Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi
Qarori
“AUDITORLIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-fevraldagi OʻRQ-677-sonli “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 27-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni eʼlon qilingan kundan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oylik muddat ichida:
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun ijrosini taʼminlovchi zarur meʼyoriy hujjatlar tayyorlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari oʻzlari chiqargan, ushbu Qonunga zid keluvchi meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
bir oylik muddat ichida:
Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlar palatasi toʻgʻrisida muvaqqat nizomni tayyorlasin va uni tasdiqlasin;
yillik hisobotlar bilan bir vaqtda ana shu hisobotlarning mukammalligiga doir auditorlik xulosalari taqdim etishi shart boʻlgan korxonalar va tashkilotlar doirasini belgilasin.
3. Auditorlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxonalar (tashkilotlar) maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosidagina shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritilsin (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992-yil 14-yanvarda qabul qilgan “Korxonalar (tashkilotlar) faqat maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosidagina shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlarining roʻyxati haqida”gi 516-XII-sonli qaror).
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
735-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 16-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 2-son, 14-modda)