Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati appelatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya M. Sultanov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya R. Rashidov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya R. Rashidov
2023-yil noyabr oyining 2 kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati:
raislik qiluvchi — sudya R. Rashidov,
hayʼat aʼzolari — sudyalar A. Usmanov va A. Mamaraimovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi Z. Raxmonova kotibligida, K.A. vakili advokat B. Nazirov, {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ direktori va jamiyat ishtirokchisi {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{, vakili F.T. ishtirokida {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ning apellatsiya shikoyatiga asosan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 14-avgustdagi hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligini Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida ochiq sud majlisida tekshirib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ (MChJ) 2020-yil 16-martda Toshkent shahar Sirgʻali tuman davlat xizmatlari markazi (DXM) tomonidan roʻyxatga olingan boʻlib, K.A. (daʼvogar) 10 000 000 soʻmlik ustav fondidagi ulushi bilan jamiyatning yagona taʼsischisi boʻlgan.
Daʼvogar va {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ oʻrtasida 2021-yil 17-aprelda raqamsiz jamiyat ustav fondidagi ulushini hadya qilish shartnomasiga koʻra daʼvogar jamiyat ustav fondidagi jami 100 foizlik ulushini {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ga hadya qilgan.
Daʼvogar hadya shartnomada qoʻyilgan imzo unga tegishli emasligi, soxtakorlik bilan tayyorlangan shartnomaga asosan daʼvogarning ulushi boshqa shaxsga oʻtganligi vaji asosida iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, mazkur hadya shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 15-avgustdagi hal qiluv qarori daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiya sudining 2022-yil 18-oktabrdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Sudning 2022-yil 15-dekabrdagi ajrimi bilan DXM va 2022-yil 22-dekabrdagi ajrimi bilan MChJ taʼsischisi {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ ishga nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 19-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiya sudining 2023-yil 19-iyundagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 18-iyuldagi ajrimi bilan javobgar “BCB” MChJ ishga daxldor boʻlgan MChJ taʼsischisi {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ bilan almashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 14-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilgan.
Sud hal qiluv qarorini qabul qilishda nizolashilayotgan 2021-yil 17-apreldagi “Jamiyat ustav fondidagi ulushini hadya qilish haqida”gi raqamsiz shartnomadagi imzo daʼvogarga tegishli emasligi sud-xatshunoslik ekspertiza xulosasi bilan oʻz tasdigʻini topganligidan kelib chiqib, daʼvogarning daʼvosini qanoatlantirgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan daʼvogar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilishda ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmaganligi, MChJ yagona taʼsischisi daʼvogarning 2021-yil 17-apreldagi jamiyat taʼsischisi safidan chiqish, jamiyat ustav fondidagi uning 100 foizlik ulushi javobgarga oʻtkazish haqidagi 1-sonli qarori, taraflar oʻrtasida tuzilgan ulushni topshirish-qabul qilish dalolatnomalariga huquqiy baho berilmaganligi, daʼvogar tomonidan ayni koʻrinishdagi imzolar boshqa bir qator hujjatlarda qoʻyilganligi, ular bugungi kunda oʻz kuchida ekanligi, daʼvogar hujjatlarga doim har xilimzo qoʻyib kelganligi, sud-xatshunoslik ekspertiza belgilangan tartibda oʻtkazilmaganligi bois ekspertiza xulosasini ishonchli deb boʻlmasligi, nizoli shartnomani tuzish fikri daʼvogardan chiqqanligi va shartnomani uyiga olib kelib imzolatganligi, agar daʼvogar oʻzini ushbu jamiyatda taʼsischisi deb hisoblasa, qanday qilib 1,5 yil davomida MChJ taʼsischi safidan chiqib ketganligini bilmay qolishi mumkinligi, daʼvogar avvaldan rejalashtirgan holda vaqt oʻtishini kutib, jamiyat nochor ahvoldan chiqqandan soʻng ushbu daʼvo arizasi bilan murojaat qilganligi holatlarini eʼtiboridan chetda qoldirib, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida barvaqt xulosaga kelib, adolatsiz qaror qabul qilganligi bayon etilib, hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvoni qanoatlantirish rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan DXM ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor boʻlsa-da, apellatsiya instansiyasi sudi majlisida oʻz vakili ishtirokini taʼminlamadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etmagan hollarda, agar ular sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, shikoyatni bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning apellatsiya instansiyasi sudining majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi 16-sonli qarorining 26-bandida tushuntirish berilgan.
