OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — H. Tursunov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B.N. Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar V. Sattorova va R. Sagatovdan iborat tarkibda, B. Joʻrayevning kotibligida, “_____________” kompaniyasi vakillari Erkan Xalil (rahbar), B. Masharipov (2022-yil 2-iyundagi ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar “______________” kompaniyasining javobgar “_____” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamda qoʻshimcha javobgar Qashqadaryo viloyat davlat xizmatlari markaziga nisbatan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “_____” qoʻshma korxonasi ishtirokchilarining 2021-yil 8-fevraldagi 3-sonli hamda 2022-yil 12-dekabrdagi 3-sonli, 2023-yil 28-fevraldagi 4-sonli umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish va uning huquqiy oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 14-iyuldagi hal qiluv qarori ustidan “_____” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“_____________” kompaniyasi (Turkiya) (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “____” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) hamda qoʻshimcha javobgar Qashqadaryo viloyat davlat xizmatlari markaziga nisbatan Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “____” qoʻshma korxonasi ishtirokchilarining 2021-yil 8-fevraldagi 3-sonli, 2022-yil 12-dekabrdagi 3-sonli hamda 2023-yil 28-fevraldagi 4-sonli umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish va uning huquqiy oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Sudning 2023-yil 3-iyuldagi ajrimi bilan Qashqadaryo viloyat davlat xizmatlari markazi uning huquqiy vorisi Davlat xizmatlari departamenti bilan almashtirilgan.
Sudning 2023-yil 14-iyuldagi ajrimi bilan javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 14-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilgan. “____” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi taʼsischilarining 2021-yil 8-fevraldagi 3-sonli qoʻshma majlis bayoni, 2022-yil 12-dekabrdagi 3-sonli qoʻshma majlis bayoni hamda 2023-yil 28-fevraldagi 4-sonli qoʻshma majlis bayonnomasi haqiqiy emas deb topilgan va haqiqiy emaslik oqibatlari qoʻllanilgan.
Javobgar hal qiluv qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, sud hujjatini bekor qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda jamiyat boshqarish organlarining qarorlari ustidan shikoyat berish muddati jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkinligi, daʼvogar vakillari X.E va B.M Qashqadaryo viloyati prokurori nomiga yozgan tushuntirish xatlarida “18.05.2022-yilda rasmiy shaklda stat.uz elektron internet saytida ____ QK MChJ ustav fondida ____ ulushi 51 foiz emas, balki 50 foiz ekanligini E.Xga maʼlum qilingan” — deb, “2022-yil 4-dekabrda orginfo.uz dan olingan “____” QK MChJ maʼlumotga koʻra ustav fondida taʼsischilarning ulushlari 50/50 foiz koʻrsatilgan” — deb, 2023-yil 20-fevralda Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga bergan birinchi daʼvo arizasida “2022-yil 4-dekabrda va 2023-yil 12-yanvarda huquqim buzilganligini bildim” — deb, 2023-yil 17-maydagi daʼvo arizasida “2023-yil 14-martda huquqim buzilganligini bildim” — deb koʻrsatganligi, ushbu holatlar daʼvogar jamiyatning boshqaruv organlarining qarorlaridan ancha vaqt avval, yaʼni bir yil avval xabardor boʻlganligi, lekin jamiyatga bayonnomalar yuzasidan biror marta oʻz eʼtirozlarini bildirmaganligi, daʼvogar sudga daʼvo muddati oʻtib ketganidan soʻng murojaat qilganligi, ushbu masalada birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllamasdan, barvaqt xulosaga kelganligi va javobgarning daʼvo muddatini qoʻllashni soʻrab bergan iltimosnomasini rad etib, daʼvo muddatini tiklaganligi, jamiyatning 2017-yil 15-martdagi Ustavining 6.1-bandida korxonaga taʼsischi boʻlish uchun uning Ustav fondiga hissa kiritish bilan asoslanishi belgilanganligi, daʼvogar “____” QK MChJga Qonunda belgilangan va taʼsis shartnomasida kelishilgan bir yil davomida biror bir ulush kiritmaganligi va ulush kiritganligi toʻgʻrisida guvohnoma olmaganligi, shu bois daʼvogarning sudda korxonaga ulushdor sifatida oʻzini tanishtirishi asossiz ekanligi, majlis bayonnomalarida daʼvogar ulushini oʻz vaqtida kiritmaganligi muhokama qilinganligi, daʼvogar tomonidan esa jamiyatdan ulush kiritganligi toʻgʻrisida guvohnoma olinmaganligi, nizo boʻyicha daʼvogar tomonid�n talabnoma yuborilishi lozim boʻlganligi, biroq javobgarga daʼvo talabi qoʻyib joʻnatilgan talabnoma mavjud emasligi, mazkur holatda birinchi instansiya sudi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishda javobgarga talabnoma yuborilmaganligini inobatga olmaganligi, daʼvogar tomonidan davlat boji belgilangan miqdordan kam toʻlangan boʻlsa-da, daʼvo arizasi ish yurituvga qabul qilinganligi, shu bilan birga, daʼvo arizasida qoʻshimcha javobgar sifatida Qashqadaryo viloyat davlat xizmatlari markazi koʻrsatilgan boʻlsa-da, suddan soʻralgan daʼvo talabida Qashqadaryo viloyat davlat xizmatlari markazidan nimani talab etganligi koʻrsatilmaganligini vaj qilib keltirgan.
