Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Sudlar tomonidan maʼmuriy ishlarni apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, maʼmuriy ishni apellyatsiya, kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish sud hujjatining qonuniyligi va asosliligini tekshirishni taʼminlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 200, 224-moddalariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ish:
arizachi, javobgar, uchinchi shaxslarning shikoyati;
ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning shikoyati;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning shikoyati, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno;
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi palata aʼzolarining manfaatlarini koʻzlab bergan shikoyati;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida ariza bergan davlat organlari va boshqa shaxslarning shikoyati (MSIYUtK 47-moddasining birinchi qismi);
prokurorning protesti boʻyicha yuritiladi.
Sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga, shuningdek, taraflar, uchinchi shaxslar hamda ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning huquqiy vorislari ham ega.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, shu jumladan, advokat, agar bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus koʻrsatilgan boʻlsagina, sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyatni imzolashga haqli (MSIYUtK 62-moddasining ikkinchi qismi).
3. Sudlarga tushuntirilsinki, sudning ajrimi ustidan MSIYUtKda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, ajrim ishning kelgusidagi harakatiga toʻsqinlik qilgan taqdirda, sudning hal qiluv qaroridan alohida tarzda shikoyat (protest) qilinishi mumkin.
Boshqa ajrimlar ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmaydi, lekin bu ajrimlarga qarshi eʼtirozlar sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin.
Agarda ustidan shikoyat berish nazarda tutilmagan ajrimda MSIYUtKda shikoyat qilish nazarda tutilgan protsessual masalalar hal etilgan boʻlsa, ajrimning shu qismi boʻyicha shikoyat (protest) qilinishi mumkin.
4. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan sudga beriladi (MSIYUtK 202-moddasining birinchi qismi, 226-moddasining birinchi qismi).
Sud hujjatini qabul qilgan sud apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) u kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Shuni eʼtiborga olish kerakki, sud hujjatini qabul qilgan sudga apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ga aloqador qoʻshimcha hujjatlar yoki boshqa shaxslardan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati kelib tushgan taqdirda, ular kelib tushgan kunning ertasidan kechiktirmay shikoyat (protest) koʻrib chiqilayotgan tegishli sud instansiyasiga yuborilishi lozim.
Agar apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) sud hujjatini qabul qilgan sudni chetlab oʻtgan holda yuborilgan boʻlsa, u sudya tomonidan qaytariladi.
Sud ajrimida shikoyat (protest) sud hujjatini qabul qilgan sud orqali berilishi lozimligi haqida koʻrsatilishi kerak.
5. Agar shikoyatni qabul qilishda sudyada shikoyatni imzolagan shaxsda taʼsis hujjatlariga muvofiq, uni imzolash huquqi mavjudligi borasida shubha tugʻilsa, sudya apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qiladi va ajrimda shikoyatni imzolash vakolatini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishni taklif qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunday dalil taqdim etilmaganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatni MSIYUtK 213-moddasining birinchi qismi, 237-moddasining birinchi qismiga asosan, koʻrmasdan qoldiradi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Shikoyatni imzolashda faksimiledan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
6. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati oʻtishining boshlanishi, tegishlicha, sud hujjati qabul qilingan yoki qonuniy kuchga kirgan kundan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
MSIYUtK 162-moddasining beshinchi va oltinchi qismlari mazmuniga koʻra, qoʻshimcha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati ham asosiy hal qiluv qarori qabul qilingan yoki qonuniy kuchga kirgan kundan hisoblanadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
7. Agar apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) pochta yoki Oliy sud axborot tizimlari orqali protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar joʻnatilgan boʻlsa, muddat oʻtmagan hisoblanadi. Bunday holda apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish sanasi aloqa xati qabul qilinganligini tasdiqlovchi konvertdagi shtamp, buyurtma xat qabul qilinganligi haqidagi kvitansiya yoxud boshqa belgi boʻyicha aniqlanadi.
8. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bilan birga beriladi. Qayd etilgan protsessual muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma bevosita apellyatsiya, kassatsiya shikoyatida (protestida) ham koʻrsatilishi mumkin.
