Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib taʼkidlaydiki, hisobot yilida Institutning faoliyati uning nizomi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) va deputatlar faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, ularning qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati faoliyatiga koʻmaklashish, qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, xorijiy parlamentlar va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatini oʻrganish asosida parlament faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash maqsadida oʻtgan davrda Institut tomonidan qonunchilikdagi muammolar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi turli masalalarni oʻrganish yakunlari yuzasidan 88 ta axborot-tahliliy maʼlumot tayyorlangan.
Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatiga koʻmaklashish, parlament faoliyatiga doir qonunchilikni takomillashtirish borasida Institut tomonidan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Qonun loyihalari yuzasidan Qonunchilik palatasiga 32 ta taklif va ilmiy xulosa taqdim etilgan.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan 13 ta qonun loyihasi yuzasidan xorijiy tajriba oʻrganilib, ilmiy xulosalar ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga Qonunchilik palatasining parlament nazorati tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etilib, 26 ta tahliliy maʼlumot tayyorlangan.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi deputatlarini xalqaro parlamentlararo tashkilotlar hamda xorijiy parlamentlarning ilgʻor tajribasi va amaliyotidan xabardor qilish maqsadida 47 ta “Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar parlamentlari yangiliklari” va 16 ta “Xorijiy mamlakatlar mahalliy davlat organlari faoliyatiga oid yangiliklar” haftalik toʻplamlari tayyorlanib, chop etilgan.
Bundan tashqari Oʻzbekistonning parlamentlararo aloqalariga bagʻishlangan “Singapur parlamenti”, “Qirgʻiz Respublikasi parlamenti” va “Turkiy davlatlar tashkiloti va unga aʼzo mamlakatlar parlamentlari”, “Xorijiy mamlakatlarda davlat va jamiyat boshqaruviga oid institutlarning rasmiy manbalari” nomli 4 ta ilmiy-amaliy elektron toʻplam oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.
Institutning 14 nafar ilmiy xodimi mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etgan. Xususan, ulardan 5 nafari Konstitutsiyaviy komissiyaning Yigʻma axborot-tahlil guruhi huzuridagi ekspertlar guruhida va 9 nafari esa aholidan kelib tushgan takliflar bilan ishlash guruhi tarkibida faoliyat yuritgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining targʻiboti yuzasidan 100 ga yaqin targʻibot tadbiri oʻtkazilgan.
Hisobot davrida markaziy bosma, elektron va xalqaro nashrlarda qonunchilikdagi dolzarb masalalar va amaldagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan 30 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqola chop etilgan.
Shuningdek Institutning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali jamoatchilik uchun qonunchilikdagi yangiliklar, huquqiy-ijtimoiy masalalar boʻyicha axborot berib borilgan.
Shu bilan birga Institutning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili kelgusida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan qator masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, deputatlarning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatiga yaqindan koʻmaklashish borasida Institutning tashabbuskorligi sezilmayapti. Bu borada faqat Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar va deputatlarning soʻrovi asosida qonunchilikni oʻrganish, takliflar ishlab chiqish va tegishli maʼlumotlar tayyorlash bilan cheklanib qolingan.
Institut tomonidan qonun loyihalari boʻyicha berilayotgan xulosalar odatda xorijiy tajriba va yuridik texnika qoidalari bilan cheklanib, qonun loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash hamda ularning xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligini oʻrganish masalalari eʼtibordan chetda qolmoqda.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari huzuridagi ekspert kengashlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishda Institut va qoʻmitalarning hamkorligi sezilmayapti.
Qonunchilik palatasi faoliyatining institutsiyaviy va funksiyaviy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zarur.
Institutning ilmiy salohiyatini oshirib borish, uni ilmiy daraja va unvonlarga ega salohiyatli kadrlar bilan toʻldirish ishlari yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish, kadrlar zaxirasini shakllantirishga jiddiy eʼtibor qaratilishi kerak.
Shu bilan birga Institut faoliyatini, qonunlar va qonun loyihalarining mazmun-mohiyati yuzasidan ilmiy jamoatchilik fikrini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritishni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishi maqsadga muvofiq.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda Institutning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2023-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish boʻyicha Institut bilan hamkorlikni kuchaytirish;
fraksiyalar majlislarida Institut xodimlarining bevosita ishtirok etishini taʼminlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
saylovchilarni oʻylantirib kelayotgan va jamiyat hayotida dolzarb ahamiyat kasb etayotgan masalalar yuzasidan parlament nazorati tadbirlarini oʻtkazishni axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashda Institutning salohiyatidan foydalanish;
parlament nazorati yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan nazoratning taʼsirchanligini yanada oshirishda Institut bilan hamkorlikni jonlantirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti (A. Toshpulatov):
Institut nizomida belgilangan vazifalar ijrosini samarali va oʻz vaqtida taʼminlash;
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan hamkorlik boʻyicha memorandumlar imzolash;
Qonunchilik palatasi deputatlariga qonun loyihalarini ishlab chiqishda har tomonlama koʻmaklashish;
parlament nazorati shakllaridan yanada samarali foydalanish boʻyicha ilmiy asoslantirilgan takliflar kiritib borish;
xorijiy parlamentlar ish tajribasini oʻrganish, bu tajribaning samarali shakllari va usullarini Qonunchilik palatasi, deputatlar faoliyatiga joriy etish maqsadida xorijiy mamlakatlar parlamentlari hamda xalqaro parlament tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotlar tayyorlash;
ilmiy darajaga ega boʻlgan va ilgʻor xorijiy mamlakatlarda tahsil olgan yuqori malakali mutaxassislardan iborat kadrlar tarkibini shakllantirish;
qonun ijodkorligi jarayonida keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlash maqsadida Institut huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini samarali tashkil etish choralarini koʻrsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-yanvar,
3934-IV-son