Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya A. Xamidov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya T. Qahhorov
Kassatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya R. Sagatov
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari V. Sattorova va R. Sagatovdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, Navoiy viloyat sudining xodimi B. Nuriyev, daʼvogar vakillari — G. T (taʼsischining merosxoʻri), S. Ergashev (2023-yil 22-sentabrdagi 73-sonli order asosida)ning ishtirokida, ishga Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi va Kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan holda, daʼvogar G. T ning javobgarlar “Daler mega farm” masʼuliyati cheklangan jamiyati va uning taʼsischisi N. N ga nisbatan MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 30-apreldagi 2-sonli bayonnomasini haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan daʼvogar tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
G. T (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “Daler mega farm” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi) va uning taʼsischisi N. N (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 30-apreldagi 2-sonli bayonnomasini haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi va Kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 9-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, MChJning 2022-yil 30-apreldagi umumiy yigʻilishi qarorining 3-bandidagi jamiyat taʼsischilarining 2018-yil 20-apreldagi 1-son umumiy yigʻilish bayoni bilan tuzilgan va Karmana tumani davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtgan taʼsis shartnomasini bekor qilish qismi va 4-bandidagi MChJ rahbari N. N ning ulushi 200 000 (ikki yuz ming) soʻm, yaʼni 66,7 foiz ulush, “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki Navoiy filialining 2022-yil 29-apreldagi 01-250/11-sonli “pul mablagʻi”. Marhum D.F. M ning ulushi 100 000 (bir yuz ming) soʻm 33,3% etib belgilash qismi haqiqiy emas deb topilgan. Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 17-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlaridan norozi boʻlib daʼvogar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda sud hujjatlarini bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda taʼsischilar yigʻilishining 2022-yil 30-apreldagi qarorida Navoiy viloyati, Karmana tumani, Yangiariq Q.F.Y., “Argʻun” mahallasida joylashgan yer uchastkasining umumiy maydoni 275,76 kv.m. boʻlgan, umumiy foydali maydoni 487,91 kv.m., ishchi maydoni 388,99 kv.m. boʻlgan, A1 liter bilan belgilangan hisobchi xonasi, 2 ta koridor, hojatxona, 2 ta dush, omborxona, 3 ta xona, laboratoriya xonasi, tayyor mahsulotlar omborxonasi, tayyorlash xonasi, sex, xoll, ofis kabi bino-inshootlardan iborat savdo doʻkoni taʼsischi N. N ga oʻtkazish koʻrsatib oʻtilmaganligi, mazkur qarorda marhum F. D ning 0,5 foiz ulushi jamiyatga oʻtganligi haqida qaror qabul qilinganligi, 4-bandida esa marhumning ulushi 33,5 foiz miqdorda 100 000 soʻm nominal qiymatda belgilanganligi, marhum taʼsischining qonuniy merosxoʻri belgilanmaganligi, marhum taʼsischining jamiyat ustav fondidagi haqiqatda shakllantirilgan ulush miqdori 100 000 soʻm emas, balki 443 465 200 soʻm ekanligiga oydinlik kiritilmaganligi va ushbu holatga baho berilmaganligi, jamiyatning yagona taʼsischisi N. N 2018-yil 23-aprelda jamiyatdagi 100 foiz ulushini F. D ga qoldirib, jamiyat taʼsischiligidan chiqishga rozilik bildirib, Karmana tumani 1-sonli davlat notarial idorasida notarial tasdiqlangan ariza rasmiylashtirilganligi holatiga ham baho berilmaganligi, aslida jamiyatning balansida boʻlgan binoni N. N 800 000 000 soʻmga baholab F. D ga sotganligi, F. D 443 465 200 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini jamiyatning ustav fondiga ulush sifatida kiritganligi, qolgan 400 000 000 soʻm miqdoridagi naqd pul mablagʻlari esa N. N ga 2018-yilda berilganligi, jamiyat mulki boʻlgan savdo doʻkoni 2022-yil 30-apreldagi umumiy yigʻilish qarori hamda jamiyat va uning taʼsischisi N. N oʻrtasida topshirish va qabul qilish dalolatnomasi asosida taʼsischi N. N ga topshirilganligi, ushbu koʻchmas mulk jamiyat ixtiyoridan qonun talablari mazmuniga zid ravishda, jamiyat taʼsischisi merosxoʻrining roziligisiz berib yuborilganligini koʻrsatgan.
Sud majlisida daʼvogar vakillari kassatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, uni qanoatlantirishni, sud qarorlarini bekor qilishni, daʼvogarning daʼvo talablarini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻrashdi.
Sud majlisining vaqti va joyi haqida belgilangan tartibda xabardor qilingan javobgar va uchinchi shaxslardan vakillar sud majlisiga kelmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shuning uchun sudlov hayʼati ishni ularning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati daʼvogar vakillarining tushuntirishlarini tinglab va shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, sud qarorlarini bekor qilib daʼvogarning daʼvo talablarini qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, MChJ Karmana tumani hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2015-yil 14-avgustda 017124-raqam bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va jamiyatning ustav jamgʻarmasi 5 000 000 soʻm belgilanib, uning yagona taʼsischisi Nabiyev Umidjon Narziyevich boʻlgan.