Shuningdek, sud majlisiga qadar javobgar tomonidan apellatsiya shikoyatiga qoʻshimcha taqdim etilib, unda daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilinganligi notoʻgʻri boʻlganligi haqida vajlar bildirilgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni soʻrashdi.
Sud majlisida majlis vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar hamda Qashqadaryo viloyat Davlat xizmatlari departamentidan vakil ishtirok etmadi.
Sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan ishni ular vakilining ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim deb topdi.
Sudlov hayʼati daʼvogar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar tomonidan 2016-yil 27-oktabrda hissadorlarning yigʻilishi oʻtkazilib, ushbu yigʻilishda 2017-yil yanvar oyidan boshlab 49/51 foiz hissali hissadorlik korxonasi tuzish haqida 1-sonli qaror qabul qilingan (i.v.17-19). Ushbu yigʻilish qarori daʼvogar tomonidan yagona taʼsischi sifatida E.X, javobgar tomonidan ham yagona taʼsischi sifatida A.E tomonidan imzolangan.
Qoʻshma korxonaning taʼsis shartnomasi hamda taraflarning taʼsischiligida tashkil etilgan masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “____” qoʻshma korxona (bundan buyon matnda Qoʻshma korxona deb yuritiladi)ning ustavi 2017-yil 15-martda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Qoʻshma korxonaning ustaviga koʻra, uning ustav fondi 800 000 AQSh dollarini, jumladan daʼvogarning ulushi 51 foiz (408 000 AQSh dollari), javobgarning ulushi esa 49 foiz (392 000 AQSh dollari) tashkil etgan.
Daʼvogar rahbari E.X tomonidan 2020-yil 2-yanvarda A.Ega 4-sonli ishonchnoma berilgan. Ushbu ishonchnomada A.Ega unda uning nomidan vakil boʻlish, ish yuritish, uning manfaatida vakolatli korxona va tashkilotlarga, bojxona organlariga murojaat qilish, xat va bayonnomalarni imzolash, savdo takliflarini, shartnomalarni, schyot-fakturalarni, dalolatnomalarni, qoʻshimcha kelishuvlarni, bojxona hujjatlarini imzolash, sudlarga ariza va shikoyatlar berish boʻyicha vakolatlar berilgan (i.v.29).
Shuningdek, 2020-yil 4-yanvarda Turkiya Respublikasida daʼvogar rahbari tomonidan imzolangan va A.Ening nomiga berilgan 4-sonli ishonchnomada ham uning nomidan vakil boʻlish, ish yuritish, uning manfaatida vakolatli korxona va tashkilotlarga, bojxona organlariga murojaat qilish, xat va bayonnomalarni imzolash, savdo takliflarini, shartnomalarni, schyot-fakturalarni, dalolatnomalarni, qoʻshimcha kelishuvlarni, bojxona hujjatlarini imzolash, sudlarga ariza va shikoyatlar berish bilan bogʻliq vakolatlarni amalga oshirish huquqi qayd etilgan (i.v.63).
