Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRINI NEFT MAHSULOTLARI BILAN TAʼMINLAShNI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyundagi 444-sonli “Neft-gaz tarmogʻida litsenziyalash tartibotlarini qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznesni yuritishni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika isteʼmolchilarining neft mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻliq qondirish, aholini ular bilan taʼminlashda zarur tartib oʻrnatish va jismoniy shaxslar tomonidan neft mahsulotlarini noqonuniy sotish hollarini bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilansinki, 1998-yil 15-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar, shu jumladan xorijiy va qoʻshma korxonalar tomonidan neft mahsulotlarini sotishga doir faoliyat faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosida amalga oshiriladi.
(1-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-sentabrdagi 397-sonli qarori tahririda)
Maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega boʻlmagan yuridik shaxslar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan barcha turdagi neft mahsulotlarini sotish taqiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 236-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2002-y., 11-12-son, 97-modda)
Vazirlar Mahkamasi Neft mahsulotlarini sotishga litsenziya olish huquqiga ega boʻlish uchun hujjatlarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibini, shuningdek tomonlarning javobgarligi koʻrsatilgan litsenziyaning namunaviy shaklini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Toshkent shahrini neft mahsulotlari bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Neft mahsulotlarini sotishning belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasiga yuklansin.
3. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi:
Toshkent shahar avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalariga avtobenzinning ularning buyurtmasiga muvofiq har sutkada kafolatli yetkazib berilishini;
xususiylashtirilgan avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalariga avtobenzin, ularning quvvatidan kelib chiqqan holda, toʻliq miqdorda berilishini taʼminlasin.
4. Toshkent shahar hokimligi “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi bilan birgalikda avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalarining neft mahsulotlarini isteʼmolchilarga uzluksiz berilishini taʼminlaydigan ish tartibini oʻrnatsin, bunda shaharning eng serqatnov uchastkalarida, shu jumladan aylanma yoʻlda joylashgan avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalarining butun sutka davomida ishlashini nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalarining neft mahsulotlari sotishdan olingan har kungi tushumining oʻz vaqtida inkassatsiya qilinishini taʼminlasinlar, bunda xizmat xodimlarining tungi vaqtdagi xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor bersinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi neft mahsulotlarining oʻgʻirlanish yoʻllarini, ularning bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib oʻtilishi hollarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha muntazam ravishda qoʻshma tekshirishlar oʻtkazsinlar, neft mahsulotlarini sotish borasida noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishga doir qattiq choralar koʻrsinlar.
Avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalarini va ularga tutash hududlarni hamda uy-joy imoratlarini yongʻindan muhofaza qilishning ahvoli ustidan umumiy nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasi qonun hujjatlariga neft mahsulotlarini sotishga litsenziya berish va ularni sotish qoidalarini buzganlik uchun jazoni kuchaytirish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar tayyorlasinlar.
7. Bosh vazir Oʻ. T. Sultonov 3 kun muddatda maxsus attestatsiya komissiyasi tarkibi boʻyicha takliflar kiritsin va bir oy muddatda:
“Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi markaziy apparati rahbar xodimlarini, neft mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublika, viloyatlar va Toshkent shahar korxonalari va neft bazalari rahbarlarini, shuningdek avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalari rahbarlari va mutaxassislarini navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazsin;
aholini neft mahsulotlari bilan taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan qoida buzishlar va suiisteʼmolchiliklar uchun qonunchilikka muvofiq jinoiy ish qoʻzgʻash maqsadida materiallarni prokuratura organlariga berishgacha boʻlgan qattiq javobgarlik choralarini koʻrsin;
Toshkent shahrining neft mahsulotlarini xususiylashtirilgan avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalariga shartnoma asosida sotish boʻyicha tajribasini respublikaning boshqa mintaqalariga yoysin.
8. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-iyundagi 290-son qarorining 5, 6, 7-bandlari; ushbu qaror bilan tasdiqlangan Xususiylashtirilgan xususiy avtoyonilgʻi quyish shoxobchalarining ishlash tartibi toʻgʻrisida Vaqtinchalik nizom 2-bandining birinchi xatboshi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 10-iyundagi 215-son qarorining 5, 6-bandlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 20-martdagi 107-son qarorining 4-bandi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 7-sentabr,
382-son
Toshkent shahrini neft mahsulotlari bilan taʼminlash toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom avtomobil yonilgʻisini quyish shoxobchalari, moy almashtirish va avtoservis punktlari orqali neft mahsulotlarini sotish qoidalarini hamda avtomobil yonilgʻisini quyish shoxobchalari (AYQSh)ning ishlash tartibini belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Aholiga avtomobil benzini va dizel yonilgʻisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida faqat umumiy foydalanishdagi turgʻun va konteyner, shu jumladan xususiylashtirilgan AYQShlar orqali, texnik moylar va moylash materiallari esa moy almashtirish punktlari, ixtisoslashtirilgan avtoservis punktlari va avtodoʻkonlar orqali sotiladi.