Agar apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma bilan bir vaqtda boshqa iltimosnomalar (misol uchun sud xarajatlarini toʻlashni kechiktirish, sud hujjatlarining ijrosini toʻxtatib turish, dastlabki himoya choralarini koʻrish haqida) kelib tushgan hollarda dastlab shikoyat berish muddatini tiklash masalasi hal etilishi lozim.
9. Tushuntirilsinki, protsessual harakatlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi obyektiv holatlar muddat oʻtkazilishini uzrli deb topishga asos boʻlishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, cheklovchi tadbirlar (karantin), suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi va boshqalar).
10. Sudlarga tushuntirilsinki, oʻtkazib yuborilgan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra apellyatsiya, kassatsiya instansiya sudining sudyasi tomonidan, basharti iltimosnoma apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkin.
11. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati uzrli deb topilgan sabablarga asosan tiklanganda, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddatni, oʻtkazib yuborilishi sabablaridan qatʼiy nazar, tiklash toʻgʻrisidagi masalani qoʻshimcha ravishda koʻrib chiqish talab etilmaydi.
Bu shaxslarning apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) tegishincha MSIYUtK 204, 206, 228, 230-moddalarining talablariga rioya etgan holda apellyatsiya, kassatsiya muhokamasi tugaguniga qadar apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga berilishi va umumiy asoslarda koʻrib chiqilishi lozim.
12. Sudlar shuni eʼtiborga olishi kerakki, MSIYUtK 210-moddasining birinchi qismi, 234-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslarining roʻyxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinmaydi. Agar shikoyatni (protestni) qaytarish uchun bir nechta asoslar mavjud boʻlsa, ajrimda ushbu asoslarning har biri koʻrsatilishi lozim.
Ajrim bilan, shuningdek, shikoyatni (protestni) bergan shaxsga koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilgach, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilish huquqi tushuntirilishi lozim.
13. Ish apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilayotganda sud hujjatiga nisbatan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan shikoyat (protest) kelib tushganda, u dastlab qabul qilingan shikoyat (protest) bilan birga koʻrib chiqiladi.
14. Sudlarga tushuntirilsinki, sud qarorining ijrosi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi sudyasi tomonidan MSIYUtK 212-moddasining uchinchi qismi, MSIYUtK 236-moddasining birinchi qismida belgilangan muddatga va faqat ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomalariga asosan toʻxtatilishi mumkin.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turish yoki uning ijrosini toʻxtatib turishni rad etish haqida sudya apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda yoxud alohida ajrimda koʻrsatishi mumkin.
Shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng, hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib turish haqida iltimosnoma kelib tushganda, ushbu masala sudlov hayʼati tomonidan hal etiladi.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turishni bekor qilish toʻgʻrisida ishni mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida yoxud alohida ajrimda koʻrsatilishi lozim.
15. Shuni nazarda tutish lozimki, qonunga koʻra, apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish asoslari va huquqiy oqibatlari bir-biridan farq qiladi. Xususan, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) MSIYUtK 213, 237-moddalarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha koʻrmasdan qoldirilganda, apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf qilingandan soʻng shikoyat (protest) yangidan berilishi mumkin.
MSIYUtK 214-moddasining birinchi qismi, 238-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritish tugatilganda, ayni bir shaxsning ayni shu asoslar boʻyicha apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Birinchi instansiya sudi tomonidan talablarning bir qismi koʻrmasdan qoldirilgan yoki ish yuritish tugatilgan hollarda, sud ish hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatiga (protestiga) asosan koʻrish tamomlanguniga qadar ishda ishtirok etuvchi shaxslarga bunday ajrimlar ustidan shikoyat keltirish huquqini tushuntirishi lozim.
17. MSIYUtK 216, 240-moddalariga muvofiq, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati bergan shaxs sud hujjati chiqarilguniga qadar shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish) munosabati bilan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish masalasi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud majlisida hal qilinadi. Bunday holatda sud shikoyatdan voz kechgan (protestni chaqirib olgan) shaxsning vakolatini tekshirishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatidan voz kechish qonunchilik hujjatlariga zid boʻlgan yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hollarda, sud uni qabul qilmaydi va ishni mazmunan koʻradi.
