OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
QarorI
Birinchi instansiyada ishni koʻrgan sudya — R. Berdiyarov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B. Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar R. Sagatov va V. Sattorovadan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, “NN” AQSh kompaniyasi rahbari O. J, vakili S. P (2023-yil 10-iyuldagi 07-sonli order asosida), javobgar “NS” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasi va jamiyat taʼsischisi N. Sh. vakili L. S (2023-yil 1-iyundagi 177-sonli va 27-sentabrdagi 191-sonli order(lar) hamda 2022-yil 18-oktabrdagi ishonchnoma asosida), qoʻshimcha javobgar “NC” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasi vakili L. S (2022-yil 18-oktabrdagi ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar “NN” (AQSh, Nyu-Jersi) kompaniyasining javobgar masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “NS” qoʻshma korxona ishtirokchisi Sh. N nijamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish yuzasidan qabul qilingan Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 31-iyuldagi hal qiluv qarori ustidan “NN” kompaniyasi tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “NS” qoʻshma korxonasi (bundan buyon matnda MChJ yoki jamiyat deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1995-yil 19-mayda 000033-son reyestr raqami bilan davlat roʻyxatiga olingan boʻlib, jamiyatning yangi tahrirdagi Nizomi 1998-yil 21-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan va ustav fondida Sh. N (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ning ulushi 5 foiz, “NN” kompaniyasi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi)ning ulushi 95 foiz etib belgilangan.
Taʼsischilarning 2001-yil 4-iyundagi qaroriga muvofiq qoʻshma korxonaning umumiy ustav fondi 1109127,32 AQSh dollari bilan qayta davlat roʻyxatiga olingan boʻlib, nizom jamgʻarmasi ishtirokchilar oʻrtasida qayta taqsimlangan. Unga koʻra, javobgarning ulushi 5,29 foiz, daʼvogarning ulushi esa 94,71 foiz etib belgilangan.
Daʼvogar sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, javobgarni MChJ taʼsischilar safidan chiqarishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 18-iyuldagi ajrimi bilan MChJ ishga qoʻshimcha javobgar sifatida jalb qilingan.
Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 31-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Daʼvogar Oliy sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻralgan. Bunga asos qilib, shikoyatda jamiyat Nizomining 11.6 va 11.7-bandlarida jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, uning rejalarini va rejalar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarini tasdiqlash, jamiyat Ustavini, ustav fondini oʻzgartirish bilan bogʻliq masalalar uchun qatnashchilarning toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab etilishi, qolgan masalalar yuzasidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qilinishi qayd etilgan boʻlsa-da, jamiyat Nizomining 11.5-bandida qatnashchilar yigʻilishining qarori agar hamma qatnashchilar shaxsan yoki boshqa vakil qilingan shaxslar orqali ishtirok etganda kuchga ega boʻlishi belgilanganligi, bu esa oʻz navbatida Nizomning 11.6 va 11.7-bandlaridagi talablarni inkor qilishi, shu bilan birga N. Sh oʻzining shaxsiy manfaatini koʻzlab 2005-yildan keyin ham jamiyatga tegishli hujjatlarni qalbakilashtirib kelganligi, xususan N. Sh qoʻshma korxona Ustav fondining 94,71 foiz ulushga ega boʻlgan daʼvogarni tugatilganligi haqida soxta hujjatlar tayyorlashga erishib, ushbu hujjatga asosan oʻzi MChJning yagona taʼsischisi sifatida 2020-yil 29-sentabrda qoʻshma korxona ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorini tayyorlab, mazkur qarorga asosan qoʻshma korxonaning asosiy ishtirokchisi hisoblangan daʼvogarni ishtirokchilar safidan chiqarganligi, qoʻshma korxonaning 