Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi tashkil etilganligi va jamgʻarma mablagʻlari xarajatlarining yoʻnalishlari tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzurida “Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, “Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasi:
Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi, Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
axborot dasturlarini ishlab chiqish va kuzatib borish, server, kompyuter qurilmalari va telekommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish, Agentlik tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Call-markaz” faoliyatini tashkil etish va boshqa sohalarda Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan loyihalarga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida moliyalashtiriladi;
tuzilmasi hamda xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va ularni ragʻbatlantirish shartlari Agentlik bilan kelishilgan holda, loyihalarga ajratilgan mablagʻlar doirasida markaz tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-dekabr,
687-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi 687-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) direktorining buyruqlari hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blanka va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
4. Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi;
qisqartirilgan nomi — Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvenniy fond sotsialnoy zashiti Natsionalnogo agentstva sotsialnoy zashiti pri Prezidente Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Gosudarstvenniy fond sotsialnoy zashiti;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — State Fund for Social Protection of the National Agency for Social Protection under the President of the Republic of Uzbekistan
qisqartirilgan nomi — State fund for social protection.
5. Jamgʻarma Davlat maqsadli jamgʻarmasi hisoblanadi.
6. Jamgʻarmaning joylashgan joyi (pochta manzili) — Toshkent shahri, Amir Temur koʻchasi, 3-uy, pochta indeksi 100060.
7. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Agentlikka hisobdordir.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
8. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradi va uning hisobi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining gʻazna ijrosi orqali yuritiladi.
9. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Davlat budjetiga tushadigan tushumlardan (jarimalar, yigʻim va boshqa daromadlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdordagi ajratmalar. Bunda ajratmalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan taqsimotga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tomonidan belgilangan miqdorlarda bir vaqtning oʻzida Jamgʻarmaga hamda Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan transfertlar. Bunda transfertlar har bir maqsadli xarajat yoʻnalishi boʻyicha alohida gʻazna shaxsiy hisobvaraqlarida hisobi yuritiladi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan foiz shaklida olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlari grantlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va jamgʻarmalar, jismoniy va yuridik shaxslar va boshqa donorlarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamgʻarma mablagʻlari soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
10. Agentlik Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Agentlik:
har yili Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini, Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari balansi prognoz koʻrsatkichlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma faoliyati haqidagi hisobotlarni davriy ravishda eshitib boradi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish, tegishli loyihalarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va zarur tavsiyalar tayyorlanishini taʼminlash maqsadida ekspert-tahlil guruh (lar)ini tashkil qiladi;
Jamgʻarma tomonidan aholiga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda moliyalashtirish tartibi va qoidalarini belgilaydi;
Jamgʻarma faoliyati, shu jumladan, mablagʻlarning belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha maqsadli yoʻnaltirilishi, ijtimoiy sohaga doir qarorlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini zarur hollarda tasdiqlangan smetalarga kiritiladigan tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlaydi;
Agentlikning umumiy boshqaruv xodimlari soni doirasida Jamgʻarmaning Direksiyasi shtatlar soni va tuzilmasiga oʻzgartirish kiritadi;
Jamgʻarma Ijrochi direktori va uning oʻrinbosarini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimdan ozod etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Jamgʻarma Jamgʻarmaning Ijrochi direktori, uning oʻrinbosari, shuningdek, tegishli tarkibiy tuzilmalarining rahbar va xodimlaridan iborat tarkibdagi Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi hisoblanuvchi Direksiya tomonidan boshqariladi.
13. Direksiya:
Oʻzbekiston Respublikasining navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti asosiy parametrlari bilan bogʻliq holda, Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining har yilgi prognoz koʻrsatkichlarini shakllantiradi hamda koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Agentlikka kiritadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalarini kengaytirish va xarajatlar samaradorligini oshirishga doir takliflarni ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun Agentlikka kiritadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi uchun zarur qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish boʻyicha amaliy choralar koʻradi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasining ijrosi yuzasidan hisobotni Agentlikka taqdim etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan belgilangan tartibda monitoring yuritilishini taʼminlaydi hamda monitoring natijasida aniqlangan holatlarni tahlil qiladi va tegishli qaror qabul qilish uchun Agentlikka taklif kiritadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
14. Agentlik buyrugʻi bilan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Ijrochi direktor Jamgʻarma direksiyasining rahbari hisoblanadi.
