Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya Sh. Axrorov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya A. Mamaraimov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya A. Mamaraimov
2023-yil noyabr oyining 15 kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati:
raislik qiluvchi — sudya R. Rashidov,
hayʼat aʼzolari — sudyalar B. Keunimjayeva va A. Mamaraimovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi M. Xolikovning kotibligida, “T” AJ vakili Sh.N., “O” MChJ vakili advokat B.R., “B” MChJ rahbari J.M., vakili advokat F.U. ishtirokida “O” MChJning apellatsiya shikoyatiga asosan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligini Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida ochiq sud majlisida tekshirib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“B” MChJ (jamiyat) 2021-yilning 20-iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uyda 861876-reyestr raqami bilan (STIR 307 492 468) Toshkent shahar Yunusobod tuman davlat xizmatlari markazida (DXM) davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, jamiyatning ustavi va taʼsis shartnomasiga koʻra, ustav fondi 13 000 000 000 soʻm etib belgilangan va ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
“AS” MChJ — 3 900 000 000 soʻm, yaʼni 30 %;
“O” MChJ (javobgar) — 9 100 000 000 soʻm, yaʼni 70 %.
“AS” MChJ tomonidan jamiyatning ustav fondidagi 3 900 000 000 soʻmlik ulushi Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilidagi 5000 kv.m. yer maydonida joylashgan Liter 0010 va 0011 binolar koʻrinishida toʻliq shakllantirilgan (kadastr raqami 10:07:05:02:01:0143).
“AS” MChJ qayta tashkil etilib, uning huquqiy vorisi “T” AJ boʻlganligi sababli jamiyatning yangi tahrirdagi taʼsis shartnoma va ustavi DXMda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Jamiyatning ustav fondi shakllantirilganligini qayta koʻrib chiqish yuzasidan 2023-yil 10-avgustda oʻtkazilgan jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida jamiyat ishtirokchisi “O” MChJ jamiyat ustav fondidagi ulushini belgilangan muddatlarda va hajmda shakllantirmaganligi sababli unga jamiyat ustav fondidagi ulush miqdorini qayta koʻrib chiqish haqidagi qilingan taklif “O” MChJ tomonidan rad etilgan.
Shundan soʻng “T” AJ (daʼvogar) Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “B” MChJ va uchinchi shaxs — “O” MChJga nisbatan jamiyat ustav fondini shakllantirilmagan 9 100 000 000 soʻm miqdorga kamaytirish va 3 900 000 000 soʻm miqdorga shakllantirilganligini eʼlon qilish hamda jamiyatning taʼsis hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish majburiyatini yuklashni, shuningdek qoʻshimcha ariza bilan murojaat qilib, daʼvo arizada uchinchi shaxs sifatida eʼtirof etilgan “O” MChJni asosiy javobgar sifatida eʼtirof etishni va “O” MChJni jamiyat taʼsischilari safidan chiqarishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 8-sentabrdagi ajrimi bilan daʼvogarning daʼvo arizasiga qoʻshimchasi ish yuritishga qabul qilingan va ishga uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan “O” MChJ mazkur ish boʻyicha javobgarga almashtirilgan.
Sudning 2023-yil 12-sentabrdagi ajrimi bilan ishga nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Toshkent shahar hokimligi jalb qilingan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilgan.
Birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilishda “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Qonun)da jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerakligi belgilangan boʻlsa-da, jamiyat ishtirokchisi javobgarning jamiyat ustav fondiga oʻz ulushini kiritmaganligi ish hujjatlari bilan oʻz tasdigʻini topganligidan kelib chiqib, daʼvo talabini qanoatlantirgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan javobgar “O” MChJ tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilishda ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmaganligi, moddiy huquq normalari buzilganligi, yuzaki va asossiz sud hujjatini qabul qilganligi, jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) shakllantirilganligini qayta koʻrib chiqish yuzasidan 2023-yil 10-avgustda oʻtkazilgan jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida “O” MChJga ustav fondi toʻliq shakllantirilmaganligi boʻyicha taʼsischilar tomonidan oʻzaro kelishuv imzolanmaganligi sababli ushbu masalani sudda koʻrib chiqish haqida qaror qabul qilinganligi, daʼvo arizasining predmeti sifatida uchta talab, “B” MChJ ustav fondini 9 100 000 000 soʻm shakllantirilmagan miqdorga kamaytirish, ustav fondini 3 900 000 000 soʻm miqdorda shakllantirilganligini eʼlon qilish hamda qonun doirasida oʻrnatilgan tartibda jamiyatning taʼsis hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish majburiyatini jamiyatga yuklash bildirilganligi, sud 2023-yil 24-avgustdagi ajrimi bilan daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilib, sud majlisini 2023-yil 12-sentabr kuniga tayinlaganligi, daʼvogarning daʼvo arizasiga qoʻshimchasi ish yuritishga qabul qilinib, 2023-yil 12-sentabrdagi sud majlisida koʻrish uchun tayinlanganligi, daʼvo arizasiga qoʻshimchaning asosi sifatida “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 8-moddasi koʻrsatilganligi, daʼvo arizasiga qoʻshimcha arizaning predmeti sifatida “O” MChJni “B” MChJning taʼsischilari tarkibidan chiqarish koʻrsatilganligi, birinchi instansiya sudi esa IPKning 157-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qarorlari talablariga zid ravishda, protsessual huquq normalarini buzgan holda daʼvoning asosi va predmeti bir vaqtda oʻzgartirilganligini inobatga olmasdan, daʼvo arizasiga qoʻshimchani ish yuritishga qabul qilganligi, “O” MChJ va “B” MChJlar tomonidan majburiyatlari vijdonan bajarilganligi eʼtiborga olinmaganligi, “AS” MChJ Kuzatuv kengashining 2020-yil 4-may kunidagi majlis bayoni hamda 11-iyun kunidagi majlis bayonida javobgar “O” MChJga ustav kapitalida nazarda tutilgan 9 100 000 000 soʻmlik ulushdan tashqari yana 1 250 000 000 soʻmlik investitsion majburiyatlarni bajarish majburiyati ham yuklatilganligi, “B” MChJ 2023-yil 20-iyunda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab majburiyatlarni bajarishga faol kirishilganligi, 2020-yilning iyul-avgust oylarida daʼvogar hududida jami 1 250 000 000 soʻmlik zamonaviy dizel yoqilgʻi quyish shoxobchasi, operatorlarga yangi bino, inshootlar va avtobus saroyining 8,0 ming kv.m. yer maydoniga yangi asfalt qoplamasini kapital yotqizish ishlari bajarilganligi, “B” MChJ taʼsischilarining 2020-yil 9-sentabrdagi 2-sonli yigʻilish bayoni bilan 1 250 000 000 soʻmlik investitsion majburiyatlar toʻliq bajarilganligi qayd etilib, AGTKSh qurish ishlarini amalga oshirish haqida qaror qabul qilinganligi, ushbu 2-sonli yigʻilish qarori maʼqullanganidan soʻng 2020-yil 19-sentabrda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 22120282-sonli “Obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma” va 30-sentabrda 22419990/109-sonli “Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi” olinganligi, 2020-yil 16-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Toshkent shahri hududlariga tashrifi davomida bergan topshiriqlari boʻyicha 77-sonli bayonining 13 va 16-bandlariga asosan “AS” MChJni koʻchirish reja qilinayotganligi sababli Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi boshligʻining 2021-yil 10-fevraldagi 14-sonli buyrugʻi bilan “B” MChJga berilgan “Obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma” va “Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi” oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilganligi, shu sababli AGTKSh qurilishi