Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi PF-181-sonli “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxlarini sunʼiy pasaytirib koʻrsatish holatlarining oldini olish, valyuta tushumlari oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlanishini nazorat qilish hamda ushbu sohada yashirin iqtisodiyot ulushini keskin qisqartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Meva-sabzavot mahsulotlariga eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazoratni taʼminlash maqsadida 2024-yil 1-maydan boshlab belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha respublikadan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat oʻrnatish tartibi joriy etilsin.
2. Belgilansinki, “tavsiya etilgan” minimal eksport narxlari belgilanadigan meva-sabzavot mahsulotlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) Savdo-sanoat palatasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi takliflariga asosan Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda Savdo-sanoat palatasiga Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha “tavsiya etiladigan” minimal eksport narxlarini belgilash vakolati berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) Savdo-sanoat palatasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda doimiy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha tashqi bozor konyunkturasini oʻrganib boradi va har hafta yakuni boʻyicha tashqi bozorda shakllangan narxlar asosida roʻyxatda koʻrsatilgan meva-sabzavot mahsulotlariga “tavsiya etiladigan” minimal eksport narxlarini tasdiqlaydi. Bunda minimal eksport narxlari quyidagilar asosida aniqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalaridan olingan tashqi bozorlardagi narxlar;
ommaviy axborot vositalari (shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidagi ochiq manbalar) va axborot-tahliliy nashrlarda eʼlon qilingan narxlar;
tashqi savdo kompaniyalari hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining xorijdagi vakolatxonalaridan olingan eksport narxlari;
mahalliy va xorijiy treyder hamda sorsing kompaniyalarga yuboriladigan soʻrovlar asosida olingan narxlar;
meva-sabzavot mahsulotlarining tannarxi, ichki bozordagi ulgurji va chakana narxlar;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Savdo-sanoat palatasi har hafta meva-sabzavot mahsulotlariga “tavsiya etilgan” minimal eksport narxlari Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilishini taʼminlaydi, Palataning hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ularni eʼlon qilib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda meva-sabzavot mahsulotlariga “tavsiya etiladigan” minimal eksport narxlari Savdo-sanoat palatasining hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan kundan 2 ish kuni oʻtgach amalga kiritiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
v) meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxi pasayishining tafovuti “tavsiya etiladiganidan” 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi. Bunda:
meva-sabzavot mahsulotlari eksport narxi “tavsiya etiladiganidan” 20 foizdan ortiq pasaytirilganligi aniqlaganda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi tomonidan ushbu holat boʻyicha yigirma toʻrt soat ichida elektron axborot almashinuvi tizimi orqali Soliq qoʻmitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Soliq qoʻmitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan aniqlangan dalillar yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar koʻrib boriladi.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (A. Mavlonov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (I. Ergashev) bilan birgalikda bir oy muddatda bojxona xizmati organlarining tegishli axborot tizimlarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
5. Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (I. Ergashev) hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
uch kun muddatda ushbu qaror bilan joriy etilayotgan yangi tizimning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yoritish boʻyicha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari ishtirokida brifing tashkil etsin;
bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Savdo-sanoat palatasi raisi D. Vahobov hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashev hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Kudratov mazkur qaror bilan joriy etilayotgan yangi tizimning samarali faoliyati uchun masʼul va shaxsan javobgar etib belgilansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-fevral,
107-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2024-y., 09/24/107/0180-son, 13.05.2024-y., 09/24/274/0341-son)