Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2024-yil 21-may kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-1116-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (ikkinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi QL-1146-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (ikkinchi oʻqish);
QL-1116 va QL-1146-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini birlashtirish toʻgʻrisida;
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida;
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi QL-1159-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
QL-1150 va QL-1159-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini birlashtirish toʻgʻrisida;
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisida;
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-1160-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A. Saʼdullayevning “Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari — Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A. Shinga “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarni tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevga “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-may,
4353-IV-son