Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
qonun loyihalarini ishlab chiqishda deputatlarning tashabbuskorligini yanada oshirish;
qonun loyihalarini muhokama etish va qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalarining oʻrni va rolini, ularning partiyaviy yondashuvini kuchaytirish;
joylarda saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni hamda hududlardagi dolzarb muammolarni siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda hal etishda parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanish;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish choralarini koʻrish;
tashkiliy-amaliy tadbirlarning (davra suhbati, seminar, konferensiyalar) natijadorligiga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
qonunlarning ijro etilish holatini joylarga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida oʻrganish hamda oʻrganish yakunlarini hududlarning oʻzida keng jamoatchilik vakillari, saylovchilar hamda masʼullar ishtirokida muhokama qilish amaliyotidan samarali foydalanish;
parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini monitoring qilish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlarida nazarda tutilgan qonun loyihalarining oʻz muddatida ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish;
qonun loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichlariga, shuningdek nazorat-tahlil tadbirlariga ekspertlar guruhlarini faol jalb etish va ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish;
oʻz faoliyati yoʻnalishiga oid qonun hujjatlarini doimiy ravishda xatlovdan oʻtkazish, huquqni qoʻllash amaliyotini muntazam ravishda tahlil qilish va shu asosda qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda ularni takomillashtirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan bildirilgan takliflarni qoʻmita majlislarida muhokama qilish amaliyotini tizimli ravishda tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish hamda mazkur masala yuzasidan soha mutasaddilarining axborotini oʻz yigʻilishlarida muntazam eshitib borish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Parlament axborot markazi (M. Parmonova) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati yakunlari haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish choralarini koʻrsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-oktabr,
3593-IV-son