Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
“Bojxona ombori” bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 27-fevralda 1318-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 29-fevraldagi 01-02/15-08-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2774, 06.04.2016-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 25, 26-moddalariga muvofiq va Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-noyabrdagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” gi 523-sonli qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. “Bojxona ombori” bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olinganidan soʻng oʻn kun muddat oʻtgach kuchga kiritilsin.
3. Ushbu qaror kuchga kirishi bilan “Bojxona ombori” bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin. (1999-yil 27-iyul, roʻyxat raqami 780-son — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 1999-yil, 9-son).
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish rais oʻrinbosari S. Nasirov zimmasiga yuklansin.
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 20-yanvar,
01-02/12-3-son
“Bojxona ombori” bojxona rejimi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 25—26, 54—58-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-noyabrdagi 523-sonli “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, tovarlarni “Bojxona ombori” bojxona rejimiga joylashtirishda, bojxona omborida saqlashda va chiqarishda bojxona operatsiyalarini amalga oshirish hamda bojxona toʻlovlarini toʻlash tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Bojxona ombori shunday rejimki, bunda olib kirilgan tovarlar saqlash davrida import boji, soliqlar va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasdan bojxona nazorati ostida saqlanadi, eksport rejimida olib chiqishga moʻljallangan tovarlar esa bojxona nazorati ostida Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 26-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar berilgan holda saqlanadi.
2. Tovarlar va transport vositalari bojxona omboriga saqlash uchun topshirilguniga qadar ushbu tovarlar va transport vositalari hamda bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun javobgar tashuvchi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Tovarlarni bojxona omboriga joylashtirish
3. Bojxona omboridan bojxona ombori va vaqtincha saqlash rejimlariga joylashtirilgan tovarlarni saqlash uchun foydalaniladi.
Bojxona organlari tomonidan taʼsis etilgan bojxona omborida bojxona organlari tomonidan olib qoʻyilgan tovarlarni saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
Bojxona omborlariga quyidagi tovarlar joylashtirilishi mumkin emas:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va undan olib chiqish taqiqlangan tovarlar;
bojxona ombori rejimiga bayon etilgan kuni belgilangan, yaroqlilik, foydalanish va saqlash muddati oʻtgan hamda tez buziluvchan tovarlar.
4. Boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki alohida shart-sharoitlarda saqlanishi talab etiladigan tovarlar, shunday tovarlarni saqlash sharoitlariga mos ravishda jihozlangan ixtisoslashtirilgan bojxona omborlariga joylashtirilishi lozim.
5. Tovarlar bojxona omboriga bojxona organi mansabdor shaxslari ishtirokida yoki ularning xabardorligida joylashtiriladi.
6. Bojxona ombori rejimiga joylashtiriladigan tovarlar bojxona organiga 1-ilovada belgilangan tartibda toʻldirilgan bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish orqali deklaratsiyalanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Bojxona yuk deklaratsiyasi bilan bojxona organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
tovarlarning yuk va tovar kuzatish hujjatlari (yuk xatlari, konosamentlar, spetsifikatsiyalar, hisob-fakturalar, invoyslar);
tovarlar ilgari boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan hollarda rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyasi (uchinchi varagʻi);
bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar (bojxona koʻrigi va qayta ortish dalolatnomalari, ekspertiza xulosalari).
Sertifikatlanadigan tovarlarni bojxona omboriga joylashtirishda saqlash muddati uchun sertifikat taqdim etilishi talab etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻsimlik va hayvonlardan olingan mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishda tegishli davlat organlari tomonidan fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazilmagan boʻlsa, bunday nazoratdan bojxona omboriga joylashtirishda oʻtkaziladi.
9. Bojxona omboriga joylashtirilgan va unda saqlanayotgan tovarlarni belgilangan tartibda begonalashtirish va ularga nisbatan egalik, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxslarga oʻtkazish mumkin.
Tovarlarni bojxona omboriga joylashtirgan shaxs ushbu tovarlarni begonalashtirish, ularga nisbatan egalik, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga berish toʻgʻrisida oldindan bojxona postiga xabarnoma berib, quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
bojxona omborida saqlanayotgan tovarlar (nomi, miqdori, bojxona qiymati, bojxona ombori rejimiga rasmiylashtirilgan bojxona deklaratsiyasi raqami);
tovarlarni begonalashtirish, ularga nisbatan egalik, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga berishga asos boʻlayotgan hujjatlar;
tovarlarga nisbatan mulkiy huquqni egallayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumot (tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan holda tashkilotning nomi).
10. Oʻz tashqi oʻlchamlari (gabaritlari) bilan bojxona omboriga joylashtirish imkoniyati boʻlmagan tovarlarni Davlat bojxona qoʻmitasining hududiy bojxona boshqarmasining yoki ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining (keyinchalik — DBQB yoki IBK) yozma ruxsatnomasi mavjud boʻlgan taqdirda yaqin boʻlgan bojxona omboriga amalda joylashtirmasdan bojxona ombori rejimida rasmiylashtirish mumkin.