2021-yil 8-fevralda daʼvogar va javobgar taʼsischilarining qoʻshma yigʻilishi oʻtkazilgan. Unda qoʻshma korxonasi ustav fondidagi javobgarning 49 foiz ulushini 50 foizga (408 000 AQSh dollari) koʻpaytirish, daʼvogarning 51 foiz ulushini esa 50 foizga (408 000 AQSh dollari) kamaytirish haqida 3-sonli qaror qabul qilingan va qoʻshma korxonaning ustavi davlat roʻyxatidan qayta oʻtkazilgan. Ushbu yigʻilish bayonnomasi daʼvogar nomidan 2020-yil 4-yanvardagi 4-sonli ishonchnoma asosida A.E tomonidan imzolangan (i.v.30).
Shuningdek 2021-yil 12-dekabrda daʼvogar va javobgar taʼsischilarining qoʻshma yigʻilishi oʻtkazilgan. Unda qoʻshma korxona taʼsischilari tarkibidan daʼvogarni chiqarish haqida 3-sonli qaror qabul qilingan hamda jamiyat ustavi qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ushbu yigʻilish bayonnomasi ham daʼvogar nomidan 2020-yil 4-yanvardagi 4-sonli ishonchnoma asosida A.E tomonidan imzolangan (i.v.31,32).
Ushbu yigʻilish qarorida daʼvogarga qoʻshma korxonaning ustav fondiga natura koʻrinishida kiritgan metallokonstruksiya va sendvich panellari, plazma kesish, gilotina va list bukish pressi uskunalarini unga (daʼvogarga) qaytarilishi, topshirish-qabul dalolatnomasi rasmiylashtirilishi, “____” MChJ qoʻshma korxonaning 100 foiz ulushga ega taʼsischisi deb hisoblanishi, qoʻshma korxona ustav fondi miqdori 205 166 025 soʻm deb oʻzgartirilishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, A.E tomonidan 2023-yil 28-fevralda qoʻshma korxona va javobgarning qoʻshma yigʻilishi oʻtkazilgan. Yigʻilishda qoʻshma korxonani javobgarga qoʻshib olish, qoʻshma korxonaga tegishli hujjatlar va tovarlarni topshirishni tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirish haqida 4-sonli qaror qabul qilingan.
Yuqorida qayd etilgan yigʻilishlar Qonun hamda Qoʻshma korxona ustavi talablariga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hamda qarorlar qabul qilingan.
Jumladan, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 33-moddasining birinchi va ikkinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart.
Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak.
Mazkur holatda yuqorida qayd etilgan har uchala yigʻilishni chaqirishda ham Qonunning ushbu talabiga rioya qilinmagan. Yaʼni, ish hujjatlarida daʼvogar ushbu yigʻilish haqida qonunda belgilangan tartibda xabardor qilinganligi haqida dalillar mavjud emas.
Javobgarning ushbu yigʻilishda daʼvogar nomidan yuqorida qayd etilgan ishonchnomalar asosida A.E ishtirok etganligi haqidagi vajlari ushbu yigʻilishlar qonuniy oʻtkazilganligidan dalolat bermaydi. Chunki, birinchidan, Qonun 34-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishda shaxsan yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishga haqlidirlar. Jamiyat ishtirokchilarining vakillari oʻz vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatni (ishonchnomani) koʻrsatishlari lozim. Jamiyat ishtirokchisining vakiliga berilgan ishonchnoma qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan va notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak. A.Ega berilgan ishonchnoma notarial tartibda tasdiqlanmagan. Ikkinchidan, Qonun 20-moddasining birinchi qismida jamiyat ishtirokchisi jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoki uning bir qismini jamiyatning bir yoxud bir necha ishtirokchisiga sotishga yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechishga haqli ekanligi belgilangan. Mazkur holatda daʼvogar tomonidan dastlab (2022-yil 8-fevral kuni) oʻz ulushining bir foiz qismini, keyinchalik esa qolgan 50 foiz ulushini (2022-yil 12-dekabr kuni) javobgarga oʻtkazish va oʻzi qoʻshma korxona ishtirokchilari safidan chiqishga rozilik bermagan. Umumiy yigʻilish qarorlarida koʻrsatilgan ishonchnoma bilan daʼvogar tomonidan A.Ega oʻz ulushini javobgarga oʻtkazish, qoʻshma korxona taʼsischiligidan chiqish haqida qaror qabul qilishi, yoki bunday qaror uchun ovoz berishi uchun vakolat berilmagan. Shuning uchun ishonchnomada A.E daʼvogar nomidan “bayonnomalarni imzolashi” mumkinligi nazarda tutilganligi, unga yuqorida qayd etilgan qarorlarni qabul qilish vakolati berilganligini anglatmaydi. Qolaversa, qoʻshma korxona ustavining 11.3-bandida korxona ustaviga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, ustav fondi miqdorining oʻzgarishi, ishtirokchilar tomonidan kiritilgan qoʻshimcha badallarning tartibi va shartlarini belgilash taʼsischilarning mutlaq vakolatiga kirishi nazarda tutilgan. Mazkur holatda qoʻshma korxona taʼsischilarining mutlaq vakolatiga kiruvchi masalalar javobgar taʼsischisi A.E tomonidan yakka tartibda hal qilingan.