ishlari toʻxtatilganligi, bu haqida daʼvogarga 2023-yil 19-yanvarda xat yoʻllanganligi, qurilish ishlari 2023-yil mart oyida tiklanib, 2023-yil 18-iyulda “Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi” olinganligi va belgilangan tartibda obyektda ishlarni bajarishga kirishilganligi, “O” MChJ tomonidan 771 290 807 soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirilganligi, ushbu bino-inshootlar baholash hisoboti, topshirish-qabul qilish dalolatnomasi, ulushning balansga qabul qilinganligi haqidagi maʼlumotnoma asosida “B” MChJ tomonidan ustav fondiga ulush sifatida jamiyat balansiga qabul qilinganligi, “B” MChJning dastlabki tahrirdagi taʼsis shartnomasi va ustavida taraflar “O” MChJ tomonidan oʻz ulushini qonunda belgilangan tartibda AGTKSh qurish hisobiga kiritishga kelishganligi, biroq taʼsis hujjatlarida “O” MChJning oʻz ulushini toʻliq kiritish muddatini AGTKSh obyektini qurib bitkazish muddati bilan belgilaganliklari, qurilish ishlari javobgarga bogʻliq boʻlmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan 2020-yil 16-oktabrdan 2023-yil mart oyiga qadar toʻxtab qolganligi sababli ustav fondidagi ulushni shakllantirish uchun belgilangan bir yillik muddat oʻtmagan hisoblanishi, jamiyatning taʼsis hujjatlari 2023-yil 1-avgustda yangi tahrirda qabul qilinganligi sababli ustav fondini shakllantirish muddati 2023-yilning 1-avgust sanasidan boshlab hisoblanishi, “T” AJ yagona aksiyadorining 2021-yil 11-oktabrdagi 4-sonli qaroriga asosan 8 ta avtobus saroylarining yuridik shaxs maqomi tugatilib, filiallarga aylantirilgan boʻlsada, bu haqida “O” MChJga 2023-yil 1-avgustda maʼlum qilinganligi va 2021-yil 11-oktabrda “T” AJ “AS” MChJning huquqiy vorisi sifatida jamiyat ishtirokchilari safiga kiritilganligi sababli 2021-yil 11-oktabrdan 2023-yil 1-avgustga qadar daʼvogar jamiyat faoliyatida umuman ishtirok etmaganligi, daʼvo arizasida “O” MChJ aynan qaysi harakatlari bilan jamiyat faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki qiyinlashtirayotganligi asoslab berilmaganligi, aksincha daʼvogar ilgaridan oʻzining foydalanuvida boʻlgan yer maydonini ustav fondiga ulush sifatida kiritishdan boshqa birorta harakatni amalga oshirmaganligi, birinchi instansiya sudi tomonidan qarshi daʼvo arizasini qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi bildirilib, hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvo arizasini va daʼvo arizasiga qoʻshimchani rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Uchinchi shaxs Toshkent shahar hokimligi ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor boʻlsada, apellatsiya instansiyasi sudi majlisida oʻz vakillari ishtirokini taʼminlamadi. Biroq, ariza bilan murojaat qilib ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqishni soʻragan.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etmagan hollarda, agar ular sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, shikoyatni bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning apellatsiya instansiyasi sudining majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi 16-sonli qarorining 26-bandida tushuntirish berilgan.
Shundan kelib chiqib, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini uchinchi shaxsning ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin deb hisoblaydi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar “O” MChJ vakili B.R. oʻz tushuntirishida apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, undagi vajlarga birma-bir toʻxtalib, ularni sharhlab, apellatsiya shikoyatini toʻliq qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar “B” MChJ vakili F.U. oʻz tushuntirishida apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, undagi vajlarga birma-bir toʻxtalib, apellatsiya shikoyatini toʻliq qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar “B” MChJ rahbari J.M. oʻz tushuntirishida apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, javobgar vakili F.U.ning fikrlariga toʻliq qoʻshilishini bildirib, apellatsiya shikoyatini toʻliq qanoatlantirishni soʻradi.
Daʼvogar vakili Sh.N. apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanganligi, protsessual va moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini taʼkidlab, apellatsiya shikoyatining qanoatlantirilishini rad etishni soʻradi.