Ruxsatnoma olish uchun bojxona ombori rejimini bayon qiluvchi shaxs bojxona ombori joylashgan hududda faoliyat koʻrsatuvchi DBQB yoki IBKga tovarlar nomlari, ularning bojxona qiymati va miqdori, tovarlarni saqlashga berish zarurligining asoslangan sabablari, tovarlarni saqlash uchun moʻljallangan joy (aniq manzili) va saqlash uchun javobgar shaxslar (mansabi, familiyasi, ismi, sharifi) koʻrsatilgan ixtiyoriy yozma shakldagi ariza taqdim etadi.
Koʻrsatilgan shaxs ariza bilan birgalikda tovarlarni saqlash uchun berish asoslarini hamda arizada koʻrsatilgan joyda saqlash imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlarni (shartnoma, texnik pasport, fotosuratlar va sh.k.) taqdim etadi.
Tovarlarni “Bojxona ombori” rejimida saqlash uchun murojaat etgan shaxsga berish mumkinligi toʻgʻrisidagi qaror bunday berish shartlari (saqlash joyi belgilanadi, qiyoslash vositalari koʻrsatiladi) qayd qilingan DBQB yoki IBK boshligʻi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolangan xat shaklida qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Bojxona ombori rejimidagi tovarlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar
11. Bojxona omborida saqlanayotgan tovarlarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha ularning holatini oʻzgartirmaslik, oʻrovini buzmaslik va bosilgan qiyoslash vositalarini oʻzgartirmaslik shartlari bajarilgan taqdirda quyidagi operatsiyalarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi:
tozalash, shamollatish, quritish (shu jumladan, issiqlik oqimini hosil qilish bilan);
saqlashning maqbul temperatura rejimini hosil qilish (sovutish, muzlatish, isitish);
himoya oʻroviga joylashtirish, himoya moyi va konservantlar surtish;
zanglashdan himoya qilish uchun boʻyash, saqlash qoplamalarini kiritish;
tashishdan oldin chirishga qarshi boʻyoq bilan qoplash;
oʻlchash, tekshirish, tortish;
bojxona ombori hududida joyini oʻzgartirish.
12. Bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlar bilan 11-bandda koʻrsatilgan operatsiyalardan tashqari sotishga va tashishga tayyorlash boʻyicha quyidagi operatsiyalarni amalga oshirish mumkin:
turkumlarga boʻlish va joʻnatmalarni shakllantirish;
saralash, oʻrash, qayta oʻrash, markalash;
ortish, tushirish, qayta ortish;
komplektlash yoki ish holatiga keltirish bilan bogʻliq boʻlgan oddiy operatsiyalar;
tovarlarni namoyish qilish stendlariga joylashtirish va testdan oʻtkazish.
13. 12-bandda koʻrsatilgan operatsiyalar tovarga nisbatan vakolatga ega boʻlgan shaxs (uning vakili) yoki bojxona ombori egasining tovarlar, operatsiyalar va ularni amalga oshirishda foydalaniladigan texnik vositalar va materiallar qayd qilingan yozma arizasi boʻyicha faqat bojxona postining yozma ruxsatnomasi asosida oʻtkaziladi.
Mazkur operatsiyalarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma post boshligʻi (yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan arizaga “_______________ (tovar nomi, miqdori koʻrsatiladi) bilan __________________ (operatsiyalar koʻrsatiladi) oʻtkazishga ruxsat beriladi” rezolyutsiyasini yozish va shaxsiy muhr bilan tasdiqlangan imzo qoʻyish yoʻli bilan beriladi va u manfaatdor shaxsga topshiriladi. Mazkur ariza bojxona posti tomonidan belgilangan ish yuritish tartibi boʻyicha qabul qilinadi va roʻyxatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
14. 11 va 12-bandlarda koʻrsatilgan operatsiyalar tovarga nisbatan vakolatga ega boʻlgan shaxslar va ularning vakillari tomonidan bojxona ombori hududida, tovarlarni bojxona ombori rejimida bojxona omboriga amalda joylashtirmasdan rasmiylashtirilgan holda esa bojxona nazorati zonasi hududida amalga oshiriladi.
15. Tovarlar bilan oʻtkaziladigan barcha operatsiyalar bunday tovarlarning TIF TN boʻyicha raqam kodini toʻqqizinchi belgisi darajasida klassifikatsiyalanishining oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan xususiyatlarini (sifatini) oʻzgartirmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Bojxona toʻlovlarini toʻlash
16. Tovarlarni bojxona ombori rejimiga joylashtirishda qonunchilikka muvofiq bojxona yigʻimlari undiriladi.
17. Agar tovarlarni amalda chetga olib chiqish vaqtida toʻlovlardan ozod qilish yoki toʻlangan summani qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa, bojxona ombori rejimiga joylashtirilgan va eksport rejimiga koʻra olib chiqishga moʻljallangan tovarlar bojdan, soliqlardan ozod qilinadi yoxud toʻlangan summalar qaytariladi. Bu tovarlar bojxona ombori rejimiga joylashtirilgan kundan boshlab uch oydan kechikmay olib chiqilishi lozim.
Tovarlar belgilangan muddatlarda amalda olib chiqilmagan taqdirda boj, soliqlar, shuningdek ularning foizlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda toʻlanadi.
