Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P. Bobojonovning javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P. Bobojonov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga:
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar isteʼmol qilishning ogʻir oqibatlarini aks ettiruvchi videoroliklarni tayyorlab, ularning Internet jahon axborot tarmogʻi hamda ommaviy axborot vositalari orqali, shuningdek joylarda tushuntirish ishlarini olib borishda keng namoyish etilishini taʼminlash;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning Internet jahon axborot tarmogʻi vositasidagi qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, ayniqsa, bunday huquqbuzarliklar tashkilotchilarini tezkor ravishda aniqlash maqsadida xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish;
vazirlikning giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish sohasiga bevosita daxldor boʻlgan boʻlinmalari ishi samaradorligini oshirish maqsadida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga doimiy eʼtibor qaratib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda voyaga yetmagan shaxslarga oʻtkazganlik uchun, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda saqlash va oʻtkazishga yoki isteʼmol qilishga voyaga yetmagan shaxslarni jalb etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish borasida mavjud axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlarini doimiy rivojlantirib borish choralarini koʻrish;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni isteʼmol qilishga jalb etishning oldini olishda koʻmaklashgan fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlarini ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududiy boʻlinmalarida sintetik giyohvandlik vositalarini, shuningdek psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi vositalarni ekspertizadan oʻtkazishga moʻljallangan maxsus kimyoviy laboratoriyalarni tashkil etish choralarini koʻrish;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisida koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan muntazam ravishda parlament nazoratini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan joriy yilning 1-sentabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. TOJIYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-mart,
4172-IV-son