1109127,32 AQSh dollari miqdoridagi ustav fondini asossiz ravishda 115937000 soʻmga, daʼvogarning qoʻshma korxona ustav jamgʻarmasidagi ulushini esa 109792339 soʻmga oʻzgartirgan holda qoʻshma korxona hisobiga oʻtkazganligi va ushbu oʻzgartirishlar asosida qoʻshma korxonaning yangi tahrirdagi Ustavini 2020-yil 13-oktabrda qayta roʻyxatdan oʻtkazganligi, mazkur holat yaʼni, qoʻshma korxona Ustav fondining 94,71 foiz ulushga ega boʻlgan asosiy ishtirokchi (daʼvogar)ni taʼsischilikdan chiqarib yuborganligi holati tegishli dalillar bilan tasdiqlanganligi, qolaversa javobgar tomonidan tayyorlangan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qaror(lar)i Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 8-iyuldagi hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topilganligi, shuningdek Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 2022-yil 2-noyabrdagi qarori bilan qoʻshma korxonani qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi ham haqiqiy emas deb topilganligi va jamiyat Ustavi dastlabki yaʼni, unga 2001-yil 17-iyulda kiritilgan oʻzgartirishlar holatiga keltirilganligi, N. Sh daʼvogarni MChJ ishtirokchilari safidan chiqarish haqida 2020-yil 29-sentabrda qaror qabul qilganidan soʻng oʻzini jamiyatning yagona taʼsischisi deb hisoblab oʻzboshimchalik bilan yagona taʼsischining 2020-yil 29-sentabrda 1-sonli qarorni chiqargan holda oʻzini jamiyatning bosh direktori lavozimiga tayinlaganligi, oʻzining direktorlik faoliyati davomida ham korxonani rivojlantirish uchun amalda biror-bir ish qilmaganligi, korxona ofisiga kelmasdan, oʻzida mavjud boʻlgan korxonaga tegishli hujjatlar, korxona muhrini shuningdek, oʻzining boshqaruvida boʻlgan korxonaga tegishli avtomashinalarni topshirishdan bosh tortib kelganligi, direktorlik vazifasida ishlagan vaqtida soliq hisobotlarini topshirmasdan hisoblangan 119534414 soʻm miqdoridagi soliq toʻlovlarini toʻlamaganligi sababli 2023-yil soliq idorasi tomonidan jamiyatning hisob raqami yopib qoʻyilganligi va korxonaning mol-mulklariga taqiq qoʻyilganligi, birinchi instansiya sudi qayd etilgan holatlarni inobatga olmasdan, ishni bir tomonlama koʻrib chiqqanligi va adolatsiz qaror qabul qilib, xatolikka yoʻl qoʻyganligi, qolaversa sud muhokamasiga N. Sh ning ishtirokini taʼminlash choralari koʻrilmasdan, faqatgina sudda ishtirok etgan vakilining vajlari inobatga olingan holda qaror qabul qilganligi va sudning xulosasi asoslantirib berilmaganligi keltirilgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni takrorlab, shikoyatni qoʻllab-quvvatlab, uni qanoatlantirishni va hal qiluv qarorini bekor qilib, javobgarni jamiyat taʼsischilari safidan chiqarish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻrashdi.
Sud majlisida ishda ishtirok etgan MChJ hamda javobgar vakili apellatsiya shikoyati yuzasidan eʼtiroz bildirib, birinchi instansiya sudi ish holatlarini toʻliq oʻrganib, ishdagi dalillarga tegishli huquqiy baho berib, daʼvogarning daʼvo talabiga asos qilib keltirayotgan holatlari isbotlab berilmaganligini inobatga olib, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida qonuniy toʻxtamga kelganligi sababli shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni va hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati, taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni hamda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Chilonzor tumani davlat xizmatlari markaziga taqdim etilgan hujjatga koʻra, MChJ (INN: 201088399) 1995-yil 19-mayda 000033-son reyestr raqami bilan davlat roʻyxatiga olingan.
MChJning yangi tahrirdagi Nizomi 1998-yil 21-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan va ustav fondida Sh. N (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ning ulushi 5 foiz, “NN” kompaniyasi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi)ning ulushi 95 foiz etib belgilangan.
