Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XAVFLI GEOLOGIK JARAYoNLARNI KUZATISh DAVLAT XIZMATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ayrim togʻ va togʻoldi tumanlarining oʻzlashtirilishi, xavfli geologik jarayonlar, ayniqsa koʻchkilarning faollashishi, ularning sodir boʻlish mintaqalari va koʻlamlarining kengayishi sababli texnogen taʼsirning ortishi munosabati bilan aholini va xalq xoʻjaligi obyektlarini yuz berishi mumkin boʻlgan falokatlar va ularning oqibatlaridan himoya qilishga doir chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining ixtisoslashgan muhandislik-geologiya boʻlinmalari negizida Davlat geologiya qoʻmitasi huzurida umumiy ish haqi fondi va xodimlar soni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati (Davlat kuzatish xizmati) tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom hamda uning tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Davlat kuzatish xizmatining oʻz huquq doirasida qabul qiladigan qarorlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuridik, shu jumladan, xorijiy shaxslar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Davlat kuzatish xizmatining yozma buyruqlarini bajarmaganlik uchun qayd etilgan organlarning mansabdor shaxslari va yuridik shaxslar, shuningdek, fuqarolar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi Mehnat vazirligi bilan birgalikda Davlat kuzatish xizmati xodimlariga mehnat haqi toʻlashni ragʻbatlantirish tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda “Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi kodeksiga hamda Davlat kuzatish xizmatining yozma buyruqlarini bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida takliflar tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 8-aprel,
194-son
Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni (koʻchkilar, koʻchishlar, choʻkishlar, suffoziyalar, karstlar) kuzatish Davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi hududida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining roʻy berishi mumkin boʻlgan falokatli oqibatlar toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari hamda aholini ogohlantirish, aholi yashash joylari va xalq xoʻjaligi obyektlarini mazkur jarayonlar taʼsiridan saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tabiiy va xoʻjalik faoliyati natijasida roʻy beradigan xavfli geologik jarayonlarning paydo boʻlishi hamda rivojlanishini kuzatish, shuningdek, bashorat qilishni amalga oshiruvchi, mahkamalar ustida turuvchi organ hisoblanadi.
Sel oqimlari, qor koʻchkilarining shakllanish va rivojlanish sharoitlarini, oqimi boshqarilmaydigan suv oqimlari hamda toshish xavfi boʻlgan koʻllarning gidrologik rejimini kuzatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya Bosh boshqarmasi (“Boshgidromet”ga, ishlab turgan va qurilayotgan suv omborlari hamda gidrouzellardan quyida joylashgan daryolarning irmoq va qayir uchastkalarida gidrogeologik rejimni hamda toshqinlar xavfini kuzatish Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi (Suv xoʻjaligi vazirligi)ga yuklatilgan. Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati ular bilan uzviy aloqada ishlaydi.
2. Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati (Davlat kuzatuv xizmati) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi) tuzilmasida tashkil etiladi, u bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasiga boʻysunadi.
3. Davlat kuzatuv xizmati oʻz vazifalarini davlat boshqaruvining markaziy va mahalliy organlariga bogʻliq boʻlmagan holda amalga oshiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida xavfli geologik jarayonlarning shakllanish, rivojlanish sharoitlarini oʻrganish, ularning roʻy berishi mumkin boʻlgan halokatli oqibatlari toʻgʻrisida aholini, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarni, manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralarini xabardor qilish va ogohlantirish boʻyicha javob beradi.
4. Davlat kuzatish xizmati oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qabul qilgan qarorlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
5. Davlat kuzatish xizmati va uning joylardagi organlarining oʻz huquqlari doirasida qabul qiladigan qarorlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, yuridik, shu jumladan, xorijiy shaxslar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Davlat kuzatish xizmatining yozma koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun qayd etilgan organlarning mansabdor shaxslari va yuridik shaxslar, shuningdek fuqarolar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
6. Davlat kuzatish xizmati oʻz ishini mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qurilish va arxitektura qoʻmitasi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi, “Boshgidromet”, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Fuqaro mudofaasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda olib boradi, shunga oʻxshash idoraviy xizmatlarga, jamoatchilik tashkilotlariga, aholiga xavfli geologik jarayonlarning sodir boʻlish belgilarini kuzatish masalalari boʻyicha maslahatlar beradi.