MChJ ishtirokchilarining 2015-yil 24-avgustdagi 1-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan jamiyat taʼsischisi U. N oʻzining barcha mol-mulklarini olgan holda taʼsischilar safidan chiqarilib, jamiyatga yangi taʼsischi sifatida N. N kiritilgan va u oʻziga tegishli boʻlgan Karmana tumani, “Yangi ariq” QFY, “Argʻun” mahallasida joylashgan savdo doʻkoni bilan jamiyat ustav jamgʻarmasini 20 362 820 soʻmga shakllantirgan.
MChJ ishtirokchilarining 2018-yil 20-apreldagi 1-sonli qarori bilan jamiyatning taʼsischilari safiga F. D 100 000 soʻm pul mablagʻi bilan kiritilgan. Jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi 2018-yil 23-aprelda Navoiy viloyati, Karmana tumani, Yagona darcha markazidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Unga koʻra, jamiyatning ustav fondi 20 462 820 soʻm, shundan Nabiyev Narzining ulushi 20 362 820 soʻm yoki 99,511 foiz, D. F. M ning ulushi 100 000 soʻm yoki 0,489 foiz etib belgilangan.
MChJ ishtirokchisi F. D 2021-yil 10-avgustda vafot etib, undan qolgan mol-mulklarga nisbatan notarial idorada meros ishi ochilgan. Toshkent shahar, Olmazor tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius F.X. N tomonidan 2022-yil 6-mayda rasmiylashtirilgan qonun boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomaga koʻra, marhum F. D ning jamiyat ustav fondidagi 100 000 soʻm miqdoridagi ulushiga uning xotini G. T merosxoʻr ekanligi tasdiqlangan.
MChJ ishtirokchisi N. N 2022-yil 30-aprelda taʼsischilarning umumiy yigʻilishini oʻtkazib, MChJning 2-sonli umumiy yigʻilish qarorini qabul qilgan.
Mazkur qaror bilan jamiyatning marhum taʼsischisi F. D ga tegishli 100 000 soʻm miqdoridagi 0,5 % ulush jamiyat ixtiyoriga oʻtkazilishi, “Masʼuliyati cheklangan jamiyat va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonun (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 20-moddasining oʻn toʻrtinchi, oʻn beshinchi, oʻn oltinchi qismlarida koʻrsatib oʻtilgan yaqinlari tomonidan meros ishlari ochilganida, oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlanadigan ulushining haqiqiy qiymatini toʻlashi yoxud ularning roziligi bilan ularga xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni asli holida berish majburiyatini yuklash, jamiyat taʼsischisi tomonidan belgilangan 20 662 820 soʻm etib belgilangan ustav fondini 20 362 820 soʻmdan 300 000 soʻmga kamaytirish, jamiyat taʼsischilarining 2018-yil 20-apreldagi 1-son umumiy yigʻilish bayoni bilan tuzilgan va Karmana tuman davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtgan taʼsis shartnomasini bekor qilish, jamiyatning ustav fondini 300 000 soʻm etib belgilash, MChJ rahbari N. N ning ulushi 200 000 soʻm, yaʼni 66,7 % ulush “Qishloq qurilish bank” ATB Navoiy filialining 2022-yil 29-apreldagi 01-250/11-sonli pul mablagʻi boʻyicha marhum F. D ning ulushi 100 000 soʻm 33,3% etib belgilash, jamiyatning yangi tahrirdagi ustavini Karmana tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan.
Daʼvogar mazkur umumiy yigʻilishidan xabardor boʻlmaganligi, marhum F. D ga tegishli 100 000 soʻm miqdoridagi ulush jamiyat ixtiyoriga oʻtkazilishi va jamiyatga oʻtkazilgan 100 000 soʻm ulush unga nominal qiymatda qayta belgilanishi qonunga zid ekanligi, marhum taʼsischi merosxoʻrlarining roziligisiz jamiyatning koʻchmas mulki MChJ taʼsischisi N. N ga noqonuniy berib yuborilganligi asosi bilan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 30-apreldagi 2-sonli bayonnomasini haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Qonun 20-moddasining oʻn toʻrtinchi qismiga koʻra, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning merosxoʻrlariga va jamiyatning ishtirokchilari boʻlgan yuridik shaxslarning huquqiy vorislariga oʻtadi. Mazkur qoida MChJ ustavi 7.4 bandining toʻqqizinchi xatboshisida ham qayd qilingan.
Sudlar marhum F. D ning jamiyat ustav fondidagi 100 000 soʻm ulushi uning xotini G. T ga merosxoʻr sifatida oʻtmasligi haqida barvaqt xulosaga kelgan. Chunki, javobgar daʼvogarga 2022-yil 1-martdagi 3-sonli, 16-martdagi 2-sonli, 13-apreldagi 4-sonli xabarnomalar bilan murojaat qilib, marhumning ulushini rasmiylashtirish uchun meros ochilishini bildirib, 2022-yil 30-apreldagi ishtirokchilarning umumiy yigʻilishida ishtirok etishini soʻragan.
