Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
Buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (16-sonli BHMS) “Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar va nazarda tutilmagan holatlar”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 31-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3539]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (16-sonli BHMS) “Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar va nazarda tutilmagan holatlar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1998-yil 30-oktabrda 57-son bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti 16-son BHMS “Buxgalteriya balansi tuzilgan sanadan keyingi xoʻjalik faoliyatining nazarda tutilmagan holatlari va yuz beradigan hodisalari” (roʻyxat raqami 578, 1998-yil 23-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ hujjatlari axborotnomasi, 1999-yil, 6-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
139-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 139-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobi milliy standarti (16-sonli BHMS) “Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar va nazarda tutilmagan holatlar”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (16-sonli BHMS) “Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar va nazarda tutilmagan holatlar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
2. Mazkur Standart budjet, banklar va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tomonidan nazarda tutilmagan holatlar hamda buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalarni buxgalteriya hisobida hisobga olish va yoritib berish uchun qoʻllaniladi.
3. Nazarda tutilmagan holatlarning yuz berishiga olib keladigan quyidagi hodisalar mazkur Standartning amal qilish sohasiga kirmaydi:
sugʻurta kompaniyasining hayotni sugʻurta qilish boʻyicha berilgan sugʻurta polislari boʻyicha yuzaga keladigan majburiyatlari;
moliyaviy ijara (lizing) shartnomalari boʻyicha yuzaga keladigan majburiyatlar;
soliq stavkalari yoki soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar.
4. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
nazarda tutilmagan holatlar — bu shunday vaziyatki, uning yakuniy natijasi (foyda yoki zarar) kelgusida bitta yoki bir nechta noaniq hodisalarning sodir boʻlishiga qarab tasdiqlanadi. Bunda, buxgalteriya balansi tuzilganidan keyin noaniq hodisalarning sodir boʻlishi natijasida tashkilot foyda oladi yoki zarar koʻradi.
buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar — bu buxgalteriya balansini tuzish sanasi bilan moliyaviy hisobotni eʼlon qilish uchun tasdiqlash sanasi oʻrtasidagi davrda yuz beradigan tashkilotga ijobiy va salbiy taʼsir koʻrsatadigan hodisalardir.
5. Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar quyidagi turlarga boʻlinadi:
buxgalteriya balansini tuzish sanasida mavjud boʻlgan va kelgusida yuz beradigan hodisalar;
buxgalteriya balansini tuzish sanasida (sanasidan keyin) mavjud boʻlmagan va kelgusida yuz beradigan hodisalar.
2-bob. Nazarda tutilmagan holatlar
6. Nazarda tutilmagan holatlar moliyaviy hisobotda hisoblash prinsipiga muvofiq aks ettiriladi.
7. Nazarda tutilmagan holatlar moliyaviy hisobotlarda quyidagicha koʻrsatilishi mumkin:
miqdori boʻyicha;
umumiy tavsifi boʻyicha.
8. Nazarda tutilmagan holatlarning oqibatlari va moliyaviy taʼsirini baholash tashkilot rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu baholash moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish uchun tasdiqlash paytida amalga oshiriladi.
3-bob. Nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha foyda va zararlar hisobi
9. Nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha foyda moliyaviy hisobotlarda daromad sifatida koʻrsatilmasligi kerak (foyda olish ehtimoli yuqori boʻlgan vaziyatlar bundan mustasno). Foyda olish ehtimoli yuqori boʻlgan vaziyatlarda bunday foyda nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha foyda deb hisoblanmaydi va u moliyaviy hisobotlarda tan olinadi.
10. Nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha zararlar hisobi nazarda tutilmagan holatlar natijalariga koʻra olib boriladi. Agar nazarda tutilmagan holat tashkilotni zarar koʻrishga olib kelishi ehtimoli mavjud boʻlsa, bunday zararni moliyaviy hisobotlarda aks ettirish maqsadga muvofiqdir.
11. Nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha zararlar miqdori moliyaviy hisobotda majburiyat sifatida koʻrib chiqilishi kerak, agar:
buxgalteriya balansini tuzish sanasida kelgusidagi hodisalar natijasida aktivlar qiymatini pasaytirib yuborish ehtimoli boʻlsa;
kelgusida koʻriladigan zararlar qiymatini (bahosini) aniqlash imkoniyati mavjud boʻlsa.
12. Nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha zararlarning mavjudligi mazkur Standartning 11-bandiga muvofiq aks ettirilishi bilan birga moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib berilishi kerak, bundan zarar koʻrish ehtimoli kam boʻlgan holatlar mustasno.