Daʼvogar javobgar jamiyat ishtirokchilaridan biri boʻlsa-da, ishtirokchilar umumiy yigʻilishi vakolatiga berilgan korxonaning moliyaviy xoʻjalik faoliyatiga oid masalalarni hal qilish uchun 2016-2018-yillarda oʻtkazilgan yigʻilishlarning aksariyatida qatnashmagan yoki qatnashgan boʻlsa-da, qaror qabul qilishda qarshi ovoz berib kelganligi, ushbu holat jamiyat faoliyatiga oid ayrim masalalarni hal etilishiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatib kelayotganligi, javobgar oʻzining qingʻir, gʻayriqonuniy ishlari bilan jamiyat faoliyati va korxonaning asosiy ishtirokchisi hisoblangan daʼvogarning manfaatlariga zarar keltiriladigan harakatlarni amalga oshirib kelganligi, javobgar daʼvogarni tugatilganligi haqida soxta hujjatlar tayyorlashga erishib, ushbu hujjatga asosan oʻzi qoʻshma korxonaning yagona taʼsischisi sifatida 2020-yil 29-sentabr kuni jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilish qarorini tayyorlab, ushbu qarorga asosan daʼvogarni jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarganligi, qoʻshma korxonaning 1109127,32 AQSh dollari miqdoridagi Ustav fondini asossiz ravishda 115937000 soʻmga, daʼvogarni Ustav jamgʻarmasidagi ulushini esa 109792339 soʻmga oʻzgartirgan holda qoʻshma korxona hisobiga oʻtkazganligi va ushbu oʻzgartirishlar asosida qoʻshma korxonaning yangi tahrirdagi Ustavini 2020-yil 13-oktabrda qayta roʻyxatdan oʻtkazganligi, Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 2022-yil 2-noyabrdagi qarori bilan Chilonzor tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2020-yil 13-oktabrdagi jamiyatni qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi ham haqiqiy emas deb topilganligi, javobgar daʼvogarni qoʻshma korxonaning ishtirokchilari safidan chiqarish haqida 2020-yil 29-sentabrda qaror qabul qilganidan soʻng oʻzini jamiyatning yagona taʼsischisi deb hisoblab, oʻzboshimchalik bilan jamiyat yagona taʼsischisining 2020-yil 29-sentabrda 1-sonli qarorni chiqargan holda oʻzini jamiyatning bosh direktori lavozimiga tayinlaganligi, javobgarning xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida qoʻshma korxona bugungi kunda bankrot holatiga tushib qolganligini asos qilib, sudga daʼvo arizasi bilan murojaat etgan.
Birinchi instansiya sudi jamiyat Nizomiga asosan jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, uning rejalarini va rejalar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlash, jamiyat ustavini, ustav fondini oʻzgartirish bilan bogʻliq masalalar uchun qatnashchilarning toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab etilishi, qolgan masalalar yuzasidan esa oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinishi belgilanganligi, shuningdek jamiyat rahbarini tayinlash va egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilish qarorlari qabul qilinganligi yoki qaror qabul qilishga imkon bermayotganligi holati asossizligi haqida xulosaga kelgan va daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etgan.
Sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudining xulosalari bilan quyidagi asoslarga koʻra kelishib boʻlmaydi deb hisoblaydi.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 8-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarori 19-bandida ham tushuntirish berilgan.
Jamiyat taʼsischilari tomonidan 1998-yil 14-aprelda qabul qilingan Nizom (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiladi)ning 11.5-bandida qatnashchilar yigʻilishining qarori agar hamma qatnashchilar shaxsan yoki boshqa vakil etilgan shaxslar orqali ishtirok etganda kuchga ega boʻlishi belgilangan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, jamiyat qatnashchilari tomonidan jamiyat faoliyatida muhim ahamiyatga ega boʻlgan qarorlarni qabul qilish uchun oʻtkaziladigan yigʻilishlarda tegishli tartibda yigʻilish oʻtkaziladigan kuni va vaqti toʻgʻrisida ogohlantirilganligiga qaramasdan, javobgar ushbu yigʻilishlarda muntazam ravishda ishtirok etmagan va jamiyatning keyingi faoliyatini yuritishga jiddiy toʻsqinlik qilgan. Natijada, javobgar tomonidan jamiyatga katta zarar keltirilib, uning ish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatilib kelingan. Mazkur holatlar daʼvogar tomonidan taqdim etilgan xabarnomalar, jamiyat qatnashchilari tomonidan oʻtkazilgan yigʻilish bayonnomalari va ular tomonidan tasdiqlangan dalolatnomalar bilan oʻz tasdigʻini topadi (i.v.69,70, 90-96).
Vaholanki, jamiyatning 1998-yil 14-aprelda qabul qilingan Taʼsis shartnomasining 6-moddasida jamiyat qatnashchilarining bir qator majburiyatlari sanab oʻtilgan boʻlib, ulardan biri sifatida taʼsis hujjatlariga rioya qilish, belgilangan tartibda jamiyatga nisbatan oʻziga olgan majburiyatlarni bajarish va jamiyatga uning oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun koʻmaklashish kabi majburiyatlar koʻrsatilgan (i.v.26 — 32).