Shikoyatdan voz kechish qabul qilingan, protest qaytarib olingan hollarda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, ish boʻyicha boshqa shikoyat (protest) mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
Sud hujjatiga nisbatan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat (protest) berilganligi bu shaxslarning shikoyatdan voz kechishini (protestni qaytarib olishini) qabul qilmaslikka asos boʻlmaydi. Bunday holda voz kechilgan shikoyat (qaytarib olingan protest) qismi boʻyicha ish yuritish tugatilib, boshqa shaxsning shikoyati (prokurorning protesti) umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
18. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi MSIYUtK 217, 241-moddalariga muvofiq birinchi instansiya sudi sud hujjatining qonuniyligi va asosliligini toʻliq hajmda tekshiradi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi yangi dalillarni oʻrganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjatini toʻliq hajmda tekshirish deganda, shikoyat (protest) vajlaridan qatʼiy nazar, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari aniqlaganligini, moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshirish tushuniladi.
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
19. MSIYUtK 220, 244-moddalariga muvofiq, ishni apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda quyidagilar aniqlanishi lozim:
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirgan-tekshirmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar isbotlangan-isbotlanmaganligi;
sudning hal qiluv qarorida, ajrimida, qarorida bayon etilgan xulosalar ish holatlariga muvofiqligi;
barcha bildirilgan talablar boʻyicha sud hujjati qabul qilingan-qilinmaganligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalari buzilgan-buzilmaganligi, ular toʻgʻri qoʻllanilgan-qoʻllanilmaganligi.
20. MSIYUtK 220-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlari, 244-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtadi va bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqaradi.
Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqidagi ajrim bilan shikoyat (protest) berilgan sud hujjati bekor qilinmaydi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflarga oʻz protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Shikoyat (protest) vajlaridan qatʼiy nazar, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish, ish boʻyicha ish yuritishni tugatish yoki arizani koʻrmasdan qoldirishga asoslar bor yoki yoʻqligini ham aniqlaydi.
21. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi har qanday dalillarni, ular birinchi instansiya sudi muhokamasida boʻlganligidan yoki yangidan taqdim etilgan yoxud talab qilib olinganidan qatʼiy nazar, tekshirishga haqli.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ekspertiza oʻtkazish, dalillarni taʼminlash va talab qilib olish, guvohlarni soʻroq qilish haqidagi va boshqa iltimosnomalarini ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni toʻgʻri hal qilish maqsadida oʻz tashabbusi bilan dalillarni talab qilib olishi yoki tegishli sud ekspertizasini tayinlashi mumkin (MSIYUtK 68, 79-moddalari).
22. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining eʼtibori ishni koʻrish muddatlariga qatʼiy amal qilish lozimligiga qaratilsin (MSIYUtK 218 va 242-moddalari).
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ishni koʻrish muddati alohida hollarda (masalan, sud protsessi ishtirokchilarining koʻpligi, qoʻshimcha dalillarni talab qilib olish va ularni tekshirish, ishga mutaxassislarni chaqirishi, sud topshiriqlarini yuborish zarurligi va hokazo) ishni koʻrayotgan sudlov hayʼati tomonidan ajrim chiqarilgan holda koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
23. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berilganidan keyin arizachi talablaridan voz kechsa yoki taraflar oʻzaro kelishuvga erishsa, arizachining arz qilingan talablaridan voz kechishi, taraflarning kelishuv bitimi yozma shaklda taqdim etilishi shart.
Shu bilan birgalikda, ariza (shikoyat)dan toʻliq yoki qisman voz kechish haqidagi ariza, tasdiqlash uchun taqdim etilayotgan kelishuv bitimi MSIYUtK 136, 1261, 1262-moddalarining talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi arizachining ariza (shikoyat)dan voz kechishini qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin arizachiga (taraflarga) ish yuritishni tugatishning MSIYUtK 109-moddasida nazarda tutilgan huquqiy oqibatlarini tushuntirishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi arizachining talabdan voz kechishini qabul qilsa, kelishuv bitimini tasdiqlasa, hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligi masalasini muhokama qilishga kirishmasdan, uni bekor qiladi va ish boʻyicha ish yuritishni tugatadi.
24. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi instansiya sudi ish holatlarini har tomonlama va toʻliq aniqlab, qonuniy va asosli sud hujjati chiqargan degan xulosaga kelsa, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldiradi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining qarorida shikoyatni (protestni) qanoatlantirmasdan qoldirish asoslari koʻrsatib oʻtilishi lozim.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalarini buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi faqat ishni notoʻgʻri hal etilishiga olib kelgan boʻlsagina, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni bekor qilishga asos boʻladi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishning toʻgʻri hal qilinishiga taʼsir qilmagan huquq normalari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanganda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi bu haqida oʻz qarorida koʻrsatib oʻtishga haqli.
25. Shuni nazarda tutish lozimki, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori bekor qilinganda, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday holda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi MSIYUtK 219, 243-moddalarida nazarda tutilgan vakolat doirasida qaror qabul qilishi lozim.
26. Tushuntirilsinki, sudning hal qiluv qarorini oʻzgartirish deganda, hal qiluv qarorining xulosa qismiga oʻzgartirishlar kiritish tushuniladi.
Yangi qaror deganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan taraflarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sudning asosiy xulosasini jiddiy oʻzgartiradigan qaror qabul qilinishi tushuniladi.
27. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi, agar ish sudga taalluqlilik toʻgʻrisidagi qoidalar buzilgan holda koʻrib chiqilganligini aniqlasa, hal qiluv qarorini bekor qilib, MSIYUtK 273-moddasida koʻrsatilgan tartib boʻyicha ish materiallarini taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuboradi. Bunday holda ish yuritish tugatiladi.
28. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari MSIYUtK 220 va 244-moddalarida belgilanganligiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Bunda shuni inobatga olish lozimki, birinchi instansiya sudi tomonidan oʻz kuchini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarining qoʻllanilganligi ham moddiy huquq normalarining notoʻgʻri qoʻllanilishi deb baholanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunday holatda sud hujjatining qonuniyligiga ishni mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha baho beriladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
29. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmasligi yoki notoʻgʻri hal etilishi, oʻz-oʻzidan sud hujjatlarini bekor qilishga yoxud oʻzgartirishga asos boʻlmaydi. Bunday holda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini MSIYUtK 115-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha taqsimlash haqida koʻrsatiladi.
30. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining eʼtibori, shikoyat (protest)da keltirilgan har bir vajni, uning asosli yoki asossiz ekanligi haqidagi xulosani qarorda koʻrsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining qarori ishni koʻrish natijalari boʻyicha qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Alohida hollarda asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha boʻlgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq sud, uning xulosa qismini sud muhokamasi tamomlangan majlisning oʻzidayoq eʼlon qilishi kerak.
(30-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining qarorida MSIYUtK 221-moddasining ikkinchi qismi, 245-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida ishni shikoyat (protest) boʻyicha koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi va sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatilishi shart.
31. Ariza birinchi instansiya sudi tomonidan ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng chiqarilgan ajrim bekor qilinganda (masalan, arizani koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va hokazo), apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni mazmunan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuboradi.
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qiladi.
32. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni koʻrishda davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida aniqlangan qonunchilik hujjatlari buzilishi holatlari boʻyicha, ularning sud protsessida ishtirokidan qatʼiy nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Agar sud ushbu shaxslarning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u bu haqda jinoyat ishini qoʻzgʻatish masalasini hal etish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qiladi.
Xususiy ajrim sud majlisida eʼlon qilinadi va bu haqda bayonnomada koʻrsatiladi.
33. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish boʻyicha chiqarilgan xususiy ajrimning qonuniyligi va asosliligini tekshirishga hamda ushbu ajrimning chiqarilishida xatolik boʻlganligini aniqlagan taqdirda, uni bekor qilishga haqli.
34. Sudlarga tushuntirilsinki, shikoyat (protest) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga ish boshqa shikoyat (protest) boʻyicha koʻrilgandan soʻng kelib tushgan holda mazkur apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ni ish yuritishga qabul qilish rad etilib, sud hujjatlari ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish huquqi tushuntiriladi.
35. Qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishi holatini tahlil qilib borish maqsadida viloyat va ularga tenglashtirilgan maʼmuriy sudlarga maʼmuriy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyotini har yarim yilda umumlashtirish tavsiya etilsin.
36. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan maʼmuriy ishlarni apellyatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi 15-sonli va “Maʼmuriy ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida” 2021-yil 27-noyabrdagi 34-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-mart,
11-son