Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-66-sonli qarorining (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi) 15-bandida belgilangan tavsiyalarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-66-sonli qarori ijrosi ustidan parlament nazorati amalga oshirilsin.
2. Mazkur Qaror ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan uzviy hamkorlik qilish;
belgilangan topshiriqlar ijrosi ustidan doimiy va tizimli monitoring olib borish;
topshiriqlarning ijro hokimiyati organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan parlament nazoratini mahalliy va respublika darajasida olib borish, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Kengashlarida eshituvlar tashkil qilish, parlament soʻrovlarini yuborish, joylarda deputatlar va senatorlar oʻrganishlarini tashkil qilish;
Qaror mazmun-mohiyatini aholi orasida tushuntirish va targʻib qilish ishlarini olib borish;
Qaror ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirgan holda Qaror ijrosini samarali tashkil qilsin hamda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini qatʼiy nazoratga olsin;
har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tuman, shahar hamda tarmoq kesimida tahliliy maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesiga:
bir hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlarini tuman, shaharlarga, mahalliy Kengashlar deputatlarini mahallalarga (okruglar kesimida) masʼul etib biriktirish;
oʻn kun muddatda Qarorda belgilangan chora-tadbirlarni tuman, shahar hamda mahallalar (okruglar) kesimida taqsimlab chiqish hamda ularni biriktirilgan masʼul deputatlarga yetkazish;
hududlarga biriktirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari bilan mahalliy Kengashlar deputatlarining doimiy ravishda hamkorlikda ishlashini tashkil etish hamda Qaror ijrosining oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi:
har chorakda bir marotaba Qarorda belgilangan vazifalarning tegishli vazirlik, idoralar tomonidan bajarilishini joyiga chiqqan holda oʻrgansin;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va aholining muammolarini hal etish boʻyicha koʻrilayotgan choralarning har chorakda bir marotaba mahalliy Kengash deputatlari hamda Kengashning doimiy komissiyalari bilan birgalikda muhokama qilinishini taʼminlasin;
zarur hollarda mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritsin;
har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga axborot taqdim etib borsin.
6. Mazkur Senat Qarorining ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 22-iyun,
SQ-926-IV-son