O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va ushbu jarayonga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish imkoniyatlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-son qaroriga muvofiq, o‘quvchilarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, xalqaro standartlarga javob beradigan ta’lim tashkilotlarining zamonaviy qiyofasini yaratish hamda ushbu jarayonga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish orqali yangi o‘quvchi o‘rinlarini yaratish;
hududlarda bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash hamda keyinchalik ushbu binolardan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun foydalanish;
tadbirkorlik subyektlariga nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini aniqlash, vakolatli organ bilan kelishish uchun “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish hamda belgilangan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali mulk yoki ijara huquqi asosida realizatsiya qilish.
2. Belgilansinki, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining faoliyatini yanada kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan bozor foiz stavkalarida milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi;
nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun binolarni yangidan qurgan yoki o‘zining bino va inshootlarida umumiy o‘rta ta’lim faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga ushbu ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan kommunal xarajatlarining 50 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
2030-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslarga o‘z mablag‘lari hisobidan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari binolarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning foyda solig‘ini hisoblashda ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlash huquqi beriladi.
Bunda, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini bepul o‘qishga qabul qilish bo‘yicha litsenziya talablari bajarilmagan taqdirda, mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyoz va kompensatsiyalar summasi ushbu tashkilot tomonidan Davlat budjetiga qaytariladi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili:
1-martga qadar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda demografik o‘sish, aholi joylashuvi va zichligini hisobga olgan holda, kelgusi yillarda yangi nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida maqbul yer uchastkalarini aniqlasin;
1-aprelga qadar yangi nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga binolar qurish maqsadida respublika bo‘yicha umumiy maydoni 50 gektar yer uchastkasidan kam bo‘lmagan manzilli ro‘yxatni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
1-mayga qadar tasdiqlangan manzilli ro‘yxatga asosan yer uchastkalarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron onlayn-auksion savdolariga mulk yoki ijara huquqi asosida chiqarsin.
Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq auksion savdolarida 3 oydan ortiq muddat sotilmay turgan yer uchastkalari savdodan yechilmasdan boshlang‘ich narxini qadamma-qadam 50 foizgacha pasaytirish mexanizmini qo‘llagan holda, takroriy auksion savdolariga chiqariladi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun binolar qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun homiylik xayriyalarini yo‘naltirgan tadbirkorlik subyektlari rahbarlarini davlat mukofotlariga nomzodlar sifatida tavsiya etish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
5. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tartibini belgilash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga ushbu qarordan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.O‘. Umarova belgilansin.
8. Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-yanvar,
PQ-49-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2024-y., 07/24/49/0080-son)