(1-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-sentabrdagi 397-sonli qarori tahririda)
Toshkent shahar hokimligi AYQShlar tomonidan sanitariya, ekologiya, yongʻinga qarshi meʼyorlar va savdo qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlaydi va toʻliq javob beradi. Bu meʼyorlar va qoidalar buzilgan taqdirda litsenziyalar olib qoʻyiladi.
2. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xususiylashtirilgan AYQShlarga neft mahsulotlarini yetkazib berish Toshkent shahar neft mahsulotlari bilan taʼminlash korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Toshshaharneftmahsulot” korxonasi deb ataladi) bilan neft mahsulotlarini sotish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs oʻrtasidagi, neft mahsulotlarini yetkazib berish va sotish, ular uchun oʻzaro hisob-kitob shartlarini va tomonlarning javobgarligini nazarda tutuvchi Namunaviy shartnoma (ilova qilinadi) asosida amalga oshiriladi.
“Toshshaharneftmahsulot” korxonasi AYQShlarning buyurtmanomalari oʻz vaqtida va uzluksiz ravishda qondirilishi uchun toʻliq javob beradi.
Namunaviy shartnoma qoidalari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha xususiylashtirilgan AYQShlarga tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sotilayotgan neft mahsulotlari sifati belgilangan davlat standartlariga va texnik shartlarga javob berishi kerak.
II. Neft mahsulotlari bilan taʼminlash
4. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi neft mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda “Toshshaharneftmahsulot” korxonasiga bozor fondini ajratadi.
5. Ajratilgan bozor fondi AYQShlar, shu jumladan xususiylashtirilgan AYQShlar boʻyicha ularning ehtiyojlari va quvvatlarini hisobga olgan holda “Toshshaharneftmahsulot” korxonasi tomonidan taqsimlanadi va tasdiqlanadi.
6. “Toshshaharneftmahsulot” korxonasi tomonidan AYQShlar boʻyicha tasdiqlangan neft mahsulotlari bozor fondi ularni yetkazib berishni taʼminlash uchun neftbazalarga yetkaziladi.
7. Neftbazalar tasdiqlangan bozor fondi doirasida ehtiyojni hisobga olgan holda neft mahsulotlarini AYQShlarga har kecha-kunduz yetkazib berilishini taʼminlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
8. AYQShlarga neft mahsulotlari “Toshshaharneftmahsulot” korxonasining ixtisoslashtirilgan avtomobil transportida tamgʻalangan sisternalarda yetkazib beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Ayoqshlarda neft mahsulotlarini qabul qilish va sotish, shoxobchalarning ishlash tartibi
9. AYQShga tushadigan hamma neft mahsulotlari majburiy ravishdagi sifat pasporti bilan tovar-transport yukxati boʻyicha qabul qilinadi.
10. Tovar-transport yukxatida koʻrsatilgan miqdor bilan amalda qabul qilingan neft mahsulotlari miqdori oʻrtasida farq boʻlmagan taqdirda operator qabul qilingan yukxatini imzolaydi, uning bir nusxasini AYQShda qoldiradi, uch nusxasini esa neft mahsulotlarini yetkazib kelgan haydovchiga qaytaradi.
11. Kelib tushgan neft mahsulotlari miqdori tovar-transport yukxati bilan toʻgʻri kelmagan taqdirda kamomad yuzasidan belgilangan shakl boʻyicha dalolatnoma tuziladi va belgilangan tartibda neftbazaga taqdim etiladi. Neft mahsulotlarining kamomadi toʻgʻrisida tovar-transport yukxatining barcha nusxalariga tegishlicha belgi qoʻyiladi.
12. Neft mahsulotlarining AYQShga kelib tushishi va kirim qilinishini nazorat qilish uchun belgilangan shakldagi kelib tushgan neft mahsulotlarini hisobga olish daftari yuritiladi.
Hisob daftarining betlari raqamlanadi va muhr bilan tasdiqlanadi. Daftardagi varaqlar soni korxona rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Neft mahsulotlari nazorat-kassa mashinalarini majburan qoʻllagan holda naqd pulga sotiladi, shuningdek belgilangan tartibda tijorat banklarining soʻmlardagi elektron kartochkalari yoki tarqatish vedomostlari boʻyicha beriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 8-fevraldagi 59-sonli qarori tahririda)
14. Har bir AYQShning ishlash tartibi, kecha-kunduz ishlovchi AYQShlarni belgilangan holda, Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadi.
