Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining 2023-yilda bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon matnda Davlat dasturi deb yuritiladi) hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining 2023-yilda bajarilishi, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, inson qadrini yuksaltirish, sud-huquq tizimini isloh qilish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.
Davlat dasturi va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan doimiy monitoring olib borish boʻyicha yaxlit tizim yaratilgan. Amalga oshirilgan ishlar har oyda tahlil etilib, tanqidiy muhokama qilib borilgan hamda masʼullarning hisobotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Hisobot davrida Davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida jami 144 ta, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida nazarda tutilgan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha 77 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilangan vazifalar doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolar va davlat idoralari oʻrtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarni qisqartirish choralari koʻrilgan.
Jumladan, davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 335 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni 575 taga yetkazilgan.
Mahallaning jamiyat hayotidagi oʻrnini oshirish va sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari shakllantirilgan, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari hamda “mahalla yettiligi” tashkil etilgan, “Mahalla budjeti” tizimi amaliyotga joriy etilgan.
Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy hamda zarur shartiga aylantirish, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yoʻnalishidagi vazifalar doirasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, fuqarolarga koʻrsatiladigan malakali huquqiy xizmatlar koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi Qonun qabul qilingan. Ushbu Qonun bilan advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun imtihon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2023 — 2024-yillarga moʻljallangan davlat dasturi tasdiqlangan. Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi zarur boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga ega maʼlumotlar roʻyxati 40 taga yetkazilgan.
Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash boʻyicha muayyan ishlar qilingan.
Hududlarda bir qator yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilgan. Jumladan, xorijiy yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVtga teng zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida umumiy quvvati 900 MVtga teng 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasi yagona energetika tizimiga ulangan, Karmana va Nurobod tumanlarida umumiy quvvati 200 megavattlik quyosh stansiyalari barpo etilgan.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida 105,2 ming gektar yer maydoni foydalanishga kiritilgan.
“Tashabbusli budjet”, “Mening yoʻlim”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida aholi tomonidan taklif etilgan loyihalarni moliyalashtirishga 13 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 993,3 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizga ishga joylashishi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun kreditlar ajratish boʻyicha yordam koʻrsatilgan. Jami 105,2 ming nafar xotin-qiz kasb-hunarga oʻqitilgan.
Yangi maktablar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularda zarur shart-sharoitlar yaratish doirasida 563 ta maktabda qurilish ishlari yakunlangan. Nodavlat taʼlim tashkilotlari soni 449 taga yetkazilgan.
Tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida hududlarda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti, 534 ta ixcham mahalla tibbiyot punkti tashkil etilganligi 2,2 mln. nafardan ortiq kishiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish imkonini bergan.
Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilgan.
Ekologik ahvolni yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuz va bahor mavsumida 219,1 mln. tup manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari ekilgan. Oʻrmonlar maydonini kengaytirish, Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 221 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar barpo etilgan.
Chet davlatlarda ishlash istagida boʻlgan 55,1 mingdan ziyod fuqaro kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitilgan, xorijdan qaytgan 190,5 ming nafar fuqaroning bandligini taʼminlashga koʻmaklashilgan.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan va kasanachilik bilan shugʻullanayotgan 1 197 nafar fuqaroga asbob-uskunalar xarid qilish uchun 3 mlrd. 943,4 mln. soʻm subsidiya ajratilgan.
Mamlakat xavfsizligini taʼminlash, mudofaa salohiyatini oshirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan islohotlar izchil davom ettirilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaasini boshqarish milliy markazida Qurolli Kuchlarni bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyatiga ega boʻlgan yagona maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi yaratilgan.
Dunyoning yetakchi davlatlari, Markaziy Osiyo, MDH va Arab mamlakatlari bilan hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining mutanosib, ochiq va pragmatik tashqi siyosatining izchilligi taʼminlangan.
Bundan tashqari 2023-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,0 foizni tashkil etgan. Jumladan, sanoat 6 foiz, xizmat koʻrsatish 6,8 foiz va qishloq xoʻjaligi 4,1 foiz oʻsgan. Jami 22,4 mlrd. AQSh dollariga teng xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, 2022-yilga nisbatan 1,9 barobarga oʻsish taʼminlangan. Tovarlar va xizmatlar eksporti (maxsus eksportsiz) 16,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilgan.
Davlat budjeti daromadlari 231,8 trln. soʻmga ijro etilgan, shundan 165,9 trln. soʻm soliq hamda 58,4 trln. soʻm bojxona tushumlari hissasiga toʻgʻri kelgan, davlat budjeti jami xarajatlaridan ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan xarajatlar 137,3 trln. soʻmni tashkil qilgan.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, eksport hajmini koʻpaytirish maqsadida 3 144 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, ular tomonidan 1 mlrd. AQSh dollarga teng mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.
Shu bilan birga hisobot davrida Davlat dasturida bajarilishi belgilangan jami 443 ta yaxlit va kichik bandning 361 tasi toʻliq ijro etilgan, 33 tasining ijro muddati uzaytirilgan va 49 tasining ijrosini taʼminlashga doir ishlar yakunlanmagan. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining jami 362 ta yaxlit va kichik bandida nazarda tutilgan vazifalardan 261 tasi toʻliq bajarilgan, 24 tasining ijro muddati uzaytirilgan, 77 tasining ijrosi boʻyicha ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Bir qator bandlarning bajarilish holati haqidagi maʼlumotlar hisobotda yetarlicha aks ettirilmagan. Muhim tarmoq va sohalarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan baʼzi normativ-huquqiy hujjatlar hanuzgacha qabul qilinmagan, ayrim qonun loyihalari oʻz vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritilmagan.
Shuningdek aholi va ijtimoiy soha obyektlariga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish, ichimlik suvi va gaz taʼminotini yaxshilash, tibbiy xizmat koʻrsatish va yoʻl qurilishi sifatini oshirish, taʼlim tizimini takomillashtirish kabi bevosita xalqimizning farovonligiga daxldor vazifalarning ijrosini yakuniga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8 va 81-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining 2023-yilda bajarilishi, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan 33 ta, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi 24 ta bandda hamda Davlat dasturidagi bajarilishi yakunlanmagan 49 ta, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi 77 ta bandda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash;
belgilangan vazifalarning ijro etilishi jarayonida natijadorlikka ustuvor ahamiyat qaratish boʻyicha mutasaddi vazirliklar va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish;
Davlat dasturida va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi vazifalarning bajarilish holatini muhokama qilish jarayonida deputatlar tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal etish;
yalpi ichki mahsulotning oʻsish surʼati 6 foizdan kam boʻlmasligini va investitsiyalar yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz boʻlishini vazirlik va idoralar bilan birgalikda taʼminlash;
iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 mlrd. AQSh dollariga teng 309 ta yirik loyihani ishga tushirish;
yillik inflatsiya darajasi 9 foizgacha va fiskal taqchillik 4 foizgacha boʻlishini taʼminlash, keyinchalik inflatsiya va Davlat budjeti taqchilligi koʻrsatkichlarini pasaytirish;
taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, aholi salomatligini taʼminlash, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va kambagʻallikni qisqartirish hamda yoshlarga oid davlat siyosati va sport yoʻnalishlaridagi islohotlarni yanada jadallashtirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Davlat dasturining va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining samarali ijro etilishi ustidan oʻz partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat dasturidagi va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlarning bajarilishi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, parlament nazoratini kuchaytirsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-mart,
4107-IV-son