Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi bosqichda ishni koʻrgan sudya: S. Rustamov
Apellatsiya bosqichida maʼruzachi sudya: A. Madaminov
Apellatsiya bosqichida maʼruzachi sudya: A. Madaminov
Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida, viloyat sudi sudyasi T. Atabayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar U. Xoliqov va A. Madaminovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi X. Toʻxtasinovni sud majlisi kotibligida, daʼvogar A.O., javobgar “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari va uchinchi shaxs M.Q., MChJ va uchinchi shaxslar A.A. ishonchli vakili Oʻ.Oʻ. (ishonchnoma asosida)lar ishtirokida, daʼvogar “Oʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati ulushdori Oʻ.A. javobgar “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan 2021-yil 1-dekabr kungi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish yuzasidan Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-sentabrdagi hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, javobgar “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati va uning ishtirokchilari Q.Q. va boshqalar (12 nafar taʼsischi) keltirgan apellatsiya shikoyati va unga ilova qilingan hujjatlarni, viloyat sudining binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“A” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi A.O.A. (keyingi matnlarda daʼvogar deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi matnlarda MChJ deb yuritiladi) 2021-yil 1-dekabr kungi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga A.O. nizo predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talabi qanoatlantirilib, “Oʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2021-yil 1-dekabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilgan. MChJ dan daʼvogar O.A. foydasiga 3 300 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajati undirilgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, javobgar A.O. apellatsiya shikoyati bilan Andijon viloyat sudiga murojaat qilgan.
Apellatsiya shikoyatida, IPKning 63-moddasida daʼvo arizasini imzolash vakolati maxsus nazarda tutilishi lozimligi, biroq, daʼvogar vakili Oʻ.Oʻ. daʼvo arizasini imzolashga vakolati yoʻqligi, muqaddam ayni bir taraflar oʻrtasidagi nizo koʻrib hal etilib, qaror qabul qilinib, rad etilganligi, shu sababli ish yuritishdan tugatish lozim boʻlganligi, qonunga muvofiq, ishtirokchilar bunday daʼvo arizasi kiritishi mumkinligi, lekin daʼvogar ishtirokchi hisoblanmasligi, daʼvo muddati oʻtganligi, ariza berilganligi, biroq birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini koʻllash haqidagi arizani asossiz rad etganligini bildirib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirishni, yoki daʼvo arizasi boʻyicha ish yuritishdan tugatishni, yoki daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etish haqida qaror qabul qilishni soʻragan.
Javobgar MChJ va uchinchi shaxslar vakili Oʻ.Oʻ. sud majlisida bergan tushuntirishida apellatsiya shikoyatini quvvatlab, birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilishni soʻradi.
Daʼvogar A.O. va uning vakili Sh.X. sud majlisida shikoyatga eʼtiroz bildirib, apellatsiya shikoyatini rad etib, sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Uchinchi shaxslar vakillari sud majlisi vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan boʻlsada, sud majlisida ishtirok etmadilar.
Apellatsiya instansiyasi sudlov hayʼati taraflar vakillarining koʻrgazmalarini, ishdagi mavjud hamda taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2005-yil 19-sentabrda tashkil etilgan. Andijon shahar hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2010-yil 10-martdagi 6807-sonli reyestri bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan. MChJ Nizomi va taʼsis shartnomasida taʼsischilar soni 33 ta jismoniy shaxslardan iborat boʻlgan.
A.O.A. 2012-yil 14-iyunda MChJ taʼsischilari M.Q.ning 4,04 foiz, F.Q.ning 0,67 foiz, A.N.ning 0,67 foiz, F.Q.ning 0,67 foiz, X.A.ning 0,47 foiz, 2012-yil 5-iyunda O.Q.ning 0,47 foiz, U.A.ning 0,72 foiz, T.X.ning 3,56 foiz, G.E.ning 1,37 foiz, 2012-yil 16-iyulda K.A.ning 0,64 foiz, 2012-yil 19-iyunda Sh.Sh.ning 1,06 foiz, 2012-yil 6-iyunda A.Y.ning 2,87 foiz, 2012-yil 17-iyulda A.Q.ning 0,84 foiz ulushlarini notarial tasdiqlangan shartnomalarga asosan sotib olgan va MChJdagi ulushi 18,25 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, MChJ 2010-yil 10-martda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, MChJ Nizomiga koʻra, jamiyatning 61,29 foizlik ulushdori fuqaro A.U.M. hisoblangan. Biroq, 2010-yil 12-martdagi Andijon shahar 1-davlat notarial idorasida taʼsischi A.U.M. va fuqaro A.O.A. oʻrtasidagi “Ulush oldi-sotdi shartnomasi” tuzilib, reyestrga 3-3029-tartib raqami bilan qayd qilingan. Mazkur shartnomaga koʻra, A.U.M. MChJdagi 61,29 foiz ulushidan 30 foizi A.O.A. sotilib, uning jami ulushi 48,25 foizni tashkil qilgan.
