Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini olib borishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida 2024-yil 29-martda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib borish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 29-mart kuni “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni samarali tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (bundan buyon matnda “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan saylov okruglaridagi faoliyati davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati saylovchilarga keng tushuntirilishini tashkil qilish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda koʻchat ekish, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirishga doir tadbirlarda faol ishtirok etish;
mahalliy Kengashlar deputatlarini keng jalb etgan holda, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan vazifalar ijrosining taʼminlanishi holati yuzasidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, parlament nazoratini kuchaytirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. Tojiyev “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar hamda oʻtkaziladigan tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-aprel,
4265-IV-son