Sudlov hayʼati maʼruzachi sudyani, ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishini tinglab, shikoyat va yozma fikrda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “AS” MChJ Kuzatuv kengashining 2020-yil 4-may kuni “AS” MChJ hududida avtotransport vositalariga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSh) qurish loyihasini koʻrib chiqish, AGTKSh qurish loyihasi doirasida yangi korxona tashkil etish, korxona ustav kapitalini shakllantirish toʻgʻrisida majlis bayoni tuzilgan boʻlib, unda “AS” MChJ va “O” MChJ investitsiyasi hisobiga sherikchilik asosida Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilida AGTKSh qurish hamda “AS” MChJning Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilida AGTKSh qurilishi uchun ajratilishi koʻzda tutilgan 5000 kv.m. yer maydonida joylashgan Liter 0009 (yer osti inshooti 256 kv.m.), Liter 0010 (AYQSh inshooti maydoni 899 kv.m.) va Liter 0011 (AYQSh binosi maydoni 69 kv.m.) koʻchmas mulk obyektlarini yangi taʼsis etiladigan korxona ustav kapitaliga kiritish masalasi koʻrib chiqilgan.
Shuningdek, “AS” MChJ Kuzatuv kengashining 2020-yil 11-iyun kunidagi AGTKSh qurish loyihasi doirasida “AS” MChJ ishtirokida yangi korxona tashkil etish, korxona ustav kapitalini shakllantirish toʻgʻrisida majlis bayonida “AS” MChJ va “O” MChJ sherikchiligi asosida Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilida AGTKSh qurish, “B” MChJni taʼsis etish, “B” MChJning Ustav kapitalini 13.000.000.000 soʻm miqdorida belgilash, Ustav kapitalidagi 30 foiz ulush “AS” MChJ tomonidan Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan Liter 0010, 0011 binolar va ular egallagan 50 sotix yer maydoni qiymatini 3.900.000.000 soʻm miqdorida belgilash va “B” MChJ ustav kapitalini shakllantirish uchun kiritish, qolgan 70 foiz ulush “O” MChJ tomonidan tasdiqlangan loyiha-smeta asosida AGTKSh qurilishi va AGTKShni kompressor uskunalari bilan jihozlash hisobiga shakllantirilishi va ushbu ulushni 9.100.000.000 soʻmga baholanishi koʻrib chiqilgan.
Shundan soʻng, “B” MChJ taʼsischilarining 2020-yil 19-iyunda 1-sonli navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi bayonnomasi tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra “B” MChJni taʼsis etish, “B” MChJ ustav fondi 13.000.000.000 soʻm miqdorida belgilash, shundan “AS” MChJ ulushi 30 foiz yoki 3.900.000.000 soʻmni tashkil etishi va ushbu ulush Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilidagi 5000 kv.m. yer maydonida joylashgan Liter 0010 va 0011 binolar hisobiga shakllantirish, “O” MChJ ulushi 70 foiz yoki 9.100.000.000 soʻmni tashkil etishi va bu ulush loyiha-smeta hujjatlari asosida AGTKSh qurishi va AGTKShni kompressor uskunalari bilan jihozlash hisobiga shakllantirishi, “B” MChJning Ustavi va Taʼsis shartnomasi tasdiqlanishi belgilangan.
Shunga koʻra, “B” MChJ 2020-yilning 20-iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 7-uy manzilida 861876-reyestr raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, faoliyat yoʻnalishi ixtisoslashgan doʻkonlarda motor yoqilgʻisi chakana savdosi hisoblanadi.
Jamiyatning ustavi va taʼsis shartnomasiga koʻra, ustav fondi 13.000.000.000 soʻm etib belgilangan va ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
“O” MChJ — 9.100.000.000 soʻm, yaʼni 70 %;
“AS” MChJ — 3.900.000.000 soʻm, yaʼni 30 %.