Shundan kelib chiqib, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini ularning vakillari ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin deb hisoblaydi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ va MChJ vakili oʻz tushuntirishlarida apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, daʼvogar MChJ taʼsischisi safidan chiqish haqidagi arizasi asosida MChJning taʼsischilari tomonidan bayonnoma rasmiylashtirib, MChJdagi ulushini javobgarga topshirish qabul qilish dalolatnomalari imzolanib, DXMda MChJ qaytadan roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, ushbu hujjatlar hozirda qonuniy kuchda ekanligi, biroq daʼvogar faqat hadya shartnoma boʻyicha nizolashayotganligi, sud-xatshunoslik ekspertizaga taqdim qilingan hujjatlar daʼvogarining ishtirokida uning imzo nusxalari olinmaganligi bois ekspert xulosasini ishonchli deb boʻlmasligi, daʼvogar korxona hisobiga tushirilgan pul mablagʻni naqdlashtirib olib ketganligi, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi, yuzaga kelgan jamiyat qarzlarning javobgar oʻzi qoplaganligi, MChJ foydaga kirib faoliyat yuritilayotganligidan xabardor boʻlgan daʼvogar shartnomani haqiqiy emas deb topish haqida daʼvo qilayotganligini taʼkidlab, shikoyatni qanoatlantirishni soʻrashdi.
Daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, daʼvogarga nisbatan jinoyat ishi boshqa holatlar boʻyicha qoʻzgʻatilganligi va mazkur ishga daxldor emasligi, sud-xatshunoslik ekspertizasining ekspert xulosasi bilan nizoli hadya shartnomadagi imzo daʼvogar tomonidan bajarilmaganligi tasdiqlanganligi, birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanganligi, protsessual va moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini bildirib, apellatsiya shikoyati qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Sudlov hayʼati maʼruzachi sudyani, ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishini eshitib, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni va hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (FK)ning 113-moddasiga asosan, bitim ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼiy nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim).
Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabni ushbu Kodeksda koʻrsatilgan shaxslar qoʻyishlari mumkin.
Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllanish toʻgʻrisidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qoʻyishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusi bilan qoʻllashga haqli.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, MChJ daʼvogar tomonidan taʼsis qilingan boʻlib, jamiyatning 100 foizlik ulushi unga tegishli boʻlgan.
Daʼvogarning 2020-yil 16-martdagi 1-sonli qarori bilan javobgar jamiyat rahbari etib tayinlangan.
MChJ yagona taʼsischisi daʼvogar sanasi koʻrsatilmagan ariza bilan jamiyat ustav fondidagi 100 foizlik ulushini javobgarga oʻtkazilishi va taʼsischi safidan chiqish qayd qilingan.
MChJ yagona taʼsischisi daʼvogarning 2021-yil 17-apreldagi 1-sonli qaroriga koʻra, jamiyat ustav fondidagi uning 100 foizlik ulushi javobgarga oʻtkazilishi, jamiyatning asosiy inventar va imzo huquqi bilan hujjatlari, muhrini topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolanishi, taʼsis hujjatlarini DXMda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi belgilangan.
Daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2021-yil 17-aprelda raqamsiz jamiyat ustav fondidagi ulushini hadya qilish shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnomaga asosan daʼvogar jamiyat ustav fondidagi jami 100 foizlik ulushini javobgarga hadya qilish, javobgar esa ulushni qabul qilib olish majburiyatini olgan.
Daʼvogar mazkur hadya shartnoma mavjudligini bilmaganligi, bundan xabar topgandan soʻng, nizoli hadya shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilganligi natijasida mazkur nizo kelib chiqqan.
FKning 116-moddasiga asosan, qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
FKning 114-moddasiga asosan, haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.
Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.
Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining sud-xatshunoslik ekspertizasi oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan 2023-yil 24-maydagi 29/11(2793) 1.1.Z6860-son bilan rasmiylashtirilgan sud-xatshunoslik ekspertizasi boʻyicha davlat sud ekspertining xulosasiga koʻra taqdim etilgan 2021-yil 17-apreldagi “Jamiyat ustav fondidagi ulushini hadya qilish haqida”gi raqamsiz shartnoma kseronusxasini 2 varagʻida “Hadya qiluvchi:” grafasida joylashgan A.K. nomidan bajarilgan imzo, — K.A. ni oʻzi tomonidan bajarilmagan, balki boshqa shaxs tomonidan uning asl imzosiga taqlid qilib bajarilganligi aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 269-sonli qarorining 12-bandiga asosan, bitimni tuzgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan imzoning aslligi boʻyicha shubha mavjudligi sababli bitimning haqiqiyligi yuzasidan nizolashilganda, bildirilgan talab asosli boʻlsa, bitim FKning 116-moddasiga muvofiq haqiqiy emas deb topiladi.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning nizolashilayotgan shartnomadagi imzo daʼvogarga tegishli emasligi sud tayinlagan sud-xatshunoslik ekspertizasi xulosasi bilan tasdiqlanganligidan kelib chiqib, yuqorida qayd qilingan plenum va qonunchilikka asoslanib, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2021-yil 17-aprelda tuzilgan “Jamiyat ustav fondidagi ulushini hadya qilish haqida”gi raqamsiz shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb topish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Bunday holatda hal qiluv qarori moddiy va protsessual huquq normalari asosida qabul qilingan hamda uni bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
Sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudining javobgarning boshqa hujjatlarda ham daʼvogar tomonidan ayni koʻrinishdagi imzolar qoʻyilganligi, ular bugungi kunda oʻz kuchida ekanligi haqidagi va boshqa vajlari daʼvoni qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻla olmasligi, chunki bu holatlar shartnomadagi imzoni qalbaki ekanligini istisno eta olmasligi toʻgʻrisidagi xulosasi bilan toʻliq kelishadi.
