Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) 2023-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) taʼkidlaydiki, hisobot davrida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida Komissiya tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb etish, yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning hamda qabul qilinayotgan qonunlarning ahamiyatini yoshlar orasida keng targʻib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirish masalalariga Komissiya tomonidan alohida eʼtibor qaratilgan.
2023-yilda Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilgan, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan 38 ta qonun loyihasi boʻyicha Komissiya tomonidan berilgan 80 dan ziyod taklifdan qonun loyihalarini maromiga yetkazish jarayonida foydalanilgan. Mazkur takliflar Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida oʻz aksini topgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish hamda Qonunchilik palatasiga kiritish jarayonida Komissiya aʼzosi Sh. Xolmaxamatova qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti sifatida ishtirok etgan.
Oʻtgan davrda Komissiya aʼzolari yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning, qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, yoshlarning parlament faoliyati hamda qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminarlar va konferensiyalarda muntazam ravishda ishtirok etgan.
Jumladan, 2023-yil 27-fevral kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar — olimlar nigohida” mavzusida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada Komissiya aʼzolari maʼruza bilan ishtirok etgan. Bundan tashqari 2023-yil 12-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari uchun tashkil etilgan oʻquv seminarida Komissiya raisi M. Valiyev maʼruza bilan ishtirok etgan. Shuningdek, 2023-yil 18-dekabr kuni Qonunchilik palatasida respublikamizda oʻtkazilayotgan “Yoshlar forumi”ga start berildi va forum doirasida Qonunchilik palatasi Spikeri hamda yoshlar uchrashuvi oʻtkazildi.
Hisobot davrida Komissiya tomonidan xalqaro aloqalarni mustahkamlashga, xususan, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Komissiya aʼzolari Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasining yigirmanchi yigʻilishida hamda Bishkek shahrida MDHga aʼzo davlatlar Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasining yigirma birinchi yigʻilishida, shuningdek Pusan shahrida Osiyo siyosiy partiyalarining xalqaro konferensiyasi doirasida oʻtkazilgan ICAPP Ishbilarmonlar kengashining “Iqlim inqirozi davrida Osiyo biznesi imkoniyatlari va muammolari” mavzusidagi birinchi yigʻilishida, Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan “Yoshlar parlamentarizmi — Yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini shakllantirish maktabi” mavzusidagi xalqaro forumda maʼruzalar bilan ishtirok etgan.
Komissiyaning faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilgan. Jumladan, Komissiya aʼzolari tomonidan hisobot davrida ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda 800 dan ziyod chiqishlar qilingan.
Shu bilan birga Komissiyaning oʻtgan davr mobaynidagi faoliyatida ayrim masalalarga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan.
Xususan, yoshlar masalalariga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishda Qonunchilik palatasi qoʻmitalari bilan hamkorlik yetarli darajada tashkil etilmagan.
Bundan tashqari Komissiya Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorligini yanada kuchaytirishi maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi raisi M. Valiyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi (M. Valiyev):
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
tegishli davlat organlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga hamda yoshlar bilan bogʻliq tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlab borish;
Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining yoshlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli qonun loyihalarining muhokamasiga bagʻishlangan majlislarida Komissiya aʼzolarining muntazam ishtirok etishini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. Tojiyev zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 23-yanvar,
3945-IV-son