18. Bojxona ombori rejimiga joylashtirilgan tovarlar bojxona organining ruxsatisiz boshqa shaxsga berib yuborilgan yoki yoʻqotilgan hollarda, hamda agarda tovarlar faqat halokat yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq boʻlgan, qaytarib boʻlmaydigan holda qoʻldan ketgan yoxud kamomad, tabiiy eskirish yoki normal saqlash sharoitida kamayish tufayli yuzaga kelgan boʻlmasa, ombor egasi tovarlar erkin muomalaga chiqarilgan holda toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarini toʻlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunday tovarlarga nisbatan bojxona ombori rejimiga muvofiq bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kuni amalda boʻlgan bojlar, soliqlar stavkalari qoʻllaniladi.
19. Bojxona ombori egasining bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun javobgarligi tovarlarni bojxona omboriga rasmiylashtirilgan ombor hujjatlari (hisobga olish kitobi, bojxona hisob hujjati) boʻyicha saqlash uchun qabul qilingan vaqtdan boshlanadi.
V. Bojxona omborida saqlanayotgan tovarlar hisobi va hisobot
20. Omborga joylashtirilayotgan tovarlarni ombor egasi quyidagi ombor hujjatlarida roʻyxatga olishi lozim:
1) hisobga olish kitobida (2-ilova);
2) Bojxona hisob hujjatida (bojxona hisob hujjati sifatida bojxona deklaratsiyasidan foydalanish mumkin).
Ombor egasi tovarlarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritishi lozim. Bojxona organi muayyan hisob programma kompleksidan foydalanish talablarini belgilashga haqli.
21. Bojxona omboridagi tovarlarning hisob hujjatlari besh yil saqlanishi lozim.
22. Ombor egasi oyiga bir marotaba bojxona omborida saqlanayotgan tovarlar va saqlash muddatlari toʻgʻrisida bojxona organiga 3-ilovada keltirilgan shaklda hisobot taqdim etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Bojxona organi yetarli asoslar boʻlgan taqdirda ombor egasidan omborda saqlanayotgan tovarlar toʻgʻrisida maʼlumot talab qilishga haqli. Bunday maʼlumot bojxona organi boshligʻi yoki uning oʻrinbosarining yozma talabnomasi yetkazilgandan keyin uch kun muddat ichida taqdim etilishi lozim.
23. Bojxona organi yopiq turdagi bojxona ombori egasi uchun omborda saqlanayotgan tovarlar toʻgʻrisida soddalashtirilgan hisobot taqdim etish tartibini belgilashi mumkin.
24. Bojxona organi omborda saqlanayotgan tovarlarni inventarizatsiyalashga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Tovarlarni saqlash muddatlari
25. Tovarlar bojxona ombori rejimida uch yil mobaynida turishi mumkin. Ushbu muddat ayrim shaxslar uchun bojxona organi tomonidan cheklanishi mumkin. Tovarlarni saqlashning cheklangan muddati bir yildan kam boʻlmasligi kerak (saqlash, isteʼmol qilish va sotishga yaroqlilik muddatlari cheklangan tovarlar bundan mustasno). Saqlashning aniq muddatlari belgilangan meʼyorlarda tovarlarni saqlashga joylashtiruvchi shaxs tomonidan ombor egasi bilan birgalikda aniqlanadi.
Saqlash, isteʼmol qilish va sotishga yaroqlilik muddatlari cheklangan tovarlar belgilangan muddat oʻtishidan oltmish kun oldin boshqa bojxona rejimiga rasmiylashtirilishi va bojxona omboridan olib chiqib ketilishi lozim.
26. Tovarlarni bojxona omborida saqlash muddatlari qonunchilik bilan belgilangan muddatlar doirasida bojxona omboriga tovar joylashtirgan shaxsning yozma soʻrovnomasi boʻyicha bojxona posti tomonidan uzaytirilishi mumkin. Soʻrovnoma asosli sabablar koʻrsatilgan holda belgilangan muddat oʻtishidan oʻn kun oldin berilishi lozim.
Soʻrovnoma bojxona posti tomonidan ichki ish yuritish tartiblariga muvofiq roʻyxatga olinadi va tovarlarni bojxona omborida saqlash muddatlarini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror bojxona posti boshligʻi yoki uning vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan qabul qilinadi.
Tovarlarni bojxona omborida saqlash muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda bojxona organi murojaat etgan shaxsga rad etish sabablarini koʻrsatgan holda qonuniy asoslantirilgan xulosa xatini beradi.
Xulosa xati yoki ruxsat berish toʻgʻrisidagi qaror koʻrsatilgan shaxsga yoxud uning vakiliga shaxsan imzo orqali topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi.
Tovarlarni saqlash muddatlarini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror yoki bunday uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi asoslantirilgan xulosa uzaytirish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma roʻyxatga olingan kundan boshlab uch kun mobaynida qabul qilinishi lozim.
Tovarlarni bojxona omborida saqlash muddati uzaytirilgan hollarda bojxona omboriga tovar joylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyasiga (“S” katagi) bojxona posti xodimi “Muddati _____________ (soʻrovnomani bojxona organida roʻyxatga olish raqami, sanasi) asosan _____ (kun, oy, yil) uzaytirildi” yozuvini qayd qiladi va imzo qoʻyib, shaxsiy muhr bilan tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Tovarlarni ombordan chiqarish
27. Bojxona ombori rejimida turishning belgilangan muddati tugagunga qadar tovarni boshqa bojxona rejimiga joylashtirish soʻralishi kerak. Bunday tovarning tanlangan rejimga bojxona rasmiylashtiruvi toʻliq yoki qismlar bilan amalga oshirilishi mumkin.