Oʻz faoliyatini hududida xavfli geologik jarayonlarning rivojlanishi Oʻzbekiston Respublikasi hududida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan — MDH aʼzosi boʻlgan qoʻshni davlatlarning shunga oʻxshash xizmatlari bilan yaqin aloqada amalga oshiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Davlat kuzatish xizmatining asosiy vazifalari va xizmatlari
8. Quyidagilar Davlat kuzatish xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) xavfli geologik jarayonlar rivojlanadigan joylarni aniqlash va ularning faollashishini oldindan belgilash;
2) xavfli geologik jarayonlarning vujudga kelishi va rivojlanishini muntazam kuzatishni tashkil qilish, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralarni ularning roʻy berishi mumkin boʻlgan falokatlari va oqibatlari toʻgʻrisida xabardor qilish va ogohlantirish;
3) Davlat kuzatish xizmatining yozma koʻrsatmalari, shuningdek, xulosalarida bayon etilgan talablarning respublikaning barcha vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, ularning qaysi idoraga tegishli ekanligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalari, muassasalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
4) xavfli geologik jarayonlarning yangi manbalari shakllanishining oldini olish maqsadida ularning kuchayishi mumkin boʻlgan mintaqalardagi hududlardan oqilona foydalanish boʻyicha tavsiyanomalar tayyorlash va berish.
9. Davlat kuzatish xizmati asosiy vazifalariga muvofiq:
1) xavfli geologik jarayonlarni kuzatish ishlarini olib borishni taʼminlaydi;
2) mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarini xavfli jarayonlarning kuchayishi mumkinligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va ogohlantiradi, xavfli geologik jarayonlarni kuzatish ishlarini tashkil etish boʻyicha tavsiyanomalar beradi; buning uchun Davlat kuzatish xizmati zarur xabardor qilish vositalari bilan jihozlanadi, shuningdek, Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xabardor qilish tizimidan foydalanishi mumkin (Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasining boshligʻi bilan kelishgan holda);
3) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi toʻgʻrisida muhandislik-geologiya axborot, ularning oldini olish yoki salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish uchun xulosalar va yozma koʻrsatmalar beradi;
4) xavfli geologik jarayonlarning salbiy taʼsiridan aholi yashash joylarini himoya qilishning uzoq muddatli dasturlarini va hududiy chizmalar majmuini chizishda ishtirok etadi;
5) zarur hollarda Davlat kuzatish xizmatining yozma koʻrsatmalarining mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralari, korxonalar, muassasalar tomonidan bajarilmayotgani toʻgʻrisidagi materiallarni prokuratura organlariga beradi;
6) mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralari bilan hududlardan foydalanishning joriy hamda istiqbol rejalarini, shu jumladan, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylardagi sanoat va xoʻjalik qurilishlarining loyihalarini kelishib oladi hamda ularni oʻzlashtirish mumkinligi toʻgʻrisida xulosalar beradi;
7) loyihalash tashkilotlarining aholi yashash joylari va xalq xoʻjaligi obyektlarini xavfli geologik jarayonlar taʼsiridan himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar loyihalarini kelishib oladi; zarur hollarda shunday tadbirlarni muhandislik-geologik jihatdan asoslashlarini tuzishda (murakkab va alohida muhim obyektlarda) ishtirok etadi;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylardagi hududlarni oʻzlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi talablarni, normativ hujjatlarni, yoʻriqnomalarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritadi;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi huzuridagi “Boshdavekspertiza” hamda “Boshgidromet” bilan birgalikda xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda ishlab chiqarish rivojlantirish va joylashtirish sxemalarini, shaharlar va aholi yashaydigan boshqa joylarning bosh rejalarini ekspertizadan oʻtkazadi, xoʻjalik faoliyatining xavfli geologik jarayonlarini kuchaytirishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlariga baho beradi;
10) respublika hududida xavfli geologik jarayonlar roʻy berishi toʻgʻrisidagi axborotga oid maʼlumotlar bankini shakllantiradi va toʻldirib boradi, texnogen faoliyatning xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylardagi geologik muhitga taʼsirini tahlil qiladi, turli idoralar tomonidan topshirilgan maʼlumotlar boʻyicha xavfli geologik jarayonlarning taʼsiri oqibatida yetkazilgan zararlarni hisobga olib boradi, togʻ yonbagʻirlarining mustahkamligini saqlash boʻyicha tavsiyanomalar beradi, amalga oshirilgan tavsiyanomalarning amaliy ahamiyatini har yili tahlil qiladi va baholaydi;
11) foydalanishning notoʻgʻri tartibi xavfli geologik jarayonlarning vujudga kelishiga, rivojlanishiga yoki ularning kuchayishiga olib keluvchi yangi (qayta qurilgan) obyektlar hamda inshootlarni qabul qilish va ishga tushirish boʻyicha davlat komissiyasi ishida qatnashadi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi davlat kuzatish xizmatining tashkiliy tuzilmasi va rahbar organlari
10. Davlat kuzatish xizmati mustaqil korxona huquqi bilan “Oʻzbekgidrogeologiya” ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida boʻladi.
