Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevning javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayev tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga:
mehnat migratsiyasi yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish;
xorijda ishlash istagida boʻlgan, lekin kasbiy malakaga ega boʻlmagan yoki chet tilini bilmaydigan fuqarolarni kasbga tayyorlash, ularning bilim va koʻnikmalarini oshirish borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish;
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanish hamda ularning maqsadli sarflanishi boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilash;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan ularning bandligini taʼminlash, kasbiy malakasini oshirish hamda ularga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar yuzasidan tegishli vazirliklar va tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi yozma javobda qayd etilgan parlament soʻrovini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan 2024-yilning 30-sentabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
4489-IV-son