Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash va sudlar rolini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Ushbu ustuvor masalalar yuzasidan oʻtgan 3 yil mobaynida yigirmadan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi, bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, islohotlar natijasida sudlar tomonidan nohaq ayblangan 2,3 mingga yaqin kishi oqlandi, adashib jinoyat yoʻliga kirib qolgani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin boʻlgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilligi asosida yengilroq jazolar tayinlanib, ular oʻz oilalari bagʻrida qoldirildi, inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflar tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yil 24-iyulda “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Farmon qabul qildi.
Oliy sud Plenumi mazkur Farmonda qoʻyilgan vazifalarni Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, barcha sudlar sudyalari, Sudyalar assotsiatsiyasi, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari, Sudyalar oliy maktabi professor-oʻqituvchilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilib, quyidagilarni taʼkidlaydi.
Viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarining tashkil etilishi ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro standartlarga asoslangan boʻlib, sud tizimini xalqqa yanada yaqinlashtiradi, odamlarning huquqiy muammolari bitta sudda hal boʻlishiga imkon yaratadi hamda sud tizimi boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Maʼmuriy sud tizimi isloh etilib, viloyat markazlarida tumanlararo sudlarning tashkil etilishi bunday sudlar sudyalari mustaqilligini yanada mustahkamlash, fuqarolar va davlat organlari oʻrtasida maʼmuriy-huquqiy munosabatlar yuzasidan kelib chiqadigan nizolarning xolisona va adolatli hal etilishiga mustahkam kafolat yaratadi.
Davlat rahbari tomonidan olgʻa surilgan “bir sud — bir instansiya” tamoyili amalga oshirilib, birinchi instansiya sudlari qarorlari apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqilishi, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarining Oliy sud sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish tartibi joriy etilishi sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning mukammal tizimini yaratish imkonini beradi. Bunda sud qarorlari qabul qilinishi bilan uning ijro qilinishi oʻrtasidagi muddatlar sezilarli darajada qisqaradi hamda rivojlangan davlatlarda mavjud boʻlgan huquqiy aniqlik prinsipi amal qila boshlaydi.
Sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutining tugatilishi va prokurorning odil sudlovni amalga oshirishdagi vakolatlari chegaralanishi sud protsessida taraflar tengligi prinsipi amal qilishi imkoniyatini kengaytiradi.
Investitsiyaviy nizolarning, taraflar ixtiyoriga koʻra, Oliy sudda tashkil etilayotgan alohida sudlov tarkibi tomonidan yoki viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan koʻrib chiqilishi tartibining joriy etilishi investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud tomonidan himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiradi.
Farmonda qoʻyilgan vazifalarning amalga oshirilishi, pirovard natijada, sud tizimi va sudlov ishlarini yuritish tartib-tamoyillarini takomillashtirish bilan bir qatorda odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, mamlakatda qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash uchun zamin yaratadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Farmoni ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Farmonining mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida, veb-saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda targʻibot qilish boʻyicha media-reja 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Ekspert-tahlil guruhi (A. Tuxtashev):
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida tegishli qonun hujjatlari loyihasini tayyorlasin;
2020-yil 1-noyabrga qadar yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisidagi”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish uchun tayyorlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi (B. Ochilov) ikki oy muddatda sudlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada kengaytirish dasturi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish uchun takliflar tayyorlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti (B. Teshabayev) ikki oy muddatda:
yangitdan tashkil etilayotgan sudlar joylashtirilishini va ularni zarur jihozlar bilan taʼminlasin;
2021 — 2025-yillarda sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati (A. Abidov) Oliy sud sudlov hayʼatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo, tuman (shahar) va harbiy sudlar bilan birgalikda alohida media-rejaga asosan ushbu Farmonning mohiyati hamda ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida, veb-saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini tashkil etsin.
7. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlarining raislari R. Maxmudova, I. Muslimov, X. Yodgorov va B. Isakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-iyul,
19-son