Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 26-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 9-fevralda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish doirasida kambagʻallikni qisqartirish hamda kam taʼminlangan oilalar aʼzolari bandligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga soliq imtiyozlari va preferensiyalar, xususan, soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish hamda pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali tadbirkorlik subyektlarini kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.
Shu tufayli ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga tadbirkorlik subyektlariga ular yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilishini, shuningdek yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlanishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun aholi bandligining oʻsishiga, kambagʻallikni qisqartirishga hamda kam taʼminlangan oilalar aʼzolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 482-modda quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Hamkorlik shartnomalari”ga asosan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari mustasno) ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 2, 3 (bundan toʻlov manbaidan olinadigan foyda soligʻi mustasno) va 5 — 9-bandlarida koʻrsatilgan soliqlarni hamda aylanmadan olinadigan soliqni ushbu subyektlar yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab quyidagi muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi:
51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — uch oygacha;
101 tadan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — olti oygacha;
200 tadan ortiq yangi ish oʻrni yaratilganda — oʻn ikki oygacha.
Ushbu moddaning oʻn ikkinchi qismida koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati:
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarining arizasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi tomonidan;
ushbu Kodeksning 13-bobida nazarda tutilgan mol-mulk garovi, kafillik yoxud bank kafolati taʼminotisiz ushbu Kodeksning 100-moddasida nazarda tutilgan foizlar hisoblanmagan holda, shuningdek moliyaviy holat tahlil qilinmagan va ushbu Kodeks 101-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmagan holda (bundan ushbu Kodeks 98-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno) beriladi”;
2) 483-modda quyidagi mazmundagi qirq oltinchi, qirq yettinchi va qirq sakkizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagi miqdorda pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi:
51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;
101 dan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;
200 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilganda — ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.
Ushbu moddaning qirq oltinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlar “hamkorlik shartnomalari”ga asosan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari mustasno) ular bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda beriladi:
“Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda va kamida bir yil davomida ularga har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam boʻlmagan ish haqi toʻlangan holda, ularning bandligi taʼminlanganda;
ushbu fuqarolar jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda.
“Hamkorlik shartnomalari” boʻyicha majburiyatlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilmagan taqdirda, ushbu moddaning qirq oltinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilishi soliq imtiyozlarini qoʻllashning butun davri uchun bekor qilinib, ushbu soliqlarni toʻlashga doir majburiyatlar tiklanadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining qoidalari 2023-yil 1-iyuldan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-aprel,
OʻRQ-923-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 03/24/923/0264-son)