Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2024-yil 23-aprel kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisida (uchinchi oʻqish);
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi QL-1142-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”) (ikkinchi oʻqish);
“Yer va yer osti boyliklarini asrab qolish va muhofaza qilishdagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi QL-1141-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi QL-1145-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi QL-1151-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
QL-1142 va QL-1151-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini birlashtirish toʻgʻrisida;
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Mahkamovning “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay va xavfsiz transport orqali chet davlatlarga yetib borishida shart-sharoitlarni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining qarorini tasdiqlash toʻgʻrisida.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-aprel,
4279-IV-son