Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Global transport-logistika tarmoqlariga Oʻzbekiston Respublikasining integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi samaradorligini kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Global transport-logistika tarmoqlariga Oʻzbekiston Respublikasining integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi samaradorligini kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga:
Toshkent — Samarqand va Toshkent — Fargʻona vodiysi yoʻnalishlarida davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobil yoʻllarini qurish loyihalarini yakuniga yetkazish choralarini koʻrish;
samaradorligi past boʻlgan hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilash;
uy-joy, qurilish, kommunal xoʻjaligi, transport va ekologiya sohalarida 2024-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2024-yil 29-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, transport sohasida manzilli chora-tadbirlarni belgilab olish va ularning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi yozma javobda qayd etilgan, parlament soʻrovini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan 2024-yilning 30-sentabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-aprel,
4322-IV-son