MChJ taʼsischilari tomonidan 2016-yil 20-aprelda navbatdan tashqari umumiy yigʻilish oʻtkazilgan boʻlib, unga asosan MChJning ijro etuvchi organi rahbari — jamiyat raisi vazifasiga A.O.A.ni tayinlash haqida qaror qabul qilingan.
Biroq, MChJ taʼsischilarining 2016-yil 20-apreldagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayonnomasidan (qarori) norozi boʻlgan MChJ taʼsischilari sudga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, MChJning mazkur umumiy yigʻilish bayonnomasini (qarorini) haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ushbu daʼvo arizasi boʻyicha 4-1701-2102/2379-sonli iqtisodiy ish qoʻzgʻatilib, daʼvo ariza barcha instansiyalarda koʻrilib, yakunda Andijon viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 28-martdagi qarori bilan daʼvo arizasini qanoatlantirish rad qilingan.
Dyemak, Oʻ.Oʻ raisi hisoblangan.
Shuningdek, taʼsischilar A.O. Oʻ.A. oʻrtasida 2010-yil 12-martda tuzilgan “Ulush oldi-sotdi shartnomasi”ni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Mazkur daʼvo arizasi boʻyicha 4-1701-2004/1498-sonli iqtisodiy ish qoʻzgʻatilib, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2021-yil 12-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo muddati qoʻllanilib, daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan. Ushbu hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2021-yil 28-apreldagi qarori bilan qanoatlantirilmasdan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Shuningdek, A.A. ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar Oʻ.A. va boshqalarga nisbatan ishonchnomani haqiqiy emas deb topish va taʼsis shartnomasini yangilash majburiyati yuklashni soʻragan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudining 2015-yil 10-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasi qanoatlantirilib, Andijon shahar 9-son davlat notarial idorasida tasdiqlangan reyestrga 2/4561-son bilan qayd etilgan MChJning 30 foiz ulushlarini fuqaro A.O. boshqarish uchun berish haqidagi ishonchnomani haqiqiy emas deb topilgan hamda MChJning barcha taʼsischilari zimmasiga O.A.ni 30 foiz ulushlari bilan qoʻshilishi haqidagi yangidan taʼsis shartnomasi tuzish majburiyati yuklatilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon viloyat sudi kassatsiya instansiya sudining 2019-yil 15-avgustdagi ajrimiga asosan hal qiluv qaroriga nisbatan berilgan kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Mazkur hal qiluv qarori yuqori instansiyalarda bekor qilinmagan biroq, hal qiluv qarori ijrosi taʼminlanmagan. Shu sababli A.Oʻ. my.gov.uz internet saytidagi maʼlumotda MChJ taʼsischilari safida qayd qilinmagan.
MChJ taʼsischilari tomonidan 2021-yil 1-dekabrda navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilib, yigʻilishda jamiyat ijro etuvchi organi rahbari jamiyat raisi vazifasiga Oʻ.A. saylanib, Oʻ.A. jamiyatga muqaddam rahbar sifatida tayinlanmaganligi, bu borada taʼsischilar umumiy yigʻilishi oʻtkazilmaganligi sababli A.A. jamiyat ijro etuvchi organi rahbari sifatida jamiyatni boshqarish vakolatiga ega emasligi inobatga olinishi haqida qaror qabul qilingan.
Ushbu yigʻilishda 72,06 foizi ulushga ega boʻlgan taʼsischilar ishtirok etgan deb hisoblab, yigʻilish oʻtkazilgan sanada A.A. ulushi 61,29 foizni tashkil qilishi qayd etilgan boʻlsa-da, biroq, A.O. 61,29 foiz ulushidan 30 foizini 2010-yil 12-martda tuzilgan “Ulush oldi-sotdi shartnomasi”ga asosan daʼvogarga sotib yuborgan.
Bundan koʻrinadiki, yigʻilish oʻtkazilgan sanada A.Oʻ. ulushi 31,29 foizni tashkil qilib, yigʻilishda 42,06 foiz ulushdorlar ishtirok etgan.