Qonun 20-moddasining oʻn toʻqqizinchi qismida jamiyatning ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish uchun jamiyatning roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyatga murojaat etilgan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yoki jamiyat ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning yozma roziligi olingan boʻlsa yoxud jamiyatdan rozilik berishga yozma raddiya olinmagan boʻlsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanishi belgilangan.
Dyemak, javobgarning marhum F. D ning merosxoʻrini umumiy yigʻilishda ishtirok etishi uchun xabarnoma yuborilganligi holati daʼvogarni jamiyat ishtirokchisi sifatida umumiy yigʻilishda ishtirok etishga qabul qilganligini anglatadi.
Qonun 20-moddasining oʻn yettinchi qismida jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining merosxoʻri tomonidan meros qabul qilinguniga qadar jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining huquqlari vasiyatnomada koʻrsatilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi, uning majburiyatlari esa shu shaxs tomonidan bajariladi, bunday shaxs boʻlmagan taqdirda esa notarius tayinlagan boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonun 20-moddasining oʻn oltinchi qismiga koʻra, jamiyatning ustavida ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi qismlarida belgilangan ulushning (ulushning bir qismining) oʻtishi va taqsimlanishiga faqat jamiyatning qolgan ishtirokchilari roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi nazarda tutilishi mumkin.
Mazkur holatda, MChJning 2022-yil 30-aprelda oʻtkazilgan umumiy yigʻilishda jamiyat ishtirokchisi tomonidan marhum F. D ning jamiyat ustav fondidagi 100 000 soʻm miqdoridagi ulushi jamiyat ixtiyoriga oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Yaʼni, marhum taʼsischining 100 000 soʻm miqdoridagi ulushini merosxoʻrlariga berilishi masalasi hal qilinmasdan, MChJga ixtiyoriga oʻtkazilishida merosxoʻrlarning roziligisiz qaror qabul qilingan.
Vaholanki, Qonun 33-moddasining birinchi qismida jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shartligi, 34-moddasining uchinchi qismida esa, jamiyatning ishtirokchilari yoki ularning vakillari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Qonun 11-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartishlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qaroriga binoan kiritiladi. Yaʼni, MChJ faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish MChJ ustavining 12.3-bandiga asosan jamiyat ishtirokchilarining mutlaq vakolatiga kirishi belgilangan boʻlsa-da, javobgar mazkur talablarga zid ravishda qayd etilgan masalalar boʻyicha marhum taʼsischi F. D ning merosxoʻrlarini roziligisiz yakka holda qaror qabul qilgan.
Qonun 41-moddasining uchinchi qismida jamiyat kuzatuv kengashining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarining, jamiyat ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchisining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori jamiyat ana shu ishtirokchisining arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan. Shu bois, MChJning 2022-yil 30-apreldagi umumiy yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilishi lozim.
Shuningdek, daʼvogar suddan umumiy yigʻilish qarorining haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllashni soʻragan. Biroq, umumiy yigʻilish qarorida uning oqibatlarini qoʻllashni keltirib chiqaruvchi holat, yaʼni koʻchmas mulkni MChJdan olib chiqish haqida qaror qabul qilinmagan. Shuning uchun sudlov hayʼati daʼvogarning mazkur talabini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Qolaversa, qonun hujjatlarida ishtirokchilarning umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emasligi oqibatlari nazarda tutilmagan.
Birinchi instansiya sudi MChJning umumiy yigʻilish qarori qonun talablariga zid oʻtkazilganligiga yetarli darajada baho bermasdan, daʼvo talabini qisman qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi esa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida barvaqt toʻxtamga kelgan.
IPK 301-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 301-moddasi birinchi qismining 2-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormasdan yangi qaror qabul qilishga haqli.
Bayon qilinganlarga asosan sudlov hayʼati, daʼvogarning kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, sud qarorlarini bekor qilib MChJning 2022-yil 30-apreldagi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni, daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
IPKning 118-moddasiga asosan sud xarajatlari daʼvo talablarining qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda taraflar zimmasiga yuklatiladi. Javobgardan ishni birinchi, apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq daʼvogar tomonidan toʻlangan 6 000 000 soʻm davlat boji, daʼvo talabining rad qilingan qismi boʻyicha daʼvogardan respublika budjetiga 6 000 000 soʻm davlat boji undirilishi lozim.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi IPKning 118, 301-303 va 343-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
G. T ning kassatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 9-fevraldagi hal qiluv qarori va Xorazm viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 17-apreldagi qarori bekor qilinsin. Yangi qaror qabul qilinsin.
G. T ning daʼvo talablari qisman qanoatlantirilsin.
MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 30-apreldagi 2-sonli qarori haqiqiy emas deb topilsin.
Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilsin.
“Daler mega farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischisi N. N. dan G. T. foydasiga 6 088 000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
G. T. dan respublika budjetiga 6 000 000 soʻm davlat boji undirilsin.
Ijro varaqalari berilsin.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 9-fevraldagi hal qiluv qarori va Xorazm viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 17-apreldagi qarori boʻyicha undiruv bekor qilinsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-oktabr,
4-2101-2201/5964-son