Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining
buyrugʻi
“Qattiq yoqilgʻidan foydalanish va uni hisobga olish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 29-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2096-2]
Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-oktabrdagi OʻRQ-872-son “Oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-fevraldagi 108-son “Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 18-martdagi 51-son “Qattiq yoqilgʻidan foydalanish va uni hisobga olish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2096, 2010-yil 14-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 122-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq 2024-yil 28-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir J. MIRZAMAHMUDOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-dekabr,
03-2023-son
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining 2023-yil 14-dekabrdagi 03-2023-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Qattiq yoqilgʻidan foydalanish va uni hisobga olish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruq muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-fevraldagi 108-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:”.
2. Nizomda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar qattiq yoqilgʻidan foydalanish va uni hisobga olishning tartibini belgilaydi.”;
b) 13-bandning birinchi xatboshisidagi “ishlatish” degan soʻz “foydalanish” degan soʻz bilan almashtirilsin;
v) 29-banddagi “davlat metrologiya tekshiruvidan” degan soʻzlar “metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazoratidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2023-y., 10/23/2096-2/0992-son)