Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 10-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1834-11]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2008-yil 3-maydagi 11/5-son qarori (roʻyxat raqami 1834, 2008-yil 11-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 28-son, 276-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
17/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 14-iyundagi 17/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 5-bandning yigirma ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yakuniy nazorat — amaliyot kun tugagandan soʻng, keyingi bank ish kunidan kechikmagan holda bankda amalga oshirilgan barcha bank operatsiyalarini (avtomatlashtirilgan tarzda dasturda hisoblash orqali shakllangan toʻlov hujjatlari hamda bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bundan mustasno) buxgalteriya hisobida toʻgʻri aks ettirilganligini, shu jumladan birlamchi hujjatlar asosida oʻtkazilganligini tekshirish maqsadida amalga oshiriladigan nazorat.”.
2. 13-bandning uchinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
3. 36-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“36. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi va ularga qarashli muassasalarning toʻlov topshiriqnomalari va cheklarida toʻlovlar maqsadi koʻrsatilishi talab qilinmaydi.”.
4. 105-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“16561 — Ombordagi asosiy vositalar” va “19921 — Ombordagi kam baholi va tez eskiruvchi buyumlar hamda boshqa qimmatliklar” hisobvaraqlarida hisobga olinadigan moddiy qimmatliklar elektron shakldagi talabnomalar asosida ombordan chiqarilganda, elektron shakldagi talabnomalar boʻyicha hujjatlar aylanmasi bankning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.”.
5. 146-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. 150-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“150. Tuzatish orderlari, agar mijozlarga bitta bank filiali xizmat koʻrsatsa uch nusxada tuzilishi lozim. Ularning birinchi nusxasi order boʻlib xizmat qiladi, ikkinchi va uchinchi nusxalari mijozlar uchun debet va kredit yozuvlari boʻyicha bildirishnomalar boʻlib hisoblanadi.
Tuzatish orderi matnida qachon va qaysi hujjatda xato yozuvga yoʻl qoʻyilgani koʻrsatilishi kerak. Agar unga mijoz arizasi sabab boʻlgan boʻlsa, shu sabab koʻrsatiladi. Bunda memorial orderning birinchi nusxasining orqa tomoniga kimning aybi bilan xatolikka yoʻl qoʻyilganligi qayd etiladi, ijrochining, shuningdek notoʻgʻri yozuvni nazoratdan oʻtkazgan shaxsning lavozimi va familiyasi koʻrsatiladi. Tuzatish memorial orderlari tuzilishida asos boʻlgan arizalar kunlik yigʻmajildga tikiladi.”.
7. 152-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
8. 8-ilova quyidagi mazmundagi pozitsiya bilan toʻldirilsin:
|
“ |
|
|
22 |
Masofadan xizmat koʻrsatish tizimi orqali oʻtkazilgan toʻlov talabnomasi |
|
”. |
9. 9-ilovada:
“Kt 45401 — “Spot” bitimi boʻyicha xorijiy valyutalardagi foyda” degan soʻzlar “Kt 45403 Valyuta qoldiqlarini qayta baholashdan olingan foyda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
“Dt 55302 — “Spot” bitimlari boʻyicha xorijiy valyutalarda koʻrilgan zararlar” degan soʻzlar “Dt 55304 Valyuta qoldiqlarini qayta baholashdan koʻrilgan zararlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2024-y., 10/24/1834-11/0488-son)