Bundan koʻrinadiki, javobgar tomonidan taʼsis shartnomasida keltirilgan majburiyatlar bajarilmagan va javobgarning harakatsizligi, uning jamiyat qatnashchilari yigʻilishlarida ishtirok etmaganligi oqibatida jamiyatga jiddiy zarar yetkazilgan.
Taʼsis shartnomasi 11-moddasining 11.1-bandida taʼsis hujjatlarining qoidalarini qoʻpol va bir necha marta buzgan qatnashchi qatnashchilar yigʻilishining qaroriga koʻra, jamiyat tarkibidan oʻchirilishi (chiqarilishi) mumkinligi belgilangan.
Javobgarning jamiyat faoliyatiga nisbatan oʻz majburiyatlarini bajarmasligi, jamiyat manfaatlariga befarqligi va uning rivojlanishi uchun oʻz hissasini qoʻshmasligi javobgar tomonidan taʼsis hujjatlarining qoidalari qoʻpol va bir necha marotaba buzilgan deb baholanadi va javobgarni jamiyat taʼsischiligidan chiqarish uchun yetarli asos boʻlib xizmat qiladi.
Shu bois daʼvogarning appelatsiya shikoyati asosli boʻlib, uni qanoatlantirishni rad qilish uchun javobgar tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmadi.
Garchi, jamiyat Nizomining 11.6 va 11.7-bandlarida qatnashchilar ustav fondidagi oʻz ulushlarining miqdoriga mutanosib ovozlar soniga ega boʻlishi va jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, uning rejalarini va rejalar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlash, jamiyat ustavini, ustav fondini oʻzgartirish bilan bogʻliq masalalar uchun qatnashchilarning toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab etilishi, qolgan masalalar yuzasidan esa oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinishi koʻrsatilgan boʻlsa-da, Nizomning 11.5-bandida nazarda tutilgan qoida yuqoridagi bandlardagi qoidalarni inkor etishga asos boʻladi.
Qolaversa, javobgar jamiyatning asosiy taʼsischisi boʻlgan daʼvogarni goʻyoki tugatilgan etib koʻrsatib, soxta hujjatlar tayyorlab, uni jamiyat taʼsischiligidan chiqarib yuborib, jamiyatning yagona taʼsischisi sifatida oʻzi faoliyat yuritib, jamiyat faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatganligini ham inobatga olish lozim. Bu esa, javobgarning oʻz manfaati yoʻlida jamiyat manfaatlariga putur yetkazganligini tasdiqlaydi.
Sudlov hayʼati javobgar vakilining daʼvogar MChJ ishtirokchi sifatida javobgarning ishtirokisiz juda koʻplab yigʻilishlar oʻtkazganligi, ushbu yigʻilishlarda tegishli qarorlar qabul qilinganligi, ushbu qarorlar kuchida ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari daʼvoni qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Chunki, ushbu yigʻilish qarorlari javobgar tomonidan nizolashilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 278-moddasining 2-bandida apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga haqli ekanligi belgilangan.
IPK 279-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi ish holatlarini toʻliq oʻrganmasdan, moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida asossiz xulosaga kelgan deb hisoblaydi. Shuning uchun hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish lozim boʻladi.
IPK 118-moddasining birinchi va toʻqqizinchi qismlariga muvofiq sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
Bayon etilganlarga asosan, sudlov hayʼati “NN” kompaniyasining apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 31-iyuldagi hal qiluv qarorini bekor qilishni, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni, ishni koʻrish bilan bogʻliq oldindan toʻlangan sud xarajatlarini javobgardan daʼvogar foydasiga undirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
“NN” kompaniyasining apellatsiya shikoyati qanoatlantirilsin.
Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 31-iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilinsin. Yangi qaror qabul qilinsin.
“NN” kompaniyasining daʼvo arizasi qanoatlantirilsin.
Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “NC” qoʻshma korxonasi ishtirokchisi N. Sh jamiyat ishtirokchiligidan chiqarilsin.
Sh.N dan “NN” kompaniyasi foydasiga 5 016 000 soʻm undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va uning ustidan kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.
Raislik qiluvchi B. SAYFULLAYEV
hayʼat azolari V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-oktabr,
4-10-2306/320-son