28. Boshqa rejimga soʻralgan tovarlar tanlangan rejimga muvofiq rasmiylashtirilgandan 3 kun muddatda ombordan amalda olib chiqib ketilishi lozim.
29. Tovarlarni erkin muomalaga chiqarish rejimida rasmiylashtirish yoxud boshqa bojxona rejimiga joylashtirish maqsadlaridagi bojxona qiymati va miqdorlari ombordan chiqarish vaqtida aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Bojxona ombori rejimiga muvofiq tovarlarni saqlash muddati tugagunga qadar, biroq belgilangan kundan 15 kun oldin bojxona posti boshligʻi yoxud uning vazifasini bajaruvchi tovarning qonuniy egasiga erkin shakldagi bildirish xatini beradi. Bildirish xati koʻrsatilgan shaxsga shaxsan imzo orqali topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi.
31. Belgilangan muddat tugagunga qadar bojxona ombori rejimida saqlanayotgan tovarlarni boshqa rejimga joylashtirish soʻralmasa, muddat oʻtgandan soʻng ikkinchi kuni bojxona postining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan belgilangan shakldagi bojxona qonunchiligi buzilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
32. Belgilangan muddat tugagandan soʻng boshqa rejimga soʻralmagan tovarlar vaqtincha saqlash rejimiga joylashtiriladi.
33. Tovarlarning bojxona rejimini oʻzgartirmagan holda bir bojxona omboridan boshqa bojxona omboriga oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday tovarlarni amalda olib oʻtish bojxona nazorati ostida tovarlarni yetkazib berish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda tovarlarni saqlash muddati bojxona omboriga eng avvalgi joylashtirilgan sanadan hisoblanadi va bojxona omborida turish muddati toʻxtatilmaydi.
34. Tovarlarni bir bojxona omboridan boshqa bojxona omboriga olib oʻtish uchun ruxsatnoma olib oʻtishga moʻljallangan tovarlarni nazorat qiluvchi DBQB yoki IBK boshligʻi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolangan xat shaklida beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Bojxona ombori rejimi ostida boʻlgan va bir bojxona omboridan boshqa bojxona omboriga olib oʻtilayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazishda mazkur rejimga tovar joylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyasining (keyinchalik — BYuD) beshinchi varagʻi yoki uning nusxasi (bojxona organi tomonidan tasdiqlangan), yuk yetkazishni nazorat qilish kitobchasi (keyinchalik — YUYENQK) foydalaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tovarlar bojxona koʻrigi va keyinchalik saqlanadigan bojxona omboriga amalda joylashtirilgandan soʻng ushbu ombor joylashgan hududda faoliyat koʻrsatuvchi bojxona posti xodimi BYuDda ilgari qayd qilingan (49-katak) litsenziya raqami, berilgan sanasini oʻzgartiradi va imzo qoʻyib shaxsiy muhr bilan tasdiqlaydi.
Olib chiqib ketilgan tovar yetkazib berilganligi tasdiqlangandan soʻng ushbu tovar nazoratda boʻlgan bojxona postida BYuDga YUYENQKning nusxasi qoʻshib qoʻyiladi. BYuDning birinchi varagʻiga (“S” katagi) yoki uning orqa tomoniga bojxona posti xodimi tovarning (tovar partiyasining qismini) boshqa bojxona omboriga olib oʻtilganligi toʻgʻrisida belgi (tovar yetkazib berilgan YUYENQK raqami, joylashtirilgan bojxona ombori litsenziya raqami) va imzo qoʻyib shaxsiy muhr bilan tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
VIII. Bojxona organi bilan ombor egasining oʻzaro munosabatlari
36. Ombor egasi ombor, unda saqlanayotgan tovarlar turidan va omborning faoliyat koʻrsatishi bilan bevosita aloqador boshqa omillardan kelib chiqqan holda bojxona omboridan foydalanish tartib-qoidasini bojxona organi bilan kelishib tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Tartib-qoidalarda quyidagilar belgilanadi:
bojxona ombori, shu jumladan bojxona organi xodimlari uchun binolar jihozlanishiga bojxona organining talablari;
omborning ish rejimi;
tovarlar hisob shakllari;
ombor egasi tomonidan bojxona omborida saqlanayotgan tovarlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etish shakllari va muddatlari;
bojxona ombori ishini taʼminlovchi, unda saqlanayotgan tovarlar bilan yuk va boshqa operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning bojxona omboriga kirish-chiqish tartiblari;
bojxona ombori faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa talablar va shartlar.
38. Koʻrsatib oʻtilgan tartib-qoidalar mazkur Nizomga va bojxonaga oid qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi lozim.
IX. Yakuniy qoidalar
39. Tovarlarni bojxona ombori rejimiga muvofiq bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazuvchi bojxona organi bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlar va bunda bajariladigan bojxona operatsiyalari toʻgʻrisida bojxona statistikasini yuritish maqsadlarida yuqori bojxona organiga Oʻzbekiston Respublikasi DBQsi belgilagan tartibda hisobot taqdim etadi.
40. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlardan foydalanish va tasarruf etish tartibini buzgan yoxud ushbu rejimni qoʻllash shartlarini bajarmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladi.
Bojxona ombori bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Bojxona ombori bojxona rejimiga tovarlarni joylashtirishda bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi
Bojxona ombori bojxona rejimiga tovarlarni joylashtirishda deklarant bojxona yuk deklaratsiyasining quyidagi ustunlarini toʻldiradi:
1, 2, 3, 5, 6, 8, 9, 13, 14, 15, 15a, 16, 19, 22, 23, 28, 31, 32, 33, 35, 37, 38, 40, 42, 44, 47, 49, 54, V.
Eksport bojxona rejimiga muvofiq olib chiqib ketish uchun moʻljallangan tovarlarni bojxona omboriga joylashtirishda koʻrsatib oʻtilgan ustunlardan 15, 15a lar toʻldirilmasdan, 17, 17a ustunlar toʻldiriladi.
1, 2, 8, 9, 28, 44, 49-ustunlarni toʻldirish quyidagi xususiyatlarga ega:
1-ustun. “Deklaratsiya turi”
Ustunning birinchi boʻlinmasida bojxona omboriga Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kelinadigan tovarlarni joylashtirishda “IM” koʻrsatiladi, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqib ketish uchun moʻljallangan tovarlarni joylashtirishda esa “EK” koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan tovarlar olib oʻtish jarayoni klassifikatoriga binoan ustunning ikkinchi boʻlinmasida bojxona ombori rejimining harfiy belgisi — “74” koʻrsatiladi.
Ustunning uchinchi boʻlinmasi toʻldirilmaydi.
2-ustun. “Joʻnatuvchi/eksport qiluvchi”
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kelinadigan tovarlarni bojxona omboriga joylashtirishda ustunda tovarlarni joʻnatgan xorijiy tashkilotning nomi va pochta manzili koʻrsatiladi.
Jismoniy shaxslarga nisbatan ustunda shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi va manzili, shu jumladan, pochta indeksi va telefon raqami koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib ketiladigan tovarlar boʻyicha ustunda tovarni bojxona omboriga joylashtiruvchi shaxsning nomi, indeksi va pochta manzili, shuningdek, teleks va/yoki telefaks raqami koʻrsatiladi. Jismoniy shaxslarga nisbatan ustunda shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi va manzili, shu jumladan, pochta indeksi va telefon raqami hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Ustunning yuqori qismida “№” belgisidan soʻng joʻnatuvchining 8 ta raqamli kodi “Korxonalar va tashkilotlar umumiy tasnifnomasi” (KTUT)ga muvofiq koʻrsatiladi. Agarda joʻnatuvchi jismoniy shaxs boʻlsa yuqori oʻng qismida “№” belgisidan soʻng KTUT kodining oʻrniga 00000001 raqamlari qoʻyiladi. Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga tegishli tovarlarni deklaratsiyalashda KTUT kodi koʻrsatilmaydi.
Ustunning pastki qismida “№” belgisidan soʻng soliq toʻlovchining identifikatsion (INN) raqami qayd qilinadi. Tovarlarni tadbirkorlik maqsadlaridan tashqari deklaratsiyalashda hamda qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa hollarda mazkur ustun toʻldirilmaydi. Agarda tovar joʻnatuvchi jismoniy shaxs boʻlsa INN raqamidan keyin / belgisidan soʻng maʼmuriy-hududiy boʻlinishni belgilash sistemasiga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan 1999-yil 24-sentabrda tasdiqlangan “Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 11-ilovasi) aholi punktining kodi koʻrsatiladi.
3-ustun. “Qoʻshimcha varaqlar”
Agar qoʻshimcha varaqlar ishlatilsa ustun toʻldiriladi. Ustunning birinchi boʻlinmasida varaqning tartib raqami, ikkinchisida deklaratsiyaning taqdim etilayotgan varaqlari, shu jumladan, qoʻshimcha varaqlarning umumiy soni koʻrsatiladi.
Masalan, agar ikkita qoʻshimcha varaqli bitta deklaratsiya mavjud boʻlsa, deklaratsiyaning oʻzida 1/3 koʻrsatilishi kerak; birinchi qoʻshimcha varaqda — 2/3; ikkinchisida 3/3 koʻrsatiladi.
5-ustun. “Tovarlarning barcha nomlari”
Ustunda deklaratsiya va qoʻshimcha varaqlarning “Tovarning bayoni” (31-ustun) ustunida koʻrsatilgan tovarlar nomlarining umumiy miqdori (raqamlarda) koʻrsatiladi.
Qoʻshimcha varaqlarda har qanday foydalanilmagan “Tovarning bayoni” ustunlari oʻchirib qoʻyiladi.
6-ustun. “Joylar soni”
Ustunda deklaratsiya qilinayotgan tovarlardagi joylarning umumiy soni koʻrsatiladi.
