Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, fuqarolar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud tomonidan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi.
Sud hokimiyatining alohida mavqe va obroʻsiga, sudyalar mustaqilligi prinsiplariga muvofiq sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi belgilangan.
Bugungi kunda sudyalarga pensiya tayinlash amaliyotida yuzaga kelayotgan noaniqlik va muammolar tahlili sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibini yanada takomillashtirish zarurligini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 16-yanvardagi PF-11-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, sudyalarning pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari va tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi PF-11-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2023 — 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturining 27-bandiga muvofiq sudyalarga pensiya tayinlash amaliyotida yuzaga kelayotgan noaniqlik va muammolar tahlili asosida sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
sudyalik lavozimida pensiya olish huquqini taʼminlashda sudyaning pensiya yoshiga qadar benuqson obroʻ-eʼtibor bilan faoliyat koʻrsatishi asosiy mezon hisoblanishini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan asoslar boʻyicha sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, sudyalik pensiyasini olish huquqini istisno etish;
sudyaning amaldagi vakolat muddati tugamasdan navbatdagi muddatga saylangan yoki tayinlangan hollarda, istisno tariqasida, olti oygacha boʻlgan muddat sudya lavozimidagi ish stajiga qoʻshilishini aniqlashtirish;
pensioner vafot etgan oy uchun oxirigacha olinmay qolgan pensiya summasi ushbu oy uchun toʻliq toʻlanishini belgilash.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-noyabr,
630-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-noyabrdagi 630-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-bandda:
“a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) yoshga doir pensiyani — sudya sifatida kamida 15 yillik ish stajiga ega boʻlgan erkaklar — 60 yoshga toʻlganda hamda ayollar — 55 yoshga toʻlganda. Bunda sudyaning amaldagi vakolat muddati tugamasdan navbatdagi muddatga saylangan yoki tayinlangan hollarda, istisno tariqasida, olti oygacha boʻlgan muddat sudya lavozimidagi ish stajiga qoʻshiladi”;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 79-moddasi birinchi qismining 1, 3, 5 va 10-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, u ushbu Nizomga muvofiq pensiya olish huquqiga ega boʻlmaydi”.
2. 6-bandning uchinchi xatboshisi “shuningdek,” soʻzidan keyin “1991-yil 12-iyundan 1992-yilning 8-dekabriga qadar hakamlik sudlari,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. 30-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Nizom 30-bandining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan shaxslarning ushbu Nizomga muvofiq pensiya tayinlash huquqini beradigan ish stajini hisoblash uchun ushbu shaxslar kamida 10 yil sudya lavozimida ishlagan boʻlishi lozim”;
toʻqqizinchi xatboshi tegishincha oʻninchi xatboshi deb hisoblansin.
4. 45-bandning beshinchi xatboshisi “xoʻjalik sudlari,” soʻzlaridan keyin “shuningdek, 1991-yil 12-iyundan 1992-yilning 8-dekabriga qadar hakamlik sudlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
5. 48-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “pensiyani hisoblashning eng kam miqdorining” soʻzlari “pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 100-bandning ikkinchi xatboshisidagi “uning vafotigacha ushbu oyning kunlari uchun” soʻzlari “ushbu oy uchun toʻliq” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2023-y., 09/23/630/0911-son)