Fargʻona viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiyada ishni koʻrgan sudya — X. Jamoliddinov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — M. Ummatova
Fargʻona viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati viloyat sudi raisi oʻrinbosari A. Abduraxmanovning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar F. Amanov va M. Ummatovalardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi S. Xoliqovning sud majlisi kotibligida, taraflardan daʼvogar _____ va uning vakili _____ (advokat, order asosida), javobgar vakillari ____ (rahbar, pasport asosida), ______ (ishonchnoma asosida) hamda Fargʻona shahar pochta aloqa bogʻlamasi mutaxassisi _______ (ishonchnoma asosida)larning ishtirokida, daʼvogar ________ning javobgar __________ masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 5-may kungi yigʻilish bayonini haqiqiy emas deb topish va fuqaro ________ni ulushdorlar safiga kiritish majburiyatini yuklash hamda sud xarajatlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qabul qilingan Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 28-iyul kungi ajrimidan norozi boʻlib, daʼvogar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Fargʻona viloyat sudi binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar ______ sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar _______ masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 5-may kungi yigʻilish bayonini haqiqiy emas deb topish va fuqaro _______ni ulushdorlar safiga kiritish majburiyatini yuklash hamda sud xarajatlarini javobgardan undirishni soʻragan.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 28-iyul kungi ajrimi bilan daʼvo arizasi koʻrmasdan qoldirilib, sud xarajatlari daʼvogar zimmasida qoldirilgan.
Sudning mazkur ajrimidan norozi boʻlib daʼvogar ______ Fargʻona viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Apellatsiya shikoyatida, sudning ajrimidan norozi ekanligini, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida qonunda belgilangan tartibda ogohlantirilmaganligini, xususan Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasi tomonidan berilgan 2023-yil 9-avgustdagi 11-04/182-sonli maʼlumotnomada 2023-yil 14-iyul kuni sud tomonidan yuborilgan gibrid xat pochtalon tomonidan Fargʻona shahar, ____ koʻchasi ___-uy, ___-xonadonga bir necha marotaba olib borilganligi, uyda vaqtincha hech kim yoʻqligi sababli ushbu gibrid xat yetkazilmaganligi, lekin gibrid elektron bazasi orqali yanglish yetkazildi deb qaytarilganligi maʼlum qilinganligini bildirib, birinchi instansiya sudining 2023-yil 28-iyul kungi ajrimini bekor qilishni, ishni koʻrishni birinchi instansiya sudiga yuborishni soʻragan.
Sud majlisida daʼvogar apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, unda keltirilgan vajlarni toʻliq bayon qilib, sudlov hayʼatidan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni va birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, ishni koʻrishni birinchi instansiya sudiga yuborishni soʻradi.
Sud majlisida javobgar vakillari apellatsiya shikoyati boʻyicha tushuntirish berib, sudlov hayʼatidan apellatsiya shikoyatini qonuniy hal qilishni soʻradi.
Apellatsiya sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, ishdagi mavjud hujjatlarni oʻrganib, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, ishni birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborishni lozim topdi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, daʼvogar _______ sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar _______ masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 5-may kungi yigʻilish bayonini haqiqiy emas deb topish va fuqaro D.A ni ulushdorlar safiga kiritish majburiyatini yuklash hamda sud xarajatlarini javobgardan undirishni soʻragan.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 28-iyul kungi ajrimi bilan daʼvogarning daʼvo arizasi koʻrmasdan qoldirilgan.
Mazkur ish boʻyicha birinchi instansiya sudining daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish, ish qoʻzgʻatish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi 2023-yil 14-iyul kungi ajrimi “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Fargʻona filiali Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasiga 2023-yil 15-iyul sanasida yuborilgan.
Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasi pochta kuryeri _______ tomonidan toʻldirilgan sud hujjati “Gibrid pochta” xizmati orqali yuborilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomada mazkur sud hujjati 2023-yil 2-avgust kuni _______ tomonidan qabul qilib olinganligi qayd etilgan.