8-ustun. “Oluvchi/import qiluvchi”
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar boʻyicha ustunda tovarni bojxona omboriga joylashtiruvchi shaxsning nomi, indeksi va pochta manzili, shuningdek, teleks va/yoki telefaks raqami koʻrsatiladi. Jismoniy shaxslarga nisbatan ustunda shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi va manzili, shu jumladan, pochta indeksi va telefon raqami hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Ustunning yuqori qismida “№” belgisidan soʻng oluvchining 8 ta raqamli kodi KTUTga muvofiq koʻrsatiladi. Agarda oluvchi jismoniy shaxs boʻlsa yuqori oʻng qismida “№” belgisidan soʻng KTUT kodining oʻrniga 00000001 raqamlari qoʻyiladi. Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga tegishli tovarlarni deklaratsiyalashda KTUT kodi koʻrsatilmaydi.
Ustunning pastki qismida “№” belgisidan soʻng soliq toʻlovchining identifikatsion (INN) raqami qayd qilinadi. Tovarlarni tadbirkorlik maqsadlaridan tashqari deklaratsiyalashda hamda qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa hollarda mazkur ustun toʻldirilmaydi. Agarda oluvchi jismoniy shaxs boʻlsa INN raqamidan keyin / belgisidan soʻng maʼmuriy-hududiy boʻlinishni belgilash sistemasiga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan 1999-yil 24-sentabrda tasdiqlangan “Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 11-ilovasi) aholi punktining kodi koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib ketiladigan tovarlarni bojxona omboriga joylashtirishda ustunda tovarlarni oluvchi xorijiy tashkilotning nomi va pochta manzili koʻrsatiladi.
Jismoniy shaxslarga nisbatan ustunda shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi va manzili, shu jumladan, pochta indeksi va telefon raqami koʻrsatiladi.
9-ustun. “Moliyaviy tartibga solish uchun javobgar shaxs”
Ustunda bojxona ombori egasining yoki bojxona omboriga tovarlarni joylashtirgan shaxsning nomi va pochta manzili koʻrsatiladi, agar bojxona organining roziligi bilan ushbu shaxs bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun masʼuliyatli boʻlsa.
13-ustun.
Ushbu ustunda Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki deklaratsiya bojxona rasmiylashtiruvi uchun qabul qilingan sanada belgilagan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasiga nisbatan AQSh dollarining kursi koʻrsatiladi.
14-ustun. “Deklarant/vakil”
Tovarni deklaratsiya qilayotgan tashkilotning nomi va pochta manzili koʻrsatiladi.
Ustunning yuqori qismida “№” belgisidan keyin ana shu tashkilotning 8 ta raqamli kodi Korxonalar va tashkilotlar umumiy tasnifnomasi (KTUT)ga muvofiq koʻrsatiladi. Ustunning pastki qismida, agar ushbu tashkilot bojxona brokeri hisoblansa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining bojxona brokeri sifatida shartnomaviy asosda tovarlarni deklaratsiya qilish huquqi uchun bergan guvohnomaning raqami va berilgan sanasi koʻrsatiladi. Mustaqil deklaratsiya qilinganda ustunning pastki qismi xuddi 2-ustundagi singari toʻldiriladi.
15-ustun. “Joʻnatiladigan mamlakat”
Ustunda tovarlar Oʻzbekiston Respublikasiga Jahon mamlakatlari tasnifnomasiga (JMT) muvofiq joʻnatilgan mamlakatning qisqacha nomi koʻrsatiladi.
15a-ustun. “Joʻnatiladigan mamlakat kodi”
Ustunning birinchi boʻlinmasida tovarlar Oʻzbekiston Respublikasiga Jahon mamlakatlari tasnifnomasiga (JMT) muvofiq joʻnatilgan mamlakatning raqamli kodi koʻrsatiladi.
16-ustun. “Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakat”
Ustunda Jahon mamlakatlari tasnifnomasiga (JMT) muvofiq tovar ishlab chiqarilgan mamlakatning qisqacha nomi koʻrsatiladi.
19-ustun. “Konteyner”
Ustunda quyidagilar koʻrsatiladi:
agar tovarlar konteynerda ketayotgan boʻlsa ... 1;
agar tovarlar konteynerda ketmayotgan boʻlsa ... 0.
22-ustun. “Valyuta va tovarning umumiy faktura qiymati”
Ustunning chapdagi boʻlinmasida Valyutalarning umumiy tasnifnomasiga (VUT) muvofiq kontrakt (shartnoma) valyutasining raqamli kodi koʻrsatiladi.
Oʻng tomondagi boʻlinmada tovarlarning deklaratsiya qilinayotgan turkumining deklaratsiya va qoʻshimcha varaqlarning 42-ustunlarida koʻrsatiladigan tovarlar qiymatidan hosil boʻladigan umumiy faktura qiymati raqamlarda koʻrsatiladi.
23-ustun. “Valyuta kursi”
Ustunda Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasiga nisbatan kontraktda koʻrsatilgan Markaziy bank tomonidan belgilangan valyuta kursi koʻrsatiladi. Bunda BYuDni rasmiylashtirish uchun qabul qilingan sanadagi kurs koʻrsatiladi.
28-ustun. “Moliyaviy va bank maʼlumotlari”
Ustunda hisobvaraq ochilganligi toʻgʻrisida vakolatli bankning tasdiqlovchi maʼlumotlariga muvofiq 9-ustunda koʻrsatilgan shaxsning hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatuvchi bank rekvizitlari koʻrsatiladi (har bir rekvizitni yangi satrdan boshlab va har birini oldiga tartib raqamini qoʻyib):
1 — bank KTUT kodi;
2 — bankning toʻliq nomi;
3 — bankning pochta manzili;
4 — joriy valyuta hisobvaragʻining va Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi hisobvaraqning raqami.
