organlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi doirasida bajariladigan vazifalar, shuningdek roʻy berishi ehtimoli boʻlgan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari toʻliq yaratilmagan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida tegishli pul mablagʻlari ajratilmaganligi bois 13 522 ta obyektdan 11 175 tasida favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabar berish tizimi yaratilmagan.
Bundan tashqari respublikadagi 783 ta obyektda favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida aholiga xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimi mahalliy xabar berish tizimlariga integratsiya qilinmagan, shuningdek respublika hududi mahalliy darajadagi xabar berish tizimining terminal komplekslari va oxirgi qurilmalar bilan toʻliq qamrab olinmagan.
Keyingi vaqtlarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlari va xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlar yaqinida turar-joylar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish holatlari uchrayotganligi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarida favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelmoqda, shuningdek favqulodda vaziyatlar roʻy berganda ularni bartaraf etishda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Bugungi kunda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari samaradorligini oshirish uchun ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqotlarni va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A. Kuldashevning “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga:
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiradigan tashkilotlarning hamkorligini tashkil etish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi orqali aholini favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida ishonchli va tezkor maʼlumotlar bilan taʼminlash borasida belgilangan vazifalarning ijrosini doimiy nazorat qilib borish;
respublika darajasidagi va mahalliy darajadagi xabar berish tizimlari hamda ularning terminal komplekslari tayyorligini muntazam ravishda tekshirib borish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish;
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi faoliyatidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
aholini, Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiradigan davlat organlarining mansabdor shaxslarini, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini, shuningdek fuqaro muhofazasi tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash borasidagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish;
barcha darajalardagi xabar berish tizimlarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar hamda ushbu tizimlarning tayyorgarlik holati yuzasidan Hukumatga muntazam axborot kiritib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining, shuningdek fuqaro muhofazasi tuzilmalarining asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar, maxsus kiyim-bosh va boshqa vositalar bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish choralarini koʻrish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar davlat zaxiralarining toʻliq yaratilishini taʼminlash hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy nazorat qilib borish;
favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimini terminal kompleksi hamda oxirgi qurilmalar bilan toʻliq taʼminlash choralarini koʻrish;
respublika hududida barcha mahalliy darajadagi xabar berish tizimlarini respublika darajasidagi xabar berish tizimlari bilan toʻliq integratsiya qilish choralarini koʻrish;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarida va xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish;
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi faoliyati samaradorligini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha olib borilayotgan tadbirlar yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan 2024-yilning 1-oktabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining raisi E. Salixov zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-iyul,
4531-IV-son