Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati oʻrtasida
BITIM
Oʻzbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalariga import cheklovlarini joriy etish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4534-US-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar;
har ikki mamlakat ishtirokchi davlatlar hisoblangan Madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kelish, olib ketish va ularga boʻlgan egalik huquqini oʻzgaga berishni man etish va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida 1970-yildagi YUNESKO Konvensiyasiga muvofiq harakat qilgan holda; va
Oʻzbekiston madaniy merosini ifodalovchi, oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan arxeologik va etnologik materiallarni talon-taroj qilishga boʻlgan ishtiyoqni kamaytirish istagida;
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati oʻz qonunchiligiga, shu jumladan Madaniy boyliklar toʻgʻrisidagi Konvensiyani amalga oshirish toʻgʻrisidagi Aktiga muvofiq, Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati tomonidan eʼlon qilinadigan roʻyxatda (keyingi oʻrinlarda Belgilangan roʻyxat deb ataluvchi) belgilangan miloddan avvalgi 50 000 yildan milodiy 1773 yilgacha boʻlgan maʼlum arxeologik materiallar va Oʻzbekiston xalqining madaniy merosi uchun muhim milodiy 600 yildan 1917 yilgacha boʻlgan maʼlum etnologik materiallarning Qoʻshma Shtatlarga olib kirilishini cheklaydi, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bunday olib chiqilish uning qonunlariga zid emasligini tasdiqlovchi sertifikat bergan holatlar mustasno hisoblanadi.
2. Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati Belgilangan roʻyxatdagi Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati hisobiga musodara qilingan har qanday obyekt yoki materialni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga qaytarishni taklif qiladi.
3. Bunday import cheklovlari Belgilangan roʻyxat Reyestr Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumatining jamoatchilikni xabardor qilishni koʻzlovchi rasmiy nashri hisoblangan AQSh Federal reyestrida eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2-modda
1. Har ikki Tomon ushbu Bitimni va uning sabablarini eʼlon qiladilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ruxsat etilmagan qazishmalar, madaniy boyliklarning oʻgʻirlanishi, madaniy boyliklar kontrabandasi va madaniy merosga xavf soladigan boshqa tahdidlar haqidagi maʼlumotlarni saqlash va Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati bilan boʻlishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etadi. Mazkur saʼy-harakatlarga yordamlashish maqsadida Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga tegishlicha davlat va/yoki xususiy sektorlarda mavjud dasturlar doirasida texnik yordam koʻrsatishga koʻmaklashish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.
3. Madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kelish, olib ketish va ularga boʻlgan egalik huquqini oʻzgaga berishni man etish va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida 1970-yildagi YUNESKO Konvensiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻzining madaniy merosini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etadi. Mazkur saʼy-harakatlarga yordamlashish maqsadida Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga tegishlicha davlat va/yoki xususiy sektorlarda mavjud dasturlar doirasida texnik yordam koʻrsatishga koʻmaklashish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati madaniy boyliklarning talon-taroj qilinishi bilan bogʻliq jiddiy vaziyatlarni bartaraf etish borasida Oʻzbekistondan arxeologik va etnologik materiallarni sezilarli darajada import qiluvchi boshqa mamlakatlar bilan ishlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etadi.
5. Har bir Tomon arxeologik va etnologik materiallarni madaniy, taʼlim va ilmiy maqsadlarda almashishni ragʻbatlantirish, shu jumladan, bunday materiallarni uzoq muddatga berib turish orqali Oʻzbekistonning boy madaniy merosi jamoatchilik tomonidan qadrlanishini keng koʻlamda eʼtirof etish va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga soladi.
6. Har bir Tomon ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qilib turish harakatini davom ettiradi.
3-modda
Har ikki Tomonning majburiyatlari va ushbu Bitim doirasida amalga oshiriladigan faoliyatlari ularning tegishli qonunlar va qoidalariga, shu jumladan, ajratilgan mablagʻlarning mavjudligiga bogʻliq boʻladi.
4-modda
1. Mazkur Bitim imzolangandan boshlab kuchga kiradi; basharti u uzaytirilmasa, besh (5) yil davomida amal qiladi.
2. Mazkur Bitim faqat Tomonlarning oʻzaro yozma roziliklari bilan uzaytirilishi va/yoki oʻzgartirilishi mumkin.
3. Tomonlar mazkur Bitimning amal qilish muddatini uzaytirish zaruriyati mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash uchun besh (5) yillik muddat tugagunga qadar ushbu Bitimning samaradorligini koʻrib chiqadilar.
4. Har bir Tomon boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning amal qilish muddati tugagunga qadar uni tugatish niyati haqida yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday holda, tugatish xabarnoma olingan kundan boshlab olti (6) oy oʻtgach kuchga kiradi.
Tegishli tartibda oʻz hukumatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2023-yil 7-noyabr kuni ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
(imzolar)