Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Navoiy viloyatining Nurota tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. LTD” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Investor) “Navoiy viloyatining Nurota tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) doirasida 2024-yil 22yanvarda investitsiya shartnomasini (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya shartnomasi) imzolaganligi hamda unga muvofiq Investor:
investitsiya loyihasini amalga oshirishning butun davri mobaynida Navoiy viloyatining Nurota tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni oʻz zimmasiga olgan holda, dastlabki baholash boʻyicha jami 390 mln AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi;
b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Investor oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasida 2024-yil 22-yanvarda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida bitim (keyingi oʻrinlarda — Bitim) imzolanganligi hamda unga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
Investor ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini olishi;
Keyingi tahrirga qarang.
Investor qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 10,8 mln AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Investor oʻrtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi tasdiqlansin;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Investor oʻrtasida tuzilgan Bitim maʼqullansin.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Investor tomonidan investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda Investor huquqini investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish haqida bitimlar tuzish huquqi berilsin.
4. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga:
Investor bilan birgalikda Bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan holda jalb qilishga;
Investor tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olish majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Investor foydasiga xorijiy bankning chet el valyutasida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning akkreditiv ochadigan xorijiy bank oldidagi toʻlov majburiyatlari Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kafolati orqali bajarilgan taqdirda, mazkur bank bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi ushbu bank xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
6. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investorga barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda, investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
kredit olish, chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.
7. Navoiy viloyati hokimligi:
Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Investor bilan birgalikda uch oy muddatda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Navoiy viloyatining Nurota tumani hududida shamol elektr stansiyasini va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur yer uchastkalarini tanlab olsin va ularning chegaralariga aniqlik kiritib, Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritsin;
Investor tomonidan taqdim etiladigan loyiha hujjatlari asosida tanlangan yer uchastkasini Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratsin.
Energetika vazirligi mazkur yer uchastkasi Investorga investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga ijaraga berilishini taʼminlasin.
Bunda, Investor tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtirilsin.
8. Belgilansinki, investitsiya loyihasini amalga oshirishda:
Energetika vazirligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik (toifasi oʻzgartirilganligi) uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovlaridan) ozod qilinadi;
shamol elektr stansiyasini qurish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari Bitimga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinadi;
elektr energiyasini sotib olishga sarflangan xarajatlar boʻyicha toʻlovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan qatʼiy tarif boʻyicha milliy valyutada amalga oshiriladi.
9. Investorning buyurtmanomasiga binoan investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Tashqi ishlar vazirligi — jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Ichki ishlar vazirligi — jalb qilinadigan pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini;
Keyingi tahrirga qarang.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlarning Investitsiya shartnomasi va Bitim doirasidagi majburiyatlari bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
11. Adliya vazirligi bir oy muddatda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya shartnomasi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
12. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-iyul,
PQ-276-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 07/24/276/0555-son; 19.12.2025-y., 07/25/379/1178-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)