Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
Bojxona ishlarida oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida bojxona ishlarida oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisidagi 1999-yil 5-oktabrda imzolangan Bitim (matnda keyingi oʻrinda — Bitim) doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida,
Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida bojxona faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarida ikki tomonlama bojxona hamkorlikni faollashtirish istagini bildirgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1 modda
Bitimning 12-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12-modda
Bojxona hamkorligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari mazkur Bitim qoidalariga muvofiq kuyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) bojxona xodimlari oʻrtasida almashinuvlar oʻtkazish;
b) bojxona xodimlarini malakasini oshirish;
s) bojxona ishi bilan bogʻliq kasbiy, ilmiy va texnik maʼlumotlar almashinuvi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning Bojxona organlari bojxona masalalariga doir hamkorlikni quyidagi sohalarda tajriba almashish, ilgʻor amaliyotni oʻrganish, maslahatlashuvlar oʻtkazish va yangi ikki tomonlama bitimlar tuzish orqali ragʻbatlantiradi va rivojlantiradi:
a) olib oʻtilayotgan tovarlarga doir maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlash maqsadida yangi texnik vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda bojxona tartib-taomillari va bojxona koʻrigida qoʻllaniladigan texnologiyalarni takomillashtirish;
b) bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-taomillarini jadallashtirish;
s) bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shu jumladan kontrabanda tovarlari va intellektual mulk huquqlarini buzuvchi tovarlar savdosiga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qilish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish;
d) ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida bojxona masalalari boʻyicha hamkorlikni kengaytirish yoʻllari va imkoniyatlarini oʻrganish;
e) tovarlarni chegaradan olib oʻtishni yengillashtirish, soddalashtirish va xavfsizlikni taʼminlash hamda samarali bojxona rasmiylashtiruvini taʼminlash maqsadida hamkorlik qilish;
f) bojxona siyosati va tartib-taomillari, huquqni muhofaza qilish funksiyalari, modernizatsiya dasturlari hamda yetkazib berish tizimi xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishlarida bilim va ilgʻor tajriba almashish;
g) hamkorlikning oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa yoʻnalishlari”.
2 modda
Mazkur Bayonnoma Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va Ahdlashuvchi Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birlarini ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz hukumatlari tomonidan tegishli tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida yigirma ikkinchi sentyabr 2023-yilda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)