“AS” MChJ, “B” MChJ va “O” MChJ oʻrtasida 2020-yil 22-iyundagi koʻchmas mulklarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan, “AS” MChJ tomonidan baholash qiymati 3.719.272.303,03 soʻm, qabul qilish qiymati 3.900.000.000 soʻm, 5000 kv.m. yer maydonida joylashgan Liter 0010, maydoni 899 kv.m. AYQSh inshooti va Liter 0011, maydoni 69 kv.m. AYQSh binosi “B” MChJ ustav jamgʻarmasiga berilgan.
“T” AJ yagona aksiyadorining 2021-yil 11-oktabrdagi 4-sonli qaroriga asosan, “AS” MChJ “T” AJga qoʻshilib, “T” AJning filialiga aylantirilgan.
Shundan soʻng, jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish kiritilgan holda, “B” MChJ 2023-yilning 1-avgust kuni qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, unga koʻra jamiyatning ustav fondi ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
“O” MChJ — 9.100.000.000 soʻm, yaʼni 70 %;
“T” AJ — 3.900.000.000 soʻm, yaʼni 30 %.
Jamiyatning ustav fondi shakllantirilganligini qayta koʻrib chiqish yuzasidan 2023-yil 10-avgustdagi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan. Mazkur yigʻilishda javobgar ustav fondidagi ulushini belgilangan muddatlarda va hajmda shakllantirilmaganligi sababli, unga jamiyat ustav fondidagi ulush miqdorini qayta koʻrib chiqish taklif qilingan, biroq javobgar “O” MChJ tomonidan bu taklif rad etilganligi natijasida ushbu nizo kelib chiqqan.
“B” MChJ Ustavi va taʼsis shartnomasiga koʻra, jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin bir yil mobaynida ishtirokchilarning har biri ustav fondidagi ulushini toʻliq kiritishi belgilangan.
Biroq, javobgar “O” MChJ tomonidan jamiyatga kiritilishi lozim boʻlgan oʻz hissasi kiritilmagan. Shunga koʻra, daʼvogar jamiyat ishtirokchisi javobgar “O” MChJ tomonidan taʼsis shartnomasida belgilangan oʻz hissasini kiritmaganligi sababli taʼsischilar safidan chiqarishni soʻragan.
Qonuning 9-moddasida jamiyat ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari shartligi belgilangan.
Qonun 19-moddasining 3-qismiga muvofiq, jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida uning ustav fondi (ustav kapitali) toʻliq toʻlanmagan taqdirda, jamiyat oʻzining ustav fondini (ustav kapitalini) amalda toʻlangan miqdorgacha kamaytirishini eʼlon qilishi va uning kamaytirilganligini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi yoki jamiyatni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi kerak.
Javobgar “O” MChJning jamiyatdagi ulushi hisobidan 771 290 807 soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirilganligi, ushbu bino-inshootlar baholash hisoboti, topshirish-qabul qilish dalolatnomasi, ulushning balansga qabul qilinganligi haqidagi maʼlumotnoma asosida “B” MChJ tomonidan ustav fondiga ulush sifatida jamiyat balansiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi vajlari asossiz.
Chunki, yuqorida qayd etilgan Qonunning 14-moddasiga koʻra, jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerak.
Qonunning 15-moddasiga koʻra, jamiyatning ishtirokchilari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslar tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan pulsiz hissalarning pul bahosi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qarori bilan tasdiqlanadi.
Biroq, javobgar tomonidan yuqoridagi qonun talablari va jamiyatning taʼsis hujjatlarida belgilangan qoidalarga rioya qilinmagan, yaʼni javobgar tomonidan pulsiz qoʻshilgan hissa jamiyat barcha ishtirokchilari umumiy yigʻilishining bir ovozdan qabul qilinadigan qarori bilan tasdiqlanmagan. Qolaversa, ustav fondining boshqa koʻrinishda shakllantirilganligi toʻgʻrisida jamiyat tomonidan javobgarga guvohnoma berilganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud emas.
