Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Nogironlikni belgilashning samarali mexanizmlarini joriy etish, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimini takomillashtirish hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
nogironlikni erta aniqlash va oldini olishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami mutaxassislarining masʼuliyatini oshirish;
nogironlikni belgilash jarayonlarining shaffofligini oshirish orqali sohadagi byurokratik toʻsiqlar va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish;
shaxslarning kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini (keyingi oʻrinlarda — funksionalligi) baholash natijalarini inobatga olgan holda nogironlikni belgilash tizimini joriy etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot sifatini yaxshilash hamda ijtimoiylashtirish uchun ularning ehtiyojlarini toʻgʻri va oʻz vaqtida aniqlash.
2. Nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida, 2025-yil 1-iyulga qadar respublikaning qolgan hududlarida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida:
(2-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — TIEK) koʻrigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yoʻllash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi. Bunda vrachlik-maslahat komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — VMK) oilaviy shifokorlar tomonidan tibbiy hujjatlar oʻz vaqtida toʻgʻri rasmiylashtirilgan holda yuborilishiga uslubiy koʻmaklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazlari) xodimlari tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti nogironlikni baholash shkalasining mahalliy xususiyatlar va shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2026-yil 1-yanvarga qadar nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;
(2-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Keyingi tahrirga qarang.
shaxs sogʻligʻining holatiga koʻra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega boʻlmaganda sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi;
b) 2024-yil 1-oktabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) 2025-yil 1-apreldan boshlab fuqarolarni TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun lozim boʻlgan amaldagi davolanish muddatlari boʻyicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi;
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v1) 2025-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025-yil 1-oktabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida bosqichma-bosqich shaxslarga nogironlikni belgilashda shaxsning klinik-funksional buzilishlarining tavsifidan kelib chiqib nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid maʼlumotlar, shuningdek, har bir kasallikning kechishi va turi boʻyicha fuqarolarni TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun lozim boʻlgan muddatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida real vaqt rejimida avtomatik ravishda shakllantiriladi;
v2) 2025-yil 1-iyundan boshlab TIEK tomonidan kasbga, sportga va taʼlimga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi va TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga oʻtkazilishi orqali tugatiladi;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan “v1” va “v2” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) 2026-yil 1-yanvardan boshlab tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
(2-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Keyingi tahrirga qarang.
shaxs sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash natijalari oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda nogironlikni belgilash yoki rad etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri TIEKlari tomonidan amalga oshiriladi;
fuqarolarga birinchi marotaba nogironlik belgilangandan soʻng “Inson” markazlari tomonidan ularni taʼlim va kasbga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash, sportga jalb etish hamda psixologik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish rejalari ishlab chiqiladi va ijrosi monitoring qilib boriladi.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi tashkilotlarning shtat birliklari hisobidan:
a) nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy xizmatlar koʻrsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish boʻyicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy etilsin. Bunda vazir maslahatchisini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish Agentlik direktori bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
b) asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan 3 ta shtat birligidan iborat shoʻba tashkil etilsin:
nogironlikning oldini olish tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
nogironlikni belgilash maqsadida shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborish jarayonini muvofiqlashtirish;
VMK va oilaviy shifokorlar malakasi oshirilishini tashkil etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
oilaviy shifokorlar tomonidan TIEK koʻrigi uchun tibbiy hujjatlarni yuborish jarayonini raqamlashtirish va tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish jarayonini muvofiqlashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy xizmatlar, jumladan tibbiy reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini muvofiqlashtirish.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) 2024-yil 15-avgustga qadar:
Navoiy viloyati va Toshkent shahrida fuqarolarning tibbiy hujjatlari TIEKga oʻz vaqtida va elektron shaklda yoʻllanishi uchun oilaviy shifokorlarni zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlasin hamda ularning malakasini oshirish maqsadida ishdan ajralmagan holda qisqa muddatli oʻqitish choralarini koʻrsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda TIEK koʻrigidan oʻtish uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini, shuningdek, mehnatga layoqatsizlik varaqalari haqidagi maʼlumotlarni elektron tarzda yuborish uchun zarur axborot tizimlari hamda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi oʻrtasida “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali axborot almashinuvini yoʻlga qoʻysin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2025-yil 1-martga qadar Agentlik bilan birgalikda fuqarolarni TIEK koʻrigiga yoʻllashdan oldin kasalliklar boʻyicha davolanish lozim boʻlgan muddatlar har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanishini taʼminlasin;
(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b1) mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq:
shaxslarga nogironlikni belgilashda inobatga olinadigan tibbiy mezonlarni qayta koʻrib chiqib, nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid maʼlumotlar, shuningdek, har bir kasallikning kechishi va turi boʻyicha fuqarolarni TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun lozim boʻlgan muddatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida real vaqt rejimida avtomatik ravishda shakllantirib borilishini taʼminlasin;
vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish, nogironligi boʻlgan shaxslarning maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilash tartibini ishlab chiqsin;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan “b1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
v) 2025-yil 1-apreldan boshlab:
nogironlikni belgilashning yangi tartibi boʻyicha TIEK mutaxassislarining malakasini oshirish choralarini koʻrsin;
fuqarolarning tibbiy hujjatlarini TIEKga oʻz vaqtida va sifatli yoʻllash natijalaridan kelib chiqib oilaviy shifokorlarni ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish tizimini yoʻlga qoʻysin.