Qonunning 41-moddasiga muvofiq jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi taʼsischilarning nizoli yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqida asosli xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati javobgarning “2022-yil 4-dekabrda orginfo.uz dan olingan “____” QK MChJ maʼlumotga koʻra ustav fondida taʼsischilarning ulushlari 50/50 foiz koʻrsatilgan”-deb, 2023-yil 20-fevralda Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga bergan birinchi daʼvo arizasida “2022-yil 4-dekabrda va 2023-yil 12-yanvarda huquqim buzilganligini bildim”-deb, 2023-yil 17-maydagi daʼvo arizasida “2023-yil 14-martda huquqim buzilganligini bildim”-deb koʻrsatganligi, ushbu holatlar daʼvogar jamiyatning boshqaruv organlarining qarorlaridan ancha vaqt avval, yaʼni bir yil avval xabardor boʻlganligi, lekin jamiyatga bayonnomalar yuzasidan biror marta oʻz eʼtirozlarini bildirmaganligi, daʼvogar sudga daʼvo muddati oʻtib ketganidan soʻng murojaat qilganligi, ushbu masalada birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllamasdan, barvaqt xulosaga kelganligi va javobgarning daʼvo muddatini qoʻllashni soʻrab bergan iltimosnomasini rad etib, daʼvo muddatini tiklaganligi, yaʼni daʼvogar daʼvo muddatini oʻtkazib yuborganligi haqidagi vajlari bilan kelisha olmaydi. Chunki, daʼvogar yuqoridagi tushuntirishlarida oʻzining huquqi aynan 2022-yil 4-dekabr va 2023-yil 12-yanvarda yoki 2023-yil 14-martda buzilganligini qayd etgan boʻlsa-da, javobgar ushbu sanalarda nizoli umumiy yigʻilish qarorlarining oʻzi (nusxasi) daʼvogarda mavjud boʻlganligini isbotlab bermagan.
IPK 278-moddasining 1-bandida apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli ekanligi belgilangan.
IPK 279-moddasining birinchi qismiga koʻra, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi. Mazkur holatda bunday asoslar mavjud emas.
Biroq, birinchi instansiya sudi ishni koʻrish natijasi boʻyicha javobgardan respublika budjetiga ortiqcha 990 000 soʻm davlat boji undirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Mazkur holatda sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, IPKning 118-moddasiga asosan ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashni lozim topadi. Bunda javobgar tomonidan ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun javobgar tomonidan 4 950 000 (9 900 000 : 2) soʻm davlat boji toʻlanishi lozim boʻlgan. Biroq, javobgar tomonidan 660 000 soʻm davlat boji toʻlangan. Shuning uchun javobgardan 4 290 000 (4 950 000 — 660 000) soʻm davlat boji undirish lozim. Biroq, birinchi instansiya sudi javobgardan ortiqcha 990 000 soʻm davlat boji undirgan. Shuning uchun javobgardan ushbu summani chegirgan holda respublika budjetiga 3 300 000 (4 290 000 — 990 000) soʻm davlat boji undirish lozim boʻladi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278-280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 14-iyuldagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, “____” masʼuliyati cheklangan jamiyatining apellatsiya shikoyati qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
“____” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan respublika budjetiga 3 300 000 soʻm davlat boji undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda va muddatda kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-dekabr,
4-18-2307/12-son