Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimiga oʻsmir qizlarni keng jalb etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash, bolalarga psixologik yordam koʻrsatish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, Milliy gvardiya tasarrufida boʻlgan bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga ayol jinsidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish imkoniyatini yaratish;
Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi Bolalar psixologiyasi markazi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini oshirish.
2. Milliy gvardiyaning Milliy gvardiya tizimida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish orqali energetika resurslarini tejash darajasini oshirish maqsadida Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi mablagʻlari hisobidan Milliy gvardiya boʻlinmalari va harbiy qismlarining obyektlariga quyosh fotoelektr stansiyalari va quyosh suv isitish qurilmalarini bosqichma-bosqich oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-oktabr,
PQ-349-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-oktabrdagi PQ-349-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qarori bilan tasdiqlangan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga ayol jinsidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining har yilgi qabul kvotasi umumiy qabul kvotasi doirasida Milliy gvardiya ehtiyojlarini inobatga olgan holda Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4997-son qarorida:
b) 5-bandda:
“b” kichik bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2023-y., 07/23/349/0810-son)