Qonunning 32-moddasi koʻra, jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyatning ustavida belgilangan hollarda, shuningdek, agar bunday umumiy yigʻilishni oʻtkazishni jamiyatning va uning ishtirokchilarining manfaatlari taqozo etsa, boshqa hollarda ham oʻtkaziladi. Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan: jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining jami kamida oʻndan biriga ega boʻlgan jamiyat ishtirokchilarining; jamiyat kuzatuv kengashining; jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) talabiga binoan chaqiriladi.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi zarur hollarda jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan uning tashabbusiga binoan chaqirilishi mumkin.
Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talab olingan sanadan eʼtiboran uch kun ichida mazkur talabni koʻrib chiqishi va jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish haqida yoki uni oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
Qonunning 33-moddasiga asosan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart. Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak. Jamiyatning istalgan ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga qoʻshimcha masalalarni kiritish toʻgʻrisida uni oʻtkazishdan kamida oʻn besh kun oldin takliflar kiritishga haqlidir. Qoʻshimcha masalalar, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlari jumlasiga kirmaydigan masalalarni istisno etganda, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritiladi. Agar jamiyat ishtirokchilarining taklifiga binoan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining dastlabki kun tartibiga oʻzgartishlar kiritiladigan boʻlsa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan usulda kun tartibiga kiritilgan oʻzgartishlar haqida jamiyatning barcha ishtirokchilarini xabardor qilishlari shart.
Qonunning 34-moddasiga koʻra, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi ushbu Qonunda, jamiyatning ustavida va uning hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish tartibi ushbu Qonun, jamiyatning ustavi va hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishda shaxsan yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishga haqlidirlar. Jamiyat ishtirokchilarining vakillari oʻz vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatni (ishonchnomani) koʻrsatishlari lozim. Jamiyat ishtirokchisining vakiliga berilgan ishonchnoma qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan va notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak. Jamiyatning ishtirokchilari yoki ularning vakillari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga egadirlar. Jamiyatning jamiyat ishtirokchilarining koʻrsatib oʻtilgan huquqlarini cheklovchi taʼsis hujjatlarining qoidalari yoki jamiyat organlarining qarorlari haqiqiy emas.
Jamiyatning har bir ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushiga mutanosib ovozlar soniga ega boʻladi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ushbu Qonun 30-moddasining ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan masalalar yuzasidan, shuningdek jamiyatning ustavida belgilangan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar, agar shunday qarorni qabul qilish uchun ushbu Qonunda yoki jamiyatning ustavida koʻproq ovozlar soni zarurligi nazarda tutilgan boʻlmasa, jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozlari bilan qabul qilinadi.
Mazkur holatda sud, MChJ taʼsischilarining 2021-yil 1-dekabrdagi navbatdan tashqari oʻtkazilgan umumiy yigʻilishi qonunning 30, 32, 33, 34-moddalarida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkazilmaganligi yaʼni, navbatdan tashqari oʻtkazilishi haqida qaror qabul qilinmaganligi, yigʻilish oʻtkazilishi muddatlariga rioya qilinmaganligi, MChJning barcha ulushdorlar tegishli tartibda xabardor qilinmaganligi, navbatdan tashqari yigʻilishda qaror qabul qilish uchun kvorum tashkil boʻlmagan holda qaror qabul qilinganligi sababli MChJ taʼsischilarining 2021-yil 1-dekabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishga olib keladi.
Shuningdek, javobgarlar vakilining sud majlisida sudga taqdim qilgan arizasida daʼvo muddati qoʻllashni soʻragan.
Qonunining 41-moddasida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi, bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi, agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab boʻlgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan boʻlsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkinligi belgilangan.
Darhaqiqat, ushbu qonunga asosan daʼvogar tomonidan sudga daʼvo taqdim qilish uchun belgilangan ikki oylik muddat oʻtkazib yuborilgan boʻlsa-da, biroq, daʼvogar javobgarlar tomonidan MChJ muhri yoʻqotib yuborilganligi, shu sababli dastlab ichki ishlar organiga murojaat qilganligi, holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi, oldin ham ushbu mazmundagi daʼvo arizasi bilan murojaat qilganligi biroq, Andijon viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 25-maydagi qarori bilan A. jamiyat ishtirokchisi hisoblanmasligi, shu sababli faqat jamiyat ishtirokchisi jamiyat qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻrab, sudga daʼvo bilan chiqishi mumkinligi asosi bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Ammo, sud majlisida aniqlangan holatlar, sudga taqdim qilingan hujjatlar va sudlarning tegishli hal qiluv qarorlariga asosan O.A. jamiyatning toʻlaqonli ishtirokchisi hisoblanadi va oʻzining buzilgan huquqlarini tiklash uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga qilgan murojaatlariga koʻra, daʼvo muddatini oʻtkazib yuborilganligi uzrli hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (keyingi matnlarda FK deb yuritiladi)ning FKning 149-moddasiga koʻra, daʼvo muddati — shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir.