IV. Ayoqshlardan texnik foydalanish
15. AYQShlarning oʻlchov vositalari bilan jihozlanishi, texnika xizmati koʻrsatish, foydalanish tartibi, ularni saqlash va tejash, shuningdek xizmat koʻrsatish madaniyati amaldagi qoidalarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
AYQSh tegishli javonlar, reklama taxtalari, koʻrgazmali tashviqot vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak. AYQSh hududidagi beton va asfalt qoplamalari va avtomobil yoʻlidan kirish yoʻlaklari nuqsonsiz boʻlishi kerak. AYQSh uchun maydonchalar tekis boʻlishi va avtomashinalarning kolonnalar va quyish moslamalari yoniga bemalol kelishini taʼminlashi kerak. AYQSh binolari, inshootlari, maydonchalari, shuningdek unga tutashgan hududlar sanitariya-maishiy, estetik, yongʻinga qarshi va ekologik talablarga javob berishi kerak.
AYQShda foydalaniladigan asbob-uskunalar va avtomatik ravishda quyish texnikasi tegishli meʼyorlarga javob berishi va atrof muhitni ifloslantirmasligi kerak.
16. AYQSh hududlari qorongʻi paytlarda tegishli meʼyorlarga muvofiq yoritilishi kerak. Asosiy eʼtibor neft mahsulotlarini toʻldirish va quyish joylarining yoritilishiga qaratilishi zarur.
17. AYQSh telefon va ovozni kuchaytiradigan aloqa va qoʻriqlash signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
18. AYQSh xodimlari “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi korxonalari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq tayyorlov, qayta tayyorlov, malaka oshirish, texnika va yongʻin xavfsizligi boʻyicha bilim tekshiruvidan oʻtishi shart. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasining tegishli guvohnomasi mavjud boʻlgandagina ishlashga ruxsat etiladi.
V. Ayoqshda hisob va hisobot
19. Har bir smena tugagandan soʻng schyotchiklarning jamlama koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadigan smena davomida neft mahsulotlarining kelib tushganligi va sotilgan neft mahsulotlarining miqdori, smena boshlanishidagi neft mahsulotlarining qoldigʻi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda belgilangan shakl boʻyicha smena hisoboti tuziladi.
20. Rezervuarlarda qolgan neft mahsulotlarining qoldigʻini oʻlchash asosida smena oxiriga kelib neft mahsulotlarining haqiqiy qoldigʻi aniqlanadi, bu hisobotning tegishli ustunida aks ettiriladi.
21. Smenani qabul qilishda va topshirishda namunaviy oʻlchagichlar yordamida har bir yonilgʻi tarqatuvchi kolonkaning amaldagi oʻlchov xatolari foizlarda va litrlarda aniqlanadi va smena hisobotida aks ettiriladi.
22. Smena hisoboti ikki nusxada tuziladi va smenani topshiruvchi va qabul qiluvchi operatorlar tomonidan imzolanadi.
Hisobotning birinchi nusxasi tovar-transport yukxati, neft mahsulotlarini qabul qilish dalolatnomalari, naqd pullar topshirilishini tasdiqlovchi hujjatlar bilan smenani topshiruvchi operator tomonidan tilxat bilan korxona buxgalteriyasiga beriladi, ikkinchi nusxasi esa AYQShda smena hisoboti kitobida qoladi va smenalar operatorlari uchun nazorat nusxasi hisoblanadi.
23. Har bir AYQShda neft mahsulotlarini hisobga olish va oʻlchovlarning haqqoniyligini va birligini taʼminlash, shuningdek ularning sifatini nazorat qilish uchun “Oʻzdavstandart” markazi tomonidan qoʻllashga ruxsat etilgan va Davlat metrologiya xizmatining tamgʻasiga yoki tekshirish guvohnomasiga ega boʻlgan zarur asbob-uskunalar va oʻlchov vositalari boʻlishi kerak.
24. Har bir AYQShda neft mahsulotlarini xatlash belgilangan tartibda, bir oyda kamida bir marta oʻtkazilishi kerak.
25. Xatlash majburiy tartibda quyidagi hollarda ham oʻtkaziladi:
ishni qabul qilish - topshirish kunida — moddiy javobgar shaxslar almashgan taqdirda;
oʻmarish, talon-taroj, oʻgʻirlik yoki suiisteʼmol qilish, shuningdek buzilish faktlari aniqlanganda — bunday faktlar aniqlanganda darhol;
yongʻin yoki tabiiy ofatlar (suv bosishi, zilzila va boshqalar)dan keyin — yongʻin yoki tabiiy ofat tugashi bilan darhol.
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-sentabrdagi 397-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)