Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun har tomonlama imkoniyatlar yaratish va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularni qishloq xoʻjaligi sohasiga jalb etish orqali bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosini tashkil etuvchi qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida ularga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 5-apreldagi PQ-153-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
“mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan yoshlarga mini-texnika, urugʻ va koʻchat xarid qilish uchun Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 33 mln soʻmgacha kreditlar ajratish;
“mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan hamda yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn-auksion savdo gʻolibi boʻlgan yoshlarga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda dehqonchilik va tomorqa xoʻjaligini yuritish bilan shugʻullanayotgan yoshlarga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mini-texnika, urugʻ va koʻchat xarid qilish uchun 5 mln soʻmdan subsidiya ajratish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-avgust,
479-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-avgustdagi 479-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-iyundagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 17-bandida:
a) quyidagi mazmundagi yigirma ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan hamda elektron onlayn-auksion savdolari orqali dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer maydonlarini ijaraga olgan yoshlarga tijorat banklari orqali mini-texnika, urugʻ va koʻchat xarid qilish uchun 33 mln soʻmgacha kredit ajratishga”;
b) yigirma ikkinchi — yigirma yettinchi xatboshilar tegishlicha yigirma uchinchi — yigirma sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 400-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandida:
a) quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan hamda elektron onlayn-auksion savdolari orqali dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer maydonlarini ijaraga olgan yoshlarga mini-texnika, urugʻ va koʻchat xarid qilish uchun bir yillik kafillik taqdim etish”;
b) toʻqqizinchi — oʻttizinchi xatboshilar tegishlicha oʻninchi — oʻttiz birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori bilan tasdiqlangan Boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 28-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn-auksion savdolari gʻoliblariga ularning tanloviga koʻra yer uchastkasi narxini uch yil muddatda, elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi boʻlgan “Temir daftar”, va “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga, “mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan yoshlarga 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi”.
4. Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-iyundagi 312-son qarorida:
a) 1-ilovaning 8-bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik va tomorqa xoʻjaligini yuritish bilan shugʻullanayotgan yoshlarga mini-texnika, urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun 5 mln soʻm miqdorda subsidiya ajratishga”;
b) 2-ilovada:
3-bobning 4-paragrafi nomi “urugʻlik va koʻchatlar” soʻzlaridan oldin “mini-texnika,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik va tomorqa xoʻjaligini yuritish bilan shugʻullanayotgan, shu jumladan, elektron onlayn-auksion savdolari orqali yer maydonini olgan yoshlarga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobida mini-texnika, urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun 5 mln soʻmdan ushbu Nizomga 5-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq subsidiya ajratiladi”;
toʻrtinchi xatboshi “urugʻlik va koʻchatlarni” soʻzlaridan oldin “mini-texnika,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
24-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari “urugʻlik va koʻchatlar” soʻzlaridan oldin “mini-texnika” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
1-ilovaning 4-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
“ |
|||||
|
4. |
Dehqonchilik va tomorqa xoʻjaligini yuritish bilan shugʻullanayotgan yoshlarga mini-texnika, urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish. |
5 mln soʻm |
Yoshlar daftari jamgʻarmasi |
Vasiylik kengashi |
Hokim yordamchisi |
|
”; |
nomi hamda izoh qismi “urugʻlik va koʻchatlar” soʻzlaridan oldin “mini-texnika,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
“1-bosqich” va “4-bosqich” pozitsiyalarining “Tadbirlar” ustunidagi “Urugʻlik va koʻchatlar” soʻzlari “Mini-texnika, urugʻlik va koʻchatlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“3-bosqich” pozitsiyasining “Tadbirlar” ustuni “urugʻlik va koʻchatlar” soʻzlaridan oldin “mini-texnika sotib olish,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2024-y., 09/24/479/0579-son)