Biroq, sudlov hayʼatiga taqdim etilgan Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasi tomonidan _______ nomiga berilgan 2023-yil 9-avgustdagi 11-04/182-sonli maʼlumotnomada 2023-yil 14-iyul kuni sud tomonidan yuborilgan gibrid xat pochtalon tomonidan Fargʻona shahar, Oq yoʻl koʻchasi 84V-uy, 1-xonadonga bir necha marotaba olib borilganligi, uyda vaqtincha hech kim yoʻqligi sababli ushbu gibrid xat _______ ga yetkazilmaganligi, lekin gibrid elektron bazasi orqali yanglish yetkazildi deb qaytarilganligi maʼlum qilingan.
Dastlabki sud majlisida mutaxassis sifatida soʻralgan Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasi mutaxassisi ______ tushuntirishida, ______ pochta aloqasi bogʻlamasiga ariza bilan murojaat qilganligini, murojaatini oʻrganish davomida sud tomonidan _________ga yuborilgan xat unga topshirish uchun manzilga bir necha marotaba borilganligini, manzilda hech kim boʻlmaganligi aniqlanganligini, xabarnoma qoldirilganligini, aslida esa sud hujjati yetkazilmaganligini, texnik xato sababli bazaga yetkazilgan deb kiritilganligini, mazkur holat boʻyicha pochtalon _______ga nisbatan intizomiy chora koʻrilib, tushuntirish xati olinganligini maʼlum qildi.
Sud majlisida soʻralgan Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasi mutaxassisi ______tushuntirish berib, Fargʻona shahar pochta aloqasi bogʻlamasida boʻlim boshligʻi vazifasida ishlab kelishini, haqiqatdan ham sud hujjati ularning pochta boʻlimiga kelib tushganligini, ushbu xat yetkazib berish uchun pochtalon ______ga topshirilganligini, ________ tomonidan xat ________ning manziliga bir necha marotaba olib borilganligini, ______ uyda boʻlmaganligini, _______ xatni ______ning uyiga tashlab kelganligini, _____ning qoʻliga bermaganligini, ammo ______ tomonidan ilova qilingan hujjatlar roʻyxatini toʻldirishda xat _______ga topshirildi deb xato tarzda qayd qilinganligini, mazkur holat boʻyicha _______ bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligini maʼlum qildi.
Bundan koʻrinadiki daʼvogar _____ sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilinmagan.
Sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogarning daʼvo arizasi asosida qoʻzgʻatilgan mazkur iqtisodiy ish boʻyicha daʼvogar ______ sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinganligi, ammo birinchi sud majlisiga kelmaganligi va ishni oʻzining ishtirokisiz koʻrilishi toʻgʻrisida arz qilmaganligiga asoslanib daʼvogar ______ning daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish haqida barvaqt toʻxtamga kelgan deb hisoblaydi.
Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi)ning 127-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida sud ajrimi orqali xabardor qilinadi, ajrim topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki ushbu shaxslarga tilxat olib topshiriladi yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda xabardor qilinadi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari ajrim orqali, zarur hollarda esa sud chaqiruv qogʻozlari, telegrammalar, fakslar, teletayplar hamda boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi va sudga chaqiriladi.
Biroq, birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli boʻlgan ushbu holatlarga eʼtibor bermasdan, daʼvogar _____ sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilinganligi holatiga aniqlik kiritmasdan, daʼvogar ______ni sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan deb hisoblab, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish haqida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan.
IPKning 281-moddasiga koʻra, birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun yuborishga haqli.
Yuqoridagilarga asosan, apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogar _____ning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining 2023-yil 28-iyul kungi ajrimini bekor qilishni, daʼvo arizani birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborishni lozim topadi.
Binobarin, sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 259, 280-281-moddalarini qoʻllab, qaror qiladi:
Daʼvogar ______ning apellatsiya shikoyati qanoatlantirilsin.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 28-iyul kungi ajrimi bekor qilinsin.
Daʼvo arizani birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qarordan norozi taraf bir yil muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin.
Raislik etuvchi A. ABDURAXMAIOV
Hayʼat aʼzolari F. AMANOV
M. UMMATOVA
Fargʻona v.,
2023-yil 16-oktabr,
4-1501-2304/5339-son