Apellatsiya shikoyatidagi MChJ yagona taʼsischisi daʼvogarning 2021-yil 17-apreldagi jamiyat taʼsischisi safidan chiqish haqidagi arizasi, jamiyat ustav fondidagi uning 100 foizlik ulushi javobgarga oʻtkazish haqidagi 1-sonli qarori, taraflar oʻrtasida tuzilgan MChJdagi ulushni topshirish-qabul qilish dalolatnomalariga huquqiy baho berilmaganligi borasidagi vajlar bilan sudlov hayʼati kelishmaydi. Chunki, daʼvogarning jamiyat taʼsischisi safidan chiqish, jamiyat ustav fondidagi uning 100 foizlik ulushi javobgarga oʻtkazish haqidagi 1-sonli qarori, MChJdagi ulushni topshirish-qabul qilish dalolatnomalari daʼvo arizasi predmeti boʻlmagan, sud esa daʼvo talabidan chetga chiqish vakolatiga ega emas. Qolaversa 2021-yil 17-apreldagi taraflar oʻrtasida tuzilgan MChJdagi ulushni topshirish-qabul qilish dalolatnoma mavjud emas, ushbu sana bilan daʼvogar bilan Z.M. oʻrtasida 2021-yil 17-apreldagi 1-sonli topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga muvofiq jamiyatning taʼsis hujjatlari, shartnomalar, “Ipak yoʻli” bank mijoz kaliti va burcha, yumaloq muhrini topshirilishi nazarda tutilgan boʻlsa-da, dalolatnoma javobgar tomonidan MChJ taʼsischisi sifatida imzolagan.
Shuningdek shikoyatda nizoli hadya shartnomani tuzish fikri daʼvogardan chiqqanligi va shartnomani uyiga olib kelib imzolatganligi, agar daʼvogar oʻzini ushbu jamiyatda taʼsischisi deb hisoblasa, qanday qilib 1,5 yil davomida MChJ taʼsischisi safidan chiqib ketganligini bilmay qolishi mumkinligi, daʼvogar avvaldan rejalashtirgan holda vaqt oʻtishini kutib, jamiyat nochor ahvoldan chiqqandan soʻng ushbu daʼvo arizasi bilan murojaat qilganligiga huquqiy baho berilmaganligi borasidagi vajlar bilan ham sudlov hayʼati kelisha olmaydi. Boisi, IPK 3-moddasining birinchi qismida har qanday manfaatdor shaxs oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli. Qolaversa javobgar yuqorida keltirgan vajlarini isbotlovchi dalillarni sudga taqdim qila olmadi.
Holbuki, IPKning 68-moddasiga asosan ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
IPKning 118-moddasiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
“Davlat boji toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonun 18-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan davlat boji qonun hujjatlarida talab qilingandan ortiqcha miqdorda toʻlanganida qaytarilishi belgilangan. Ushbu qonuning ilovasidagi “Davlat boji stavkalarining miqdorlari” ikkinchi qismining d) bandiga koʻra birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun arizalar berilganda toʻlanadigan stavkaning 50 foizi davlat boji toʻlanadi.
Javobgar shikoyat taqdim qilishda toʻlanishi lozim boʻlgan 1 500 000 soʻm (bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari) oʻrniga 3 000 000 soʻm davlat boji toʻlagan.
Bayon etilganlarga asosan, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni shikoyat taqdim qilishda toʻlangan sud xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 1 500 000 soʻm sud xarajatlarini javobgar qaytarishni lozim topdi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 278-moddasining 1-bandi, 280-moddasini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 14-avgustdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyati esa qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
Ortiqcha toʻlangan 1 500 000 soʻm sud xarajatlari {{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{{ qaytarilsin va maʼlumotnoma berilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi va mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi R. RAShIDOV
hayʼat aʼzolari A. USMANOV
A. MAMARAIMOV
A. MAMARAIMOV