FKning 150-moddasiga koʻra, umumiy daʼvo muddati — uch yil.
FKning 151-moddasiga asosan ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkin.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeks 158 — 162-moddalarining qoidalari maxsus daʼvo muddatlariga ham joriy qilinadi.
FKning 159-moddasiga koʻra, basharti, sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.
Mazkur holatda sud, javobgarlar vakilining daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirishni rad etishni lozim topgan.
Javobgarlar vakilining sudga taqdim qilgan daʼvo arizasi boʻyicha ish yuritishni tugatish yoki daʼvoni koʻrmasdan qoldirish haqidagi boshqa arizalarini sudning tegishli ajrimlari bilan qanoatlantirish rad etilgan.
Javobgarning shikoyat vajlari quyidagilarga koʻra rad etiladi: IPKning 63-moddasida daʼvo arizasini imzolash vakolati maxsus nazarda tutilishi lozimligi, biroq, daʼvogar vakili A.O. daʼvo arizasini imzolashga vakolati yoʻqligi, muqaddam ayni bir taraflar oʻrtasidagi nizo koʻrib hal etilib, qaror qabul qilinib, rad etilganligi, shu sababli ish yuritishdan tugatish lozim boʻlganligi, qonunga muvofiq, ishtirokchilar bunday daʼvo arizasi kiritishi mumkinligi, lekin daʼvogar ishtirokchi hisoblanmasligi, daʼvo muddati oʻtganligi, ariza berilganligi, biroq birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizani asossiz rad etganligini bildirib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirishni, yoki daʼvo arizasi boʻyicha ish yuritishdan tugatishni, yoki daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etish haqida qaror qabul qilishni soʻragan.
Fuqaroli ishlari boʻyicha sud qarorida majburiyat yuklangan, daʼvo ariza A.A.A. imzolagan, daʼvogar O.A. oʻzi daʼvo arizasini sud majlisida quvvatlagan. Daʼvo muddati oʻtmagan.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonuni (keyingi matnlarda qonun deb yuritiladi) 3-moddasiga koʻra, bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʼsis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) taʼsis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga boʻlingan xoʻjalik jamiyati masʼuliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarga asosan birinchi instansiya sudi daʼvogarni daʼvo talabini qanoatlantirish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 278-moddasiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Iqtisodiy sudning hal qiluv qarori toʻgʻrisida”gi 161-sonli qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual huquq normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerakligi, qayd etilgan talablarga rioya etmaslik IPKning 279 va 302-moddalariga muvofiq qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi; Plenum qarorining 2-bandida qaror protsessual huquq normalariga aniq rioya etilgan va nizoli huquqiy munosabatga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan moddiy huquq normalariga toʻliq mos holda qabul qilingan taqdirda qonuniy hisoblanishi; Plenum qarorining 3-bandida esa qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanishi haqida tushuntirishlar berilgan.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining birinchi instansiya sudi yuqoridagi qonun, Fuqarolik kodeksi, Oliy sud Plenum qarori asosida daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri toʻxtamga kelgan deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, javobgar toʻlagan 1 650 000 soʻm davlat boji, 33 000 soʻm pochta xarajatini uning zimmasida qoldirishni lozim deb topadi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 30, 68, 118, 276 — 278 — 280-moddalari talablarini koʻllab, apellatsiya sudlov hayʼati qaror qildi:
javobgar “Oʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati va uning ishtirokchilari A.Oʻ. va boshqalar (12 nafar taʼsischi)ning apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasin.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-sentabr kungi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Apellatsiya instansiyasi uchun “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati toʻlagan A.A.A. soʻm pochta xarajati zimmasida qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qarordan norozi taraf qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya shikoyati (protesti) berishi mumkin.
Raislik etuvchi T. ATABAYEV
Hayʼat aʼzolari U. XOLIQOV
A. MADAMINOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-noyabr,
4-1701-2301/7524-son