Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiyada ishni koʻrgan sudya — J. Mamitov
Apellatsiya instansiyasida sudya — D. Ubaydullayev
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — R. Sagatov
Apellatsiya instansiyasida sudya — D. Ubaydullayev
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — R. Sagatov
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari V. Sattorova va R. Sagatovdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, daʼvogar vakili Sh.X. (2023-yil 4-apreldagi ishonchnoma asosida), X.I. (rahbar), U.M. (jamiyat rahbari), jamiyat va jamiyat ishtirokchisi U.A. vakili X.K. (2023-yil 20-oktabrdagi ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar I.X.I.ning javobgar “S” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat taʼsischilarining 2010-yil 2-martdagi umumiy yigʻilish qarori, 2010-yil 4-martdagi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha Andijon viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-sentabrdagi qarori ustidan daʼvogar tomonidan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
I.X.I. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “S” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar yoki MChJ deb yuritiladi)ga nisbatan Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, jamiyat taʼsischilarining 2010-yil 2-martdagi umumiy yigʻilish qarori va 2010-yil 4-martdagi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Shuningdek, daʼvogar sudga qoʻshimcha arizasi bilan murojaat qilib, MChJning 2010-yil 10-martdagi 6807-son bilan roʻyxatga olingan Nizomini (Ustavini) haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 29-maydagi ajrimi bilan MChJ taʼsischilarining 2010-yil 2-martdagi umumiy yigʻilish qarori, 2010-yil 4-martdagi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvosi koʻrmasdan qoldirilgan. Daʼvoning MChJning 2010-yil 10-martdagi 6807-son bilan roʻyxatga olingan Nizomini (Ustavini) haqiqiy emas deb topish qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Andijon viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-sentabrdagi qarori bilan ajrim bekor qilinib, ish yangidan birinchi instansiyasida koʻrish uchun Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan apellatsiya instansiyasi sudining qaroridan norozi boʻlib MChJ Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilib, birinchi instansiya sudining ajrimini oʻz kuchida qoldirishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda apellatsiya shikoyati daʼvogar tomonidan 2 oy oʻtganidan keyin taqdim etilganligi, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash uchun iltimosnomada muddat oʻtkazib yuborilishining sabablari uzrli topish uchun yetarli asoslar mavjud emasligi, ish yuritishni tugatish haqida iltimosnoma qaysi asoslarga koʻra rad etilganligi aks ettirilmaganligi, apellatsiya shikoyati uchun davlat boji toʻlanmaganligi, apellatsiya shikoyati familiyasi va ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolanganligi, daʼvo arizasiga qoʻshimcha yangi talab boʻlganligi uchun u muhokama qilinmasligi va u ish yuritishdan tugatilishi lozimligini koʻrsatgan.
Sud majlisida MChJ vakillari kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilib, birinchi instansiya sudining 2023-yil 29-maydagi ajrimini oʻz kuchida qoldirishni soʻrashdi.
Sud majlisida daʼvogar vakillari kassatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib uni qanoatlantirishni rad etishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻrashdi.
Sudlov hayʼati taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab va shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi:
IPK 262-moddasining birinchi qismiga binoan agar qonunchilikda boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, apellatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga asosan apellatsiya shikoyatini (protestini) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati, shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmasdan berilgan va apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan boʻlsa, tiklanishi mumkin.
IPK 119-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, yillar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning oʻtishi kalendar sananing ertasidan yoki boshlanishi aniqlangan voqea yuz bergan kundan boshlanishi belgilangan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, birinchi instansiya sudining ajrimi 2023-yil 29-mayda chiqarilgan. Mazkur ajrim ustidan daʼvogar tomonidan 2023-yil 1-avgustda apellatsiya shikoyati berilgan.
IPK 120-moddasining yettinchi qismida agar ariza, shikoyat va boshqa hujjatlar pochtaga topshirilgan, elektron hujjat tarzida yuborilgan, tegishli organga yoxud ularni qabul qilib olish vakolatiga ega boʻlgan shaxsga protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar berilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan deb hisoblanishi belgilangan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori 2023-yil 29-mayda qabul qilingan boʻlsa-da, javobgarga IPKda belgilangan tartibda yuborilmagan.
Apellatsiya instansiyasi sudi esa, javobgarning apellatsiya shikoyati unga maʼlum boʻlgan kundan boshlab hisoblanishiga eʼtibor bergan holda, sudning hal qiluv qarori qabul qilingan kundan boshlab ikki oy muddat oʻtib ketmaganligi haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Shuning uchun, javobgarning apellatsiya shikoyati apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan shikoyatni ish yuritishga qabul qilish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Shu bois, sudlov hayʼati Andijon viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-sentabrdagi qarorini bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblaydi.
Javobgarning apellatsiya shikoyati familiyasi va ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolanganligi haqidagi vaji asossizdir. Chunki, apellatsiya shikoyatida shikoyat kim tomonidan berilganligi shikoyatni yuqori qismida qayd etilgan.
IPK 302-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bunday holatda apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
IPK 305-moddasi uchinchi qismining 1-bandida kassatsiya instansiyasi sudi apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan ajrim, qaror, apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga haqliligi belgilangan.
Mazkur holatda, sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi sudi protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab qaror qabul qilgan deb hisoblaydi.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, Andijon viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-sentabrdagi qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi. MChJ tomonidan oldindan toʻlangan sud xarajatlari uning zimmasida qoldiriladi.
Yuqoridagilarga asosan va IPKning 301 — 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
“S” masʼuliyati cheklangan jamiyatining kassatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Andijon viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-sentabrdagi qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-noyabr,
4-1701-2303/4284-son