31-ustun. “Yuk joylari va tovar bayoni”
“Markalash va miqdor — konteynerlar raqami — tovarning bayoni”. Tovarning nomi va tovarni TIF TNga muvofiq bir xilda belgilash uchun yetarli boʻlgan assortimenti, oʻlchamlari, modeli, butlanishi va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan qoʻshimcha tavsiflari koʻrsatiladi. Soʻngra yuk joylarining turi va miqdori, ularni markalash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Konteynerda tashilayotgan tovar uchun ustunning oʻng qismida konteynerning raqami koʻrsatiladi.
Agar ushbu ustunda deklaratsiyalanayotgan tovar butun yuk joyi va konteynerni band etmasa, ustunda “qutining bir qismi”, “konteynerning bir qismi” deb koʻrsatiladi.
Ustunning pastki chap burchagidagi maxsus ajratilgan joyda tovar miqdori berilib, TIF TN ga muvofiq uni oʻlchash birligining qisqacha nomi koʻrsatiladi. Faqat asosiy oʻlchov birligi “kg” qoʻllanilgan taqdirda ustunning pastdagi oʻng burchagi toʻldirilmaydi (tovar miqdori 38-ustunda beriladi). Qoʻshimcha oʻlchov birligidan foydalanilganda ushbu boʻlinmada tovar miqdori va qoʻshimcha oʻlchov birligining qisqacha nomi koʻrsatiladi (bunda qoʻshimcha oʻlchov birligining kodi 41-ustunda qayd etiladi).
Masalan: tovar nomini “mexanik toʻquv dastgohlari”, tovar kodi — 844621000, qoʻshimcha oʻlchov birligi — “dona”, miqdori — “10”. Ustunning pastki chap burchagi toʻldirilmaydi.
32-ustun “№ tovar”
Agar ikki yoki undan koʻp nomdagi tovar deklaratsiya qilinsa, ustunda 31-ustunda tavsiflangan tovarning tartib raqami koʻrsatiladi.
Masalan, deklaratsiyada tovarning raqami “1”, birinchi qoʻshimcha varaqda — “2”, “3”, “4”, ikkinchi qoʻshimcha varaqda — “5”, “6”, “7” va hokazo boʻladi.
Deklaratsiyada va qoʻshimcha varaqlarda deklaratsiyalanadigan tovarlar miqdori 100 dan oshmasligi kerak. Bu miqdordan oshib ketilganda yangi deklaratsiya rasmiylashtiriladi.
Agar tovarlar bitta nomda deklaratsiyalansa, ustunda “1” qayd etiladi.
33-ustun. “Tovar kodi”
Chapdagi boʻlinmada TIF TN boʻyicha tovarning 9 raqamli kodi koʻrsatiladi. Kod ajratishlarsiz va boshqa ajratuv belgilarisiz yoziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35-ustun. “Brutto vazni (kg)”
Ustunda 31-ustunda bayon etilgan tovarning brutto vazni (kilogramlarda) koʻrsatiladi (brutto vazni — tovarning oʻrov vazni ham kiritiladigan umumiy ogʻirligi boʻlib, u yaxlitlash qoidalariga koʻra butun miqdorlargacha yaxlitlashtiriladi).
Vazni bir kilogrammdan kam boʻlgan tovar uchun O.XXX nuqtali son koʻrsatiladi. Bunda XXX — tovarning grammlardagi vazni.
37-ustun. Rusum-qoidalar
Ustunda Bojxona rejimlari tasnifnomasiga muvofiq bojxona rejimining 6 raqamli kodi koʻrsatiladi.
38-ustun. “Netto vazni (kg)”
Ustunda 31-ustunda bayon etilgan tovarning netto vazni (kilogrammlarda) koʻrsatiladi (netto vazni — tovarning oʻrovsiz sof ogʻirligi boʻlib, yaxlitlash qoidalariga koʻra butun miqdorlargacha yaxlitlashtiriladi).
Vazni bir kilogrammdan kam boʻlgan tovar uchun 0.XXX nuqtali son koʻrsatiladi, bunda XXX — tovarning grammlardagi vazni.
40-ustun. “Umumiy deklaratsiya/avvalgi hujjat”
Ustun bayon etilayotgan rejimdan oldin boshqa rejimdan foylanilgan hollarda toʻldiriladi. Ustunda oldingi rejimga tegishli deklaratsiyaning raqami koʻrsatiladi.
42-ustun. “Tovarning faktura qiymati”
Ustunda deklaratsiyalanayotgan tovarga amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan yoxud qarshi yetkazib beriladigan tovarlar, xizmatlar, intellektual mulk obyektlarining shartnoma valyutasidagi faktura qiymati koʻrsatiladi.
44-ustun. “Qoʻshimcha axborot taqdim etiladigan hujjatlar”
4-raqamda tovarni bojxona omboriga joylashtirayotgan shaxs bilan ombor egasi oʻrtasidagi shartnomaning raqami va sanasi koʻrsatiladi. Qolgan axborot BYuDni toʻldirish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga muvofiq koʻrsatiladi.