Ijrochi direktor:
Jamgʻarma joriy faoliyatini operativ boshqaradi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq Jamgʻarma faoliyatini tashkil etadi;
Jamgʻarma nomidan vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, moliyaviy, xoʻjalik hamda boshqa shartnomalarni imzolaydi;
bajarilgan ishlar hamda kelgusi chorak uchun ish rejalari toʻgʻrisida har chorakda Agentlikka hisob beradi;
Jamgʻarma xodimlarini ishga qabul qilish, ragʻbatlantirish, ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash hamda ularni ishdan boʻshatish haqida buyruqlar chiqaradi;
Jamgʻarma faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa buyruq va qaror qabul qiladi;
Jamgʻarma nomidan sud idoralariga ariza va shikoyatlar bilan murojaat qiladi;
ichki mehnat tartibi qoidalari, tarkibiy boʻlinma nizomlari, lavozim yoʻriqnomalarini va boshqa ichki hujjatlarni tasdiqlaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Jamgʻarma xodimlari belgilangan tartibda Agentlik bilan kelishilgan holda ishga qabul qilinadi va ular bilan mehnat shartnomalari tuziladi.
15. Jismoniy va yuridik shaxslar hamda boshqa donorlarning homiylik xayriyalaridan tushadigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Jamoatchilik kengashi tomonidan tasdiqlanadi hamda monitoring qilinadi.
16. Xorijiy valyutadagi mablagʻlar Jamgʻarmaning chet el valyutasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga tushadi. Jamgʻarmaning chet el valyutasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga tushgan xorijiy valyutadagi mablagʻlar zaruratga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda sotilib (mazkur Nizomda koʻzda tutilgan holatlar va alohida xarajatlardan tashqari), Jamgʻarmaning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va ushbu Nizomga muvofiq foydalaniladi.
Jamgʻarmaning chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi mablagʻlar import shartnomalari, xorijiy maslahatchilarni jalb etish va chet elda oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlar uchun ushbu Nizomda belgilangan tartibda ishlatilishi mumkin.
17. Jamgʻarmaning boshqaruv xodimlari shtat birliklari Agentlikning markaziy apparati va uning tizimidagi tashkilotlarning boshqaruv shtat birliklari doirasida ajratiladi, shuningdek, Direksiya xodimlariga Agentlik markaziy apparatining xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
Bunda mehnatga haq toʻlash va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha Direksiyaning ijrochi direktori boshqarma boshligʻiga, Direksiya direktorining oʻrinbosari Agentlikning boshqarma boshligʻi oʻrinbosariga, Direksiyaning boʻlim boshligʻi Agentlikning boʻlim boshligʻiga, Direksiyaning bosh mutaxassisi Agentlikning bosh mutaxassisiga, Direksiyaning yetakchi mutaxassisi Agentlikning yetakchi mutaxassisiga hamda Direksiyaning texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari Agentlikning texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga tenglashtiriladi.
Xizmat vazifalarini bajarishda foydalanish uchun Jamgʻarmaga 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratiladi. Jamgʻarma xodimlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish va mukofotlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun Jamgʻarma mablagʻlari Agentlik bilan kelishilgan holda sarflanadi.
