Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning “Respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning “Respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, iqlimning barqarorligini taʼminlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan aholining qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlish huquqi kafolatlandi, shaharsozlik hujjatlarining loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi belgilandi.
Global rivojlanish va iqlim oʻzgarishidan kelib chiqqan holda, sohani huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni yanada takomillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi 2018-yilda Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (bundan buyon matnda Ekologiya vazirligi deb yuritiladi) tomonidan atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringini amalga oshirish maqsadida respublikaning 26 ta tumani va shahridagi 74 ta koʻchmas kuzatuv punktida, shu jumladan 8 ta avtomatlashtirilgan monitoring stansiyasida kuzatuvlar yoʻlga qoʻyilgan.
Atmosfera havosiga tashlamalar 2023-yilda 2 138,3 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, shundan 1 279,9 ming tonnasi yoki 59,9 foizi avtotransport vositalari, 858,4 ming tonnasi yoki 40,1 foizi sanoat korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatayotgan yoki zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan 44 ta sanoat korxonasining ifloslantiruvchi manbalaridan namunalar olish va ularni tahlil qilish maqsadida 69 ta avtomatlashtirilgan monitoring stansiyasi hamda ularga tutash hududlarda 27 ta koʻchmas kuzatish punkti oʻrnatilgan.
2023-yilda xavflilik darajasi yuqori va oʻrta boʻlgan 98 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonasida 296 ta, shu bilan birga yangi ishga tushirilgan 29 ta korxonada samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam boʻlmagan chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilgan.
Iqlim oʻzgarishining taʼsirini kamaytirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023-yilda jami 217,0 mln. tup daraxt koʻchati ekilgan.
Shu bilan birga bu borada amalga oshirilgan ishlar tahlili atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish boʻyicha ayrim kamchiliklar va eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirishda Ekologiya vazirligining idoralararo hamkorlikni taʼminlash borasidagi tegishli vakolatlari yetarlicha amalga oshirilmagan.
Mazkur Qonunda nazarda tutilgan avtotransport vositalari ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirishga doir ishlar lozim darajada tashkil etilmagan. Jumladan, 2023-yilda “Toza havo” oyligi doirasida respublikada roʻyxatdan oʻtgan 4 186 mingta avtotransport vositalarining atigi 19 mingtasi yoki 0,5 foizi ekologik nazoratdan oʻtkazilgan. Vaholanki, oʻtgan yili respublikada atmosferaga chiqarilgan tashlamalarning qariyb 60 foizi avtotransport vositalari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Shuningdek ushbu Qonun hamda mavjud ekologik vaziyatdan kelib chiqqan holda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi eskirgan standartlarni yangilash, atmosfera havosi sifatining normativlarini qayta koʻrib chiqish, atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan korxonalar va boshqa obyektlar faoliyati yuzasidan davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish lozim.
Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlardan toʻlaqonli foydalanmaganligi hamda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar natijasida 2023-yilda Toshkent viloyatida (679,7 ming tonna) va Toshkent shahrida (417,6 ming tonna) atmosfera havosiga tashlamalar miqdori eng yuqori koʻrsatkichni tashkil etgan. Natijada Havo sifati indeksi sayti (IQAir) tomonidan Toshkent shahri dunyodagi havosi eng ifloslangan shaharlardan biri sifatida baholangan.
Daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy talablariga rioya etilishi borasidagi nazorat tadbirlari yetarlicha amalga oshirilmaganligi natijasida moratoriy davrida birgina Toshkent shahrida 49 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesilgan.
Bugungi kunda respublikamizning aksariyat yirik shaharlarida atmosfera havosi ifloslanishini kuzatishning avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalari mavjud emas. Natijada fuqarolarning qulay atrof-muhit, uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborot olish imkoniyatlari cheklanmoqda.
Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining uzoq muddatli davlat siyosatini belgilab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha boʻlgan iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasini ishlab chiqishga doir ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan korxonalar va boshqa obyektlar faoliyati ustidan ekologik nazoratni amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish talab etiladi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning “Respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
“Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqib, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirish;
atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatadigan avtotransport vositalari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan davlat ekologik nazoratini samarali muvofiqlashtirib borish;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi mavjud standartlarni hamda atmosfera havosi sifatining normativlarini qayta koʻrib chiqish, shuningdek davlat ekologik ekspertizasi tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha boʻlgan iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi loyihasini ishlab chiqish;
alohida hollarda, ekologiya sohasidagi qonunchilikning ijrosi ustidan tekshiruvlar maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda oʻtkazilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali amalga oshirish va nazoratga olish mexanizmlarini takomillashtirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent shahridagi barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va koʻp yillik oʻtlarni ekish orqali “Yashil belbogʻ”larni yaratish, ekilgan daraxtlarni doimiy ravishda parvarishlash;
barcha aholi punktlaridagi, shu jumladan qurilish obyektlaridagi har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni saqlash;
atmosfera havosini ifloslantirayotgan ishlab chiqarish korxonalari, shu jumladan issiqxonalar ustidan qatʼiy davlat ekologik nazoratini oʻrnatish;
yil yakuniga qadar atrof-muhitga taʼsiri koʻlami boʻyicha I va II toifaga mansub 122 ta xoʻjalik yurituvchi subyektdagi ifloslantiruvchi texnologiyalar toʻliq modernizatsiya qilinishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi 2024-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mazkur Qarorning ijrosi yuzasidan axborot kiritilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
davlat ekologik dasturlarining, shu jumladan “Yashil makon” umummilliy loyihasining ijrosini samarali tashkil ustidan oʻz partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi:
atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirsin;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazsin hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-yanvar,
3963-IV-son