Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “hukumat soati”ni oʻtkazish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining takliflarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. 2024-yil 17-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan “hukumat soati”da “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining savollariga javoblarni eshitish haqidagi taklif maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi “hukumat soati”ga tayyorgarlik koʻrilishini hamda uning oʻtkazilishini tashkil etsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-mart,
4182-IV-son