Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan iqlim oʻzgarishining oldini olishda atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan axborot haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan iqlim oʻzgarishining oldini olishda atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan axborotni eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida atmosfera havosini muhofaza qilish, hududlarda yashil maydonlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, atmosfera havosiga taʼsiri xavfi yuqori boʻlgan 44 ta sanoat korxonasining ifloslantirish manbalaridan namuna olish va tahlil qilish uchun 69 ta avtomat stansiyasi hamda ularga tutash hududlarda 27 ta koʻchmas kuzatish punkti oʻrnatilgan.
2023-yilning oʻtgan davrida 147 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonasidagi chang-gazlarni tutib qoluvchi 716 ta uskuna taʼmirlanishi va yangilanishi natijasida atmosfera havosiga 10 ming tonnadan ortiq zararli tashlamalar chiqarilishi oldi olingan.
Respublikaning 26 ta shahridagi 74 ta koʻchmas kuzatuv punktida, shu jumladan, 8 ta avtomatik stansiyada atmosfera havosi ifloslanishining fonli monitoringi yoʻlga qoʻyilgan.
“Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida atmosfera havosidagi RM 10 — RM 2,5-mayda zarralarni oʻlchovchi 2 ta avtomatik stansiya oʻrnatilgan.
Faoliyat olib borayotgan 14 ta sanoat korxonasiga samaradorligi 95,0 foizdan kam boʻlmagan hamda 12 ta yangi tashkil etilgan korxonaga esa 99,5 foizdan kam boʻlmagan 32 ta chang-gaz tozalash uskunasi oʻrnatilgan.
Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Toza havo” tadbirlari doirasida 2 914 ta avtotransport vositasi harakati vaqtinchalik toʻxtatib turilishi natijasida atmosfera havosiga 209,232 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi oldi olingan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilda 217,0 mln tup koʻchat ekilgan. Atrof-muhitga taʼsiri yuqori boʻlgan 189 ta sanoat korxonasi atrofida 1 730,0 ming tup koʻchatlar ekilib, “yashil belbogʻ”lar, shuningdek, 196 ta chiqindi poligoni atrofida 135,0 ming tup daraxtlar ekilib, ihota daraxtzorlar barpo qilingan.
Oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan hududlar iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan 650 gektar maydonda koʻchatxonalar tashkil etilgan. Koʻchatlarni suv bilan taʼminlash maqsadida hududlarda 893 ta quduq qazilib, 1 058,7 km uzunlikda sugʻorish tizimlari oʻrnatilgan.
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan tasvirlarni qayta ishlash va sunʼiy intellekt orqali avtomatik ravishda hisob yuritish boʻyicha yaratilgan model algoritmdan foydalangan holda daraxtlarni raqamlashtirish, ularning joylashuvi, sonini aniqlash hamda raqamli xarita yaratish ishlari boshlangan.
Toshkent shahridagi 331 ta qurilish obyektlarida 10 448 ta daraxt xatlovdan oʻtkazilib, ularni saqlab qolish boʻyicha quruvchi tashkilotlarga majburiy koʻrsatmalar berilgan va kafolat xatlari olingan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan sohada ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, atmosferaga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirish ishlari yetarli darajada olib borilmagani natijasida tashlamalar miqdori hozirda qariyb 2 200 ming tonnaga yetgan.
Korxonalardagi mavjud 6 mingdan ortiq chang-gaz tozalash uskunalari 60 foizining tozalash samaradorligi oʻrtacha 86,5 foizni tashkil etmoqda xolos.
Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini olib boruvchi kuzatuv punktlarini onlayn tartibda axborot olish imkonini beradigan avtomatik oʻlchov asboblari bilan jihozlash ishlari oxiriga yetkazilmagan.
Viloyatlar markazlari va yirik sanoat shaharlarida mayda dispersli RM 10 — RM 2,5 zarralarni avtomatik oʻlchovchi asbob-uskunalar oʻrnatilmagan.
Atmosfera holatini kuzatuvchi turgʻun postlar soni, atmosfera havosiga turgʻun manbalardan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni tahliliy aniqlashning koʻlami ham yetarli darajada emas.
“Toza havo” tadbirlari davomida avtotransport vositalarining atigi 8,8 foizigina nazoratdan oʻtkazilgan xolos.
“Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi mavsumda qariyb 1 mln 800 mingta koʻchatni parvarishlashga masʼullar biriktirilmagan. Sugʻorish tizimlari mavjud boʻlmagan hududlarga 7,3 mln tup koʻchatlar ekilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda qurilish obyektlarida kesilish xavfi ostida qolgan daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish oxiriga yetkazilmagan.