Direksiyani saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
18. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi:
“Muruvvat” internat-uylari, Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar hamda pansionatlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash;
protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlari va loyihalarini moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning imtiyozli hamda bepul statsionar, shu jumladan, chet davlatlaridagi tibbiyot muassasalarida davolanishini taʼminlash;
nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻquv, didaktik va boshqa muqobil materiallar bilan taʼminlash;
nogironligi boʻlgan shaxslarni madaniy tadbirlar va sportga jalb etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning transport, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalarini sotib olish xarajatlarini qisman qoplash;
nogironlarni ish bilan taʼminlovchi korxonalarni subsidiyalash;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan ish joylarini tashkil etish xarajatlarini qisman qoplash;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar va qulay muhit yaratishga qaratilgan dastur va chora-tadbirlarni moliyalashtirish;
nogironlarning funksional imkoniyatlarini baholash xizmatini tashkil etish, shu jumladan, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda avtotransport va boshqa zarur jihoz va uskunalar xarid qilish boʻyicha loyiha va dasturlarni moliyalashtirish;
yolgʻiz va yolgʻiz yashovchi keksalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
mehribonlik uylari va bolalar uylarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
voyaga yetmagan bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish xizmatlarini moliyalashtirish;
yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga, shu jumladan, “Mehr daftari”ga kiritilganlarga yordam koʻrsatish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning iqtidorli bolalarini qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq tadbirlar xarajatlarini qoplash;
yetim va chin yetim bolalarning sogʻligini saqlash, salomatligini tiklash, ularni hayotga tayyorlash, ularga taʼlim berish, kasb-hunarga yoʻnaltirish va ishga joylashtirish tadbirlarini tashkil etish;
jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikning eng kichik yoshiga yetmagan bolalarga psixologik yordam koʻrsatish, ularni kasbga oʻqitish va tarbiyalash tadbirlarini tashkil etish;
qarovsiz va boshpanasiz qolgan bolalar, zoʻravonlik qurboni boʻlgan bolalar, jinoyat qurbonlari va guvohlari, jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlik yoshiga yetgan hamda fuqarolik protsessida ishtirok etayotgan bolalarning ijtimoiy va huquqiy himoyasini tashkil etish;
voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari va respublika taʼlim muassasalarining loyiha hamda dasturlarini moliyalashtirish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga davlat taʼlim tashkilotlari xizmatlari uchun haq toʻlash xarajatlarini qoplash;
ehtiyojmand aholi qatlamiga tibbiy (jumladan, xorijiy davlatlarda), psixologik va boshqa xizmatlar koʻrsatish;
oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgan uysiz fuqarolarni vaqtincha boshpana (ijtimoiy uylar) bilan taʼminlash;
odam immuniteti tanqisligi virusi, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi va boshqa hayot uchun xavfli va surunkali noyob (orfan) kasalliklar bilan kasallangan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga moddiy yordam koʻrsatish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam va subsidiyalar berish, ularning kuz-qish mavsumida kommunal toʻlovlari va isitish yoqilgʻisini xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning oʻqish va davolanish bilan bogʻliq xarajatlarini qisman qoplash;
zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarni himoya va reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq loyiha va tadbirlarni moliyalashtirish;
palliativ yordam koʻrsatish markazlari va shelterlar, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan shaxslarning hayot tarzini yaxshilash va ularga xizmat koʻrsatish maqsadida koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari hamda Agentlik tizimidagi boshqa tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
tunu-kun faoliyat koʻrsatadigan Call-markaz xizmatini tashkil etish va takomillashtirish;
“Ijtimoiy karta”larni joriy etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslar va harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun, shuningdek, aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga “Ijtimoiy taksi” xizmatini tashkil etish va takomillashtirish;
“Inson” ijtimoiy xizmat markazlari va mahallalardagi ijtimoiy xodimlarga faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichini (KPI) baholash asosida ragʻbatlantirish toʻlovlarini joriy etish;
joylarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish;
ijtimoiy himoya sohasini avtomatlashtirish va raqamlashtirish tadbirlarini moliyalashtirish, shu jumladan, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, texnik uskuna va vositalarni sotib olish hamda axborot texnologiyalarini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni moliyalashtirish;
axborot-maʼlumot va reklama, maqolalar, broshyuralar, qoʻllanmalar hamda boshqa axborot materiallarini tayyorlash va nashr etish, shu jumladan, video va audio roliklar hamda filmlar yaratish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni tashkil etish uchun haq toʻlash;
aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlarni koʻrsatish sohasida tajriba-loyihalarini moliyalashtirish;
xalqaro maslahatchilar, konsalting va tadqiqot kompaniyalarini yollash, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va joriy etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish;
Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish, shartnoma asosida jalb qilinadigan yuqori malakali, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarning xarajatlarini (mehnatga haq toʻlash, yashash, transport xarajatlari va boshqalar) moliyalashtirish, xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar, shu jumladan, chet elda oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil qilish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni moliyalashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan taqdim etilgan ijtimoiy mavzudagi loyihalarni moliyalashtirish;
fuqarolar, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda tadbirkorlik subyektlarini “Ijtimoiy himoya fidoyisi” idoraviy koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, mukofotlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizimdagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish;
ijtimoiy himoya sohasiga homiylik qilish istagi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan amalga oshiriladigan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizimdagi tashkilotlar tomonidan jalb qilingan volontyorlarni ragʻbatlantirish maqsadida kiyim-bosh, sumka va boshqa xarajatlarni qoplash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va qarorlari bilan belgilangan miqdorlarda Agentlik huzuridagi budjetdan tashqari Ijtimoiy himoya milliy agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltirish;
Agentlik va uning tarkibiy boʻlinmalari va xizmatlarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, shu jumladan, asbob-uskunalar, jihozlar, avtotransport vositalari, diagnostika vositalari, ixtisoslashtirilgan tibbiy-reabilitatsiya uskunalari hamda oʻquv materiallari va boshqalarni xarid qilish;
Agentlikning axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish va boshqa sohalar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun “Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasini moliyalashtirish;
homiylardan maqsadli jalb qilingan mablagʻlarni kelishuvga koʻra homiylar tomonidan belgilangan ijtimoiy loyihalarga yoʻnaltirish.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Quyidagi xarajatlar Agentlik hamda uning hududiy boʻlinmalari orqali alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali moliyalashtirilib, Jamgʻarma xarajatlari bilan qoʻshilgan holda ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar hisobotlarida aks ettiriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar toʻlash;
bir martalik yordam pullarini toʻlash;
yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik nafaqalarini toʻlash;
nogironligi boʻlgan bolalarni voyaga yetkazayotgan onalar uchun nafaqalarni toʻlash;
Keyingi tahrirga qarang.
bola tugʻilishi uchun beriladigan nafaqalar (suyunchi puli)ni toʻlash;
dafn marosimi xarajatlarini qoplash;
yetim va chin yetim bolalarni uy-joy bilan taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
oilalarda (homiylikka olingan) tarbiyalanayotgan har bir yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini tashkil etish.
20. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari belgilanadi.
21. Qonunchilikda ishlatish tartibi belgilanmagan Jamgʻarma xarajatlari Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan tartibga asosan amalga oshiriladi.
22. Mazkur Nizomda koʻzda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirishda tadbir tashabbuskori boʻlgan Agentlikning tegishli tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tizim tashkilotlari tomonidan talabnomalar shakllantiriladi va Agentlik direktoriga kiritiladi.
Bunda Direksiya tomonidan talabnomalarda koʻzda tutilgan tadbirlarni manbai boʻyicha Agentlik direktoriga xulosa kiritiladi.
Agentlik direktorining ruxsati bilan Jamgʻarmadan tegishli xarajatlar amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tizimdagi tashkilotlar orqali ayrim xarajatlarni amalga oshirish uchun ularning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga Jamgʻarmadan tegishli mablagʻlar oʻtkazib berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Jamgʻarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida Jamgʻarma xarajatlari hamda mablagʻlari hisobidan bajarilgan ishlar haqidagi hisobotlar har chorakda Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi.
25. Jamgʻarmaning yil yakuni boʻyicha mablagʻlari qoldigʻi olib qoʻyilmaydi va keyingi moliya yili uchun daromadlar va xarajatlar smetasini tuzishda inobatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Jamgʻarmaning tushumi va mablagʻlaridan foydalanishni nazorat qilish hamda javobgarlik
26. Agentlik, Direksiya, Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va tizimdagi tashkilotlar Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi.
27. Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi Agentlik hamda Hisob-palatasi tomonidan nazorat qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
30. Jamgʻarma qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi 687-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi ijro etuvchi direksiyasining
TUZILMASI
|
Direktor |
|||||||||||||||||||||||||||||||
|
Direktor oʻrinbosari |
Buxgalteriya hisobi boʻlimi 2 |
||||||||||||||||||||||||||||||
|
Rejalashtirish va moliyalashtirish boʻlimi |
Bosh yuriskonsult |
||||||||||||||||||||||||||||||
|
Xaridlar va taʼminot boʻlimi 4 |
|||||||||||||||||||||||||||||||
Izoh. Boshqaruv xodimlarning umumiy cheklangan soni — 11 nafar
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 09/23/687/0990-son; 01.03.2025-y., 09/25/125/0203-son; 19.06.2025-y., 09/25/378/0518-son; 25.12.2025-y., 09/25/817/1208-son; 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son; 12.02.2026-y., 09/26/48/0134-son; 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)