5. Agentlik, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2024-yil 1-oktabrdan boshlab:
Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan TIEK xodimlarini ular faoliyati samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlari (KPI) bajarilishidan kelib chiqib ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarning vazifalari va shtat birliklarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlarga oʻtkazgan holda tugatish;
tugatilayotgan ixtisoslashtirilgan TIEKlarning shtat birliklari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlarga pediatr, psixiatr, ftiziatr shtatlarini ajratish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2025-yil 1-oktabrdan boshlab:
(5-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-17-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) va tumanlararo TIEKlarni uch nafar vrach-ekspertdan iborat tarkibda shakllantirish;
(5-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-17-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son)
Agentlik tizimi tashkilotlari shtat birliklari doirasida Agentlik markaziy apparatida yuridik shaxs tashkil etmagan holda TIEKlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha alohida tarkibiy boʻlinma tashkil etish.
6. 2025-yil 1-aprelga qadar quyidagi vazirlik va idoralar nogironligi boʻlgan shaxslarning nogironlik toifasi va yoshidan kelib chiqib ularni kasbga, taʼlimga va sportga yoʻnaltirish tartibini ishlab chiqish uchun masʼul etib belgilansin:
Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi — tarbiya va taʼlimga yoʻnaltirish boʻyicha;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi — kasbga tayyorlash va yoʻnaltirish boʻyicha;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — bandlikni taʼminlash boʻyicha;
Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi — ommaviy sport va parasportga yoʻnaltirish boʻyicha.
7. Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash (M. Olloyorov) mazkur qarorda belgilangan vazifalar yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarning hisobotlarini eshitib, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib borsin.
8. Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
Belgilansinki, mazkur qarorga 2-ilovaning 1-bandi, 3-bandining “b” kichik bandi 2024-yil 1-oktabrdan boshlab kuchga kiradi.
10. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda shaxs funksionalligini aniqlash tartibini belgilashga qaratilgan Hukumat qarori loyihasini;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni;
2025-yil 1-sentabrga qadar bola sogʻligʻining holati va funksionalligini aniqlash natijalaridan kelib chiqib nogironlikni belgilash tartibini joriy etishga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-iyul,
PQ-257-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi PQ-257-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirishga doir
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi PQ-257-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-noyabrdagi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-22-son qarorida:
b) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida qoʻshimcha ravishda bittadan tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etilsin”;
v) 7-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 12-banddan “yangi tashkil etilayotgan pediatriya va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
d) ilovaning 14-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-230-son qarorining 2-bandida:
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-fevraldagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-74-son qarorida:
a) 2-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 7-banddan “pediatriya” soʻzi chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-319-son qarori 2-ilovasi 14-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “nogironlikni baholash va aniqlashning tibbiy modelidan ijtimoiy modeliga” soʻzlari “shaxsning funksionalligini baholash natijalaridan kelib chiqib nogironlik belgilash tizimiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 07/24/257/0511-son; 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son; 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son; 22.08.2025-y., 07/25/254/0763-son; 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)