Fermer xoʻjaligi va klasterlarga tegishli dala chetlariga ekilgan koʻchat va qalamchalarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish choralarini koʻrish maqsadida oʻsimlik klinikasi va biolaboratoriyalar tizimidan samarali foydalanish borasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan iqlim oʻzgarishining oldini olishda atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
respublikaning barcha hududlarida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish;
xalqaro kelishuvlar va majburiyatlar doirasida 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari tashlamalarini 35 foizga hamda atmosferaga metan gazini tashlashni 30 foizga kamaytirish;
iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq masalalarni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;
“Yashil oʻsish”, “Yashil iqlim”, “Global ekologik jamgʻarma” va boshqa xalqaro moliya institutlarining grant hamda investitsiya loyihalarini jalb qilish;
atrof-muhitga taʼsiri xavfi yuqori darajadagi obyektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan avtomatik ravishda namunalar olish tizimini toʻliq tatbiq etish;
atmosfera havosiga tashlanmalarning asosiy qismini chiqaruvchi koʻchma ifloslantiruvchi manbalarga nisbatan iqtisodiy choralar qoʻllashni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutish masalasini oʻrganib chiqish;
zamonaviy texnik vositalar asosida uzluksiz monitoring yuritish, ifloslantiruvchi moddalarni oʻlchash koʻlamini kengaytirish hamda atmosfera havosining holati va ifloslanish darajasini prognoz qilish;
viloyatlar markazlari va sanoati rivojlangan shaharlarda mayda dispersli RM 10 — RM 2,5 zarralarni avtomatik tarzda oʻlchovchi asbob-uskunalar oʻrnatish;
yirik shaharlar, sanoat va qurilish zonalari boʻyicha monitoring turgʻun postlari joylashishini qayta koʻrib chiqish, I va II darajali ekologik xavfga ega korxonalarni qayta xatlovdan oʻtkazish;
yaratilgan model algoritmdan foydalangan holda daraxtlarni raqamlashtirish, ularning joylashuvi va sonini aniqlash hamda raqamli xarita yaratishni jadallashtirish;
shahar va avtomobil yoʻllari chetida yashil hududlarni kengaytirish, yirik shaharlar atrofida “yashil qalqonlar” tashkil etish;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish boʻyicha Milliy maʼruza tayyorlash choralarini koʻrsin.
3. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda:
qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va boshqa sanoat korxonalarining chang-gaz tozalash uskunalari ish samaradorligini 99,5 foizga yetkazish;
daraxt va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga oʻrnatilgan moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting bahosini pasaytirish choralarini koʻrsin.
4. Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda:
hududlarda transport va piyodalar oqimi kesishadigan joylarni kamaytirish, magistrallarning yuklama darajasini pasaytirishga;
transport oqimi tarkibini va harakat tezligi rejimini tartibga solish siklini optimallashtirish hamda yangi koʻprik va yoi oʻtkazgichlarni barpo etishga;
jamoat transportini, ayniqsa dizel yoqilgʻisida ishlaydigan transport vositalarini ekologik toza energiya manbalariga oʻtkazishga;
“Toza havo” tadbirlari samaradorligini oshirish, atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatadigan avtomototransport vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalaridan mablagʻ ajratilishini taʼminlasin;
foydalanishga topshirilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarining atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarini samaradorligi 99,5 foizdan past boʻlmagan chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlasin;
“Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda ham hududlarning geografik joylashuvi, iqlimiy omillari va sugʻorish tizimlari mavjudligini nazorat qilsin, ekilgan daraxtlarga masʼullarni biriktirsin va agrotexnik ishlov berish tizimini yoiga qoʻysin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlariga:
“Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni davom ettirish;
dolzarb mahalliy ekologik muammolar va ularning oldini olish boʻyicha masalalarni doimiy ravishda mahalliy Kengashlar sessiyalarida muhokama qilish;
iqlim oʻzgarishining oldini olish, atmosfera havosini muhofaza qilish, hududlarni koʻkalamzorlashtirish yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi hamda viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari rahbarlarining hisobotini eshitish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ushbu qaror ijrosi boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar maʼlumotlarini umumlashtirib, 2025-yil 1-yanvarga qadar har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritilishini taʼminlasin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 20-dekabr,
SQ-844-IV-son