11. Davlat kuzatish xizmati boshqaruv apparatidan, Davlat inspeksiyasidan, hududiy kuzatuv stansiyalaridan va yordamchi boʻlinmalardan iborat boʻladi.
12. Davlat kuzatish xizmatining boshligʻi va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan boʻshatiladi.
13. Davlat kuzatish xizmatining boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati Bosh davlat nazoratchisi (kuzatish xizmati Bosh davlat nazoratchisi) hisoblanadi.
14. Davlat kuzatish xizmati boshligʻining oʻrinbosarlari kuzatish xizmati Bosh davlat nazoratchisining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
15. Kuzatish xizmatining shtatdagi va shtatsiz Davlat nazoratchilarining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Davlat kuzatuv xizmati inspeksiyasi xodimlari belgilangan namunadagi guvohnoma va kiyim-boshga ega boʻladilar. Ularga barcha turdagi transportlarga navbatdan tashqari chipta olish imtiyozlari beriladi.
17. Davlat kuzatish xizmatining avtotransportida maxsus ramziy belgi boʻladi.
IV. Davlat kuzatish xizmatining huquqlari
18. Davlat kuzatish xizmati va uning joylardagi organlari quyidagi huquqlarga egadirlar:
1) xulosalar asosida xavfli geologik jarayonlar taʼsiriga uchragan joylarda aholini boshqa joyga koʻchirish obyektlarini qurish va ulardan foydalanish tartibini boshqa muddatga koʻchirish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisida ijro etilishi shart boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
2) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylardagi tashkilotlar va boshqa obyektlarga, ularning qaysi idoraga qaramliligidan, mulkchilik shakllaridan, mablagʻ bilan taʼminlash manbalaridan va maxfiylik tartibidan qatʼi nazar, tekshirish maqsadida bemalol kirish.
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar va tashkilotlar aholi yashaydigan joylar va obyektlarni tekshirish davrida Davlat kuzatish xizmatining mansabdor shaxslariga zarur yordam koʻrsatishlari hamda ularni aloqa vositalari, binolar va transport bilan taʼminlashlari kerak;
3) mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, tegishli vazirliklarga, davlat qoʻmitalariga, idoralarga, qaysi idoraga qaramliligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, hududlardan togʻ yonbagʻirlarining bardoshliligini saqlashga doir talab va tavsiyalarni buzgan holda foydalanayotgan korxonalar (tashkilotlar) faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
4) ishlar toʻxtatib qoʻyilgan hollarda xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda mavjud boʻlgan va qurilayotgan obyektlardan foydalanish tartibiga doir talablar va normativlar buzilganligi yoki bajarilmaganligi uchun zarur jazo choralarini koʻrish maqsadida tegishli bank muassasalariga materiallar yuborish;
5) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan obyektlar va ulardan foydalanish talablarini qoʻpol ravishda buzish yoki muntazam ravishda bajarmaslik hollariga yoʻl qoʻyilayotganligi, shuningdek, yashovchilarni xavfli joylardan koʻchirish haqidagi yozma koʻrsatmalar bajarilmayotganligi toʻgʻrisidagi materiallarni prokuratura organlariga taqdim etish;
6) agar obyektlarni qurish va ulardan foydalanish shart-sharoitlari xavfli geologik jarayonlarning paydo boʻlishiga, rivojlanishiga va kuchayishiga imkon beradigan boʻlsa, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda hududlarni oʻzlashtirish boʻyicha ilgari berilgan xulosalar va yozma koʻrsatmalarga zarur oʻzgartirishlar kiritish;
7) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan hududlarning chegarasini har yili belgilash hamda shunga muvofiq ravishda xavfsiz joylarga koʻchirish lozim boʻlgan obyektlar soni va roʻyxatiga zarur oʻzgartirishlar kiritish, ilgari berilgan tavsiyalar va yozma koʻrsatmalarning mazmunini aniqlash;
8) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan shart-sharoitlarni oʻrganish masalalarini ishlab chiqish maqsadida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi davlat geologiya fondi (Davgeologiyafond) materiallaridan, shuningdek, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, tashkilotlar va muassasalar fondlari materiallaridan bepul va navbatdan tashqari foydalanish;
9) xavfli geologik jarayonlar kuchaygan davrda shoshilinch xabardor qilish va oldini olish zarurati tugʻilganda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;
19. Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmatining Bosh davlat nazoratchisiga va uning oʻrinbosarlariga quyidagi huquqlar beriladi:
1) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda aholini boshqa joyga koʻchirish (muayyan joydan vaqtinchalik koʻchirish), obyektlar qurish va ulardan foydalanish tartibini boshqa muddatga koʻchirish yoki oʻzgartirish, shuningdek, boshqa ishlarni amalga oshirish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar berish;
2) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda, agar obyektlar qurilishi xulosalar va tekshirish dalolatnomalarisiz, loyihalarga rioya etilmasdan amalga oshirilganda yoki Davlat kuzatish xizmatining tavsiyalari bajarilmaganda yohud bu ishlar hududlardan foydalanishga doir amaldagi normativlarga rioya etilmay bajarilganda oʻz huquqlari doirasida qurilish ishlarini toʻxtatib qoʻyish;
Keyingi tahrirga qarang.