47-ustun. “Boj va yigʻimlarini hisoblash”
“Turi” ustunining birinchi kichik ustunida Bojlar tasnifnomasiga muvofiq toʻlov kodi koʻrsatiladi.
“Hisoblab yozish asosi” ustunining ikkinchi kichik ustunida 10-kod boʻyicha toʻlov qayd etilayotganida tovarning (42-ustun) Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga Markaziy bank kursi boʻyicha qayta hisoblangan qiymati kiritiladi. 11-kod boʻyicha toʻlov kiritilayotganida tovarning 42-ustunda koʻrsatilgan qiymatini AQSh dollarida ifodalangan qiymati koʻrsatiladi.
“Stavka” ustunining uchinchi kichik ustunida stavkaning belgilangan qiymati koʻrsatiladi.
“Summa” ustunining toʻrtinchi kichik ustunida tegishli toʻlov summasi toʻlov shifriga bogʻliq holda Oʻzbekiston Respublikasi valyutasi va xorijiy valyutada koʻrsatiladi.
“TU” (toʻlov usuli) ustunining beshinchi kichik ustunida koʻrsatiladi:
“bn” — bank muassasasi orqali naqdsiz hisob-kitob;
“bk” — toʻlovni naqd pul bilan bojxona organining kassasiga toʻlash;
“tm” — bojxona organining kafolat xatiga asosan chiqargan qaroriga binoan toʻlov muddatini kechiktirish;
“oo” — toʻlov amalga oshirilmasligi kerak.
Toʻlov kiritilayotganida qoʻshimcha varaqlardagi 47-ustunlar toʻldirilmaydi.
49-ustun. “Ombor nomi”
Ustunda bojxona omborini taʼsis etish uchun litsenziyaning raqami va berilgan sanasi koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
V-ustun. “Hisoblash tafsilotlari”
Ustunda Bojlar tasnifnomasiga muvofiq toʻlov kodi, mazkur shifr boʻyicha deklaratsiyaga va har bir qoʻshimcha varaqqa oid toʻlovlardan iborat boʻlgan toʻlovlarning umumiy summasi, shuningdek, bojxona toʻlovlari toʻlanganligini tasdiqlaydigan toʻlov topshiriqnomalari (TT) raqamlari koʻrsatiladi.
54-ustun. “Joy va sana”
Ustunda deklaratsiyani toʻldirish joyi va sanasi, tovarlarni 14-ustunda koʻrsatilgan tashkilot tomonidan deklaratsiyalashga vakolat berilgan shaxsning familiya va initsiallari, u egallab turgan lavozim, uning shaxsiy imzosi, tashkilotning muhri, telefon va teleks raqami, shuningdek, agar tovar bojxona brokeri tomonidan deklaratsiyalanayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan berilgan malaka attestatining raqami koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bojxona ombori bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlarni hisobga olish kitobining shakli
| | | | | | | | | | | |
|
Omborga joylashtirish |
Ombordan chiqarish |
Qoldiq | ||||||||
|
№ |
Joylash-tirilgan sana |
BYuD raqami |
Tovarni joylashtiruvchi shaxs |
Tovar nomi |
Joylar soni va vazni |
Chiqaril-gan sana |
BYuD raqami |
Rejim kodi |
Joylar soni va vazni |
Joylar soni va vazni |
|
1. |
| | | | | | | | | |
|
2. |
| | | | | | | | | |
|
3. |
| | | | | | | | | |
|
4. |
| | | | | | | | | |
*Izoh: Kitob oldindan tikilgan, varaqlari raqamlangan va bojxona organi boshligʻining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Bojxona ombori bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
___________ bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlar va ularning harakati toʻgʻrisidagi hisobot __________ dan _____________ gacha
| | | | | | | | | | | | | | |
|
Litsenziya №___________________ sanasi _________ | |||||||||||||
|
Bojxona ombori manzili:___________________________(shahar,tuman, koʻcha, uy №) tel.________ | |||||||||||||
|
Omborga joylashtirishda |
Ombordan chiqarishda |
Ombordagi qoldiq | |||||||||||
|
№ |
Joy-lashti-rilgan sana |
BYuD raqami (grafa 7) |
Rejim kodi (grafa 1) |
Yuk oluvchi nomi (grafa 8) |
Tovar nomi (grafa 31) |
Joy-lar soni |
Tovar vazni (grafa 35) |
BYuD raqami (grafa 7) |
Rejim kodi (grafa 1) |
Joy-lar soni |
Tovar vazni (grafa 35) |
Joy-lar soni |
Tovar vazni |
|
1. |
| | | | | | | | | | | | |
|
2. |
| | | | | | | | | | | | |
|
3. |
| | | | | | | | | | | | |
|
4. |
| | | | | | | | | | | | |
| | | Rahbar Bosh hisobchi Ombor mudiri |
| | | imzolar va __________ korxona __________ muhri __________ |
| | | | |||
| | | Tekshirdi: ___- sonli bojxona posti inspektori ___________ imzo va shaxsiy muhr | |||||||||||
*Izoh: Hisobot muhrlangan holda BYuD toʻldirish boʻyicha belgilangan talablarga muvofiq tayyorlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 8-son, 103-modda; 2012-y., 39-son, 459-modda; 2013-y., 39-son, 524-modda; 2014-y., 7-son, 77-modda; 2015-y., 20-son, 266-modda)