13. Ishlab chiqarish faoliyatida umumiy yoki nomuayyan xatarlar uchun hisoblangan summalar nazarda tutilmagan holatlar hisoblanmaydi va buxgalteriya balansini tuzish sanasida nazarda tutilmagan holatlar sifatida tan olinmaydi.
14. Nazarda tutilmagan holatlar soliqqa tortishga hamda davrga taalluqli boʻlgan, moliyaviy hisobotda aks ettirilgan va balansni tuzish sanasidan keyin moliyaviy hisobotlar tasdiqlangunigacha taklif etilgan yoki eʼlon qilingan dividendlarga taʼsir oʻtkazgan xollarda, moliyaviy hisobotga tuzatishlar kiritilishi yoki moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib berilishi kerak.
4-bob. Nazarda tutilmagan holatlarni baholash va yoritib berish
15. Moliyaviy hisobotlarda koʻrsatiladigan nazarda tutilmagan holatlar summasi moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish uchun tasdiqlash sanasida baholanadi. Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz beradigan va aktivlar qiymatini kamaytiradigan yoki majburiyatlarni yuzaga keltiradigan hodisalar nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha moliyaviy hisobotlarda hisobga olinishi kerak.
16. Agar nazarda tutilmagan holatlarning vujudga kelish ehtimolini hosil qiladigan vaziyat shunga oʻxshash koʻplab vaziyatlar bilan bir xil boʻlsa, ayrim nazarda tutilmagan holatlarning ahamiyatini aks ettiruvchi summa shunday vaziyatlar guruhida koʻrsatiladi (masalan, sotilgan tovarlar boʻyicha kafolatlar, shubhali debitorlik qarzlari).
17. Agar nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha zarar moliyaviy hisobotda tan olinmasa, uning moliyaviy taʼsiri mohiyati va bahosi moliyaviy hisobotga izohlarda yoritib beriladi, zarar koʻrish ehtimoli kam boʻlgan hollar bundan mustasno.
18. Nazarda tutilmagan holatlarni yoritib berish zaruriyati boʻlganda, quyidagi maʼlumotlar yoritib berilishi kerak:
nazarda tutilmagan holatlarning mohiyati;
kelgusidagi natijalarga taʼsir etishi mumkin boʻlgan noaniq hodisalar;
moliyaviy taʼsirni baholash yoki bunday baholashni oʻtkazish mumkin emasligini isboti.
5-bob. Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar va yoritib berish
19. Buxgalteriya balansini tuzish sanasi bilan moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish uchun tasdiqlash sanasi oʻrtasida yuz beradigan hodisalar aktivlarga va majburiyatlarga tuzatishlar kiritish zaruratini yoki ularni yoritib berish zaruratini koʻrsatishi mumkin.
20. Aktivlar va majburiyatlar qiymati buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz bergan, tashkilotga nisbatan faoliyatning uzluksizligi prinsipi amal qilmay qolganligini, yaʼni tashkilot toʻlovga qobiliyatsiz boʻlganligini koʻrsatuvchi hodisalar boʻyicha tuzatilishi kerak.
21. Aktivlar va majburiyatlarga tuzatishlar buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan, buxgalteriya balansini tuzish sanasida miqdorlarni aniqlash uchun qoʻshimcha maʼlumotni taʼminlaydigan hodisalar boʻyicha amalga oshiriladi. Masalan, buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan mijozning toʻlovga qobiliyatsizligini tasdiqlaydigan qarz boʻyicha zararlarga tuzatish kiritish mumkin.
22. Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan xoʻjalik faoliyatidagi hodisalar tashkilotning faoliyatning uzluksizligi prinsipiga mos kelmay qolishini koʻrsatishi mumkin. Bunda, tashkilotning buxgalteriya balansi moliyaviy holat yomonlashganligini koʻrsatadi va moliyaviy hisobotni eʼlon qilish uchun tasdiqlashda faoliyatning uzluksizligi prinsipiga muvofiqligi masalasi koʻrib chiqiladi.
23. Agar buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan hodisalar moliyaviy hisobotni tuzish sanasida aktivlar va majburiyatlarga taʼsir oʻtkazmagan, ammo ular muhim ahamiyat kasb etgan boʻlsa, bunday maʼlumotni yoritib bermaslik moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilarning qarorlarini tahlil etishi va qabul qilishiga taʼsir etishi mumkin. Bunday holatlarda ushbu hodisalarning mohiyati moliyaviy hisobotga izohlarda yoritib beriladi.
24. Agar buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan xoʻjalik faoliyatidagi hodisalarni yoritib berish talab etiladigan boʻlsa, quyidagi maʼlumot taqdim etilishi kerak:
operatsiyaning mohiyati;
moliyaviy taʼsirga baho berish yoki bunday baholashni oʻtkazish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 10/24/3539/0572)