3) ishlar toʻxtatib qoʻyilgan hollarda zarur jazo choralari koʻrish uchun materiallarni tegishli bank muassasalariga joʻnatish;
4) agar keyingi faoliyati xavfli geologik jarayonlarning paydo boʻlishiga, rivojlanishiga yoki kuchayishiga olib kelsa, qaysi idoraga qarashliligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar (tashkilotlar)ning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, tegishli vazirliklarga, davlat qoʻmitalari va idoralariga takliflar kiritish;
5) mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda obyektlar qurilishi va ulardan foydalanish shartlari, shuningdek, Davlat kuzatish xizmati organlarining aholini xavfli joylardan boshqa joyga koʻchirish va obyektlardan foydalanish tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi yozma koʻrsatmalari qoʻpol ravishda buzilayotganligi yoki muntazam bajarilmayotganligi haqidagi materiallarni prokuratura organlariga taqdim etish;
6) Davlat kuzatish xizmati organlari va mansabdor shaxslarining yozma koʻrsatmalarini bajarmaganlik haqidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish va ularni tegishli organlarga yuborish;
7) agar obyektlarni qurish va ulardan foydalanish shart-sharoitlari xavfli geologik jarayonlarning paydo boʻlishiga, rivojlanishiga yoki kuchayishiga imkon beradigan boʻlsa, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda hududlarni oʻzlashtirish yuzasidan ilgari berilgan xulosalarga zarur oʻzgartirishlar kiritish.
20. Davlat kuzatish xizmatining davlat nazoratchilariga quyidagi huquqlar beriladi:
1) xulosalar asosida aholini boshqa joyga koʻchirish (muayyan joydan vaqtinchalik koʻchirish), obyektlar qurish va ulardan foydalanish vaqtini boshqa muddatga koʻchirish yoki oʻzgartirish, shuningdek, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda boshqa ishlarni amalga oshirish toʻgʻrisida bajarish majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
2) agar obyektlarni qurish va ulardan foydalanish shart-sharoitlari xavfli geologik jarayonlarning paydo boʻlishiga, rivojlanishiga yoki kuchayishiga imkon beradigan boʻlsa, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda hududlarni oʻzlashtirish yuzasidan ilgari berilgan xulosalarga zarur oʻzgartirishlar kiritish;
3) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarning chegarasini aniqlash hamda shunga muvofiq ravishda xavfsiz joylarga koʻchirish lozim boʻlgan xoʻjaliklar soni va obyektlar roʻyxatiga doir muhandislik-texnikaviy tadbirlarga oʻzgartirishlar kiritish;
4) xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda yangi (qayta qurilgan) obyektlar va inshootlarni qabul qilish va foydalanishga topshirish boʻyicha davlat komissiyalari ishida qatnashish;
5) Davlat kuzatish xizmati organlari va mansabdor shaxslarining yozma koʻrsatmalarini bajarmaganlik haqidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish va ularni tegishli organlarga yuborish.
V. Davlat kuzatish xizmatining majburiyatlari
21. Davlat kuzatish xizmati organlari quyidagilarga majburdirlar:
1) Oʻzbekiston Respublikasi hududida xavfli geologik jarayonlarning paydo boʻlishi va kuchayishi mumkin boʻlgan shart-sharoitlarni muntazam oʻrganishni amalga oshirish, ularning roʻy berishi mumkinligi toʻgʻrisida har yili materiallar tayyorlash;
2) aholi yashash joylari va xalq xoʻjaligi obyektlarini ushbu jarayonlarning taʼsiridan himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish va amalga oshirish uchun ularning roʻy berishi mumkin boʻlgan halokatli oqibatlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilish hamda xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylardagi mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini, obyektlarning rahbarlari va xodimlarini xabardor qilish va ogohlantirish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi davlat manfaatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylarda hududlardan foydalanishda tor mahkamachilik, mahalliychilik koʻrinishlarining oldini olish.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmatining tashkiliy
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.