Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ramatovning qoʻshimcha javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ramatov tomonidan yuborilgan qoʻshimcha yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish uchun sharoitlar yaratish orqali yoʻllarda avariya va oʻlim holatlarini keskin qisqartirishga, shuningdek viloyatlar, shaharlar (tumanlar) markazlarida chorrahalarni toʻliq raqamli boshqaruv tizimiga oʻtkazish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni toʻlaqonli amalga oshirish va bu boradagi nazoratni kuchaytirish;
yoʻl xarakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish uchun ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, bu borada aniqlanayotgan moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash hamda ularning oldini olish boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatish;
foto- va video- qayd etish texnika vositalaridan foydalanishda davlat, jamoat xavfsizligini va inson huquqlari himoyasini taʼminlash hamda vakolatli davlat organlarining huquq va majburiyatlarini belgilash yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi qoʻshimcha yozma javob maʼlumotida qayd etilgan, parlament soʻrovini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan 2024-yilning 1-iyuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-dekabr,
3856-IV-son