Bundan tashqari, javobgarning apellatsiya shikoyatidagi “AS” MChJ Kuzatuv kengashining 2020-yil 4-may kunidagi majlis bayoni hamda 11-iyun kunidagi majlis bayonida javobgar “O” MChJga ustav kapitalida nazarda tutilgan 9 100 000 000 soʻmlik ulushdan tashqari yana 1 250 000 000 soʻmlik investitsion majburiyatlarni bajarish majburiyati ham yuklatilganligi, “B” MChJ 2023-yil 20-iyunda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab majburiyatlarni bajarishga faol kirishilganligi, 2020-yilning iyul-avgust oylarida daʼvogar hududida jami 1 250 000 000 soʻmlik zamonaviy dizel yoqilgʻi quyish shahobchasi, operatorlarga yangi bino, inshootlar va avtobus saroyining 8,0 ming kv.m. yer maydoniga yangi asfalt qoplamasini kapital yotqizish ishlari bajarilganligi, “B” MChJ taʼsischilarining 2020-yil 9-sentabrdagi 2-sonli yigʻilish bayoni bilan 1 250 000 000 soʻmlik investitsion majburiyatlar toʻliq bajarilganligi qayd etilib, AGTKSh qurish ishlarini amalga oshirish haqida qaror qabul qilinganligi haqidagi vajlari bilan kelishib boʻlmaydi.
Chunki, ushbu amalga oshirilgan ishlar shikoyatning oʻzida taʼkidlanganidek, javobgar “O” MChJga ustav kapitalida nazarda tutilgan 9 100 000 000 soʻmlik ulushdan tashqari yuklatilgan 1 250 000 000 soʻmlik investitsion majburiyatlar boʻlib, uning koʻrib chiqilayotgan korporativ nizoga aloqasi yoʻq.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrish jarayonida javobgar oʻzining taʼsischi sifatida qonunda belgilangan majburiyatlarini buzganligi holatlari oʻz tasdigʻini topganligini inobatga olib, daʼvogarning daʼvo talabini asosli deb hisoblab, uni qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Apellatsiya shikoyatidagi birinchi instansiya sudi esa IPKning 157-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qarorlari talablariga zid ravishda, protsessual huquq normalarini buzgan holda daʼvoning asosi va predmeti bir vaqtda oʻzgartirilganligini inobatga olmasdan, daʼvo arizasiga qoʻshimchani ish yuritishga qabul qilganligi haqidagi vajlar bilan ham kelishib boʻlmaydi.
Chunki, daʼvogar tomonidan sudga taqdim qilingan daʼvo arizasiga qoʻshimchada apellatsiya shikoyatida taʼkidlanganidek “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunning faqatgina 8-moddasiga emas, balki avvalo 14-moddasiga asoslanilgan hamda javobgarning ustav fondini belgilangan muddatlarda shakllantirilmaganligiga asoslanilgan holda Qonunning 8-moddasiga asosan javobgarni taʼsischilar safidan chiqarish soʻralgan.
Mazkur holatni daʼvogar tomonidan daʼvoning asosi va predmeti bir vaqtda oʻzgartirilgan deb hisoblab boʻlmasligi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalari toʻgʻri qoʻllanilgan hisoblanadi.
Bundan tashqari, apellatsiya shikoyatidagi daʼvo arizasida “O” MChJ aynan qaysi harakatlari bilan jamiyat faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki qiyinlashtirayotganligi asoslab berilmaganligi haqidagi vajlar asossiz hisoblanadi.
Chunki, javobgar tomonidan ustav fondi ish bugungi kunga qadar toʻliq shakllantirilmaganligi hamda AGTKSh qurib yakuniga yetkazilib, kompressor uskunalari oʻrnatilmaganligi, yaʼni “B” MChJning bevosita faoliyati boshlanmaganligi ish hujjatlari va taraflarning koʻrsatuvlari bilan oʻzining tasdigʻini topdi.
Bayon etilganlarga asosan, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, shikoyat taqdim qilishda toʻlangan 1 683 000 soʻm sud xarajatlarini javobgar “O” MChJ zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 278-moddasining 1-bandi, 280-moddasini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi va mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi R. RAShIDOV
hayʼat aʼzolari B. KEUNIMJAYEVA
A. MAMARAIMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-noyabr,
4-1001-2303/51083-son