Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 4-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 30-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2023-yil 30-sentabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimiz xavfsizligini va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, zamonaviy qurollangan va qudratli armiyani shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimining harbiy xizmatchilari va xodimlarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga harbiy sohadagi davlat dasturlarining amalga oshirilishini oʻz vaqtida va samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish hollarining barvaqt oldini olish, shuningdek ushbu sohadagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish talab etilmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga soʻzsiz rioya etilishi ustidan harbiy prokuratura organlarining nazorati kuchaytirilishini, shuningdek harbiy prokuratura organlariga xodimlarni harbiy xizmatga qabul qilish va undan boʻshatish tartibi hamda ularga harbiy unvonlar berish tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha harbiy prokuratura organlarining chinakam mustaqil faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi, huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan, shu jumladan budjet mablagʻlarini va davlat mulkini talon-toroj qilish hollarining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi 746-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan 257-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 168-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 249-modda; 2008-yil, № 9, 487-modda, № 12, 636-modda; 2011-yil, № 4, 101-modda; 2012-yil, № 9/2, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 4, 218-modda, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 1, 1, 5-moddalar, № 5, 267-modda, № 11, 791-modda, № 12, 891-modda; 2020-yil, № 1, 4-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 11, 1061-modda; 2022-yil, № 5, 466-modda; 2023-yil, № 4, 265-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 11-moddaning matni “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining” degan soʻzlardan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 13-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“prokuratura organlari xodimlariga darajali unvonlar (harbiy unvonlar) beradi va oliy darajali unvonlar (harbiy unvonlar) berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat etadi”;
3) 15-moddaning:
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori tegishincha tumanlar, shaharlar prokuraturalarining va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qiladi, qonunlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlariga asosan va ularni ijro etish maqsadida oʻziga boʻysunuvchi xodimlar uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, koʻrsatmalar, farmoyishlar chiqaradi”;
oltinchi qismidagi “prokurorning ichki xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha yordamchisi, katta prokuror-kriminalist” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
4) 16-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga tegishli prokurorlar boshchilik qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasiga lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori boshchilik qiladi. Mazkur prokurorlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga boʻysunadi va uning oldida hisobdordir.
Viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari tegishincha tumanlar, shaharlar prokuraturalarining va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qiladi, qonunlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlariga asosan va ularni ijro etish maqsadida oʻziga boʻysunuvchi xodimlar uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, koʻrsatmalar, farmoyishlar chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari boʻladi.
Viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalarida va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarda boshqarmalar hamda boʻlimlar tashkil etiladi.
Boshqarmalar va boʻlimlarning boshliqlari, prokurorlarning katta yordamchilari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
Boshqarmalar va boʻlimlar boshliqlarining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurorining, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining yordamchilari, boshqarmalar va boʻlimlarning katta prokurorlari hamda prokurorlari, alohida muhim ishlar boʻyicha katta tergovchilar va alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchilar, katta tergovchilar hamda tergovchilar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi”;
5) 17-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tumanlar, shaharlar prokurorlarining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan oʻrinbosarlari boʻlishi mumkin.
Tumanlar, shaharlar prokurorlarining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning katta yordamchilari, yordamchilari, prokuratura katta tergovchilari va tergovchilari, ish oʻrganuvchilari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi”;
6) 43-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari, shuningdek tumanlar, shaharlar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan shaxslar tayinlanadi”;
7) 45-modda birinchi qismining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurorining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining, tumanlar, shaharlar prokurorlarining hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlarning faoliyati tegishli yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan ularning vakolatlari muddati ichida kamida ikki marta kompleks oʻrganib chiqiladi”;
8) 48-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni oʻtash, prokuratura organlari va muassasalarining xodimlariga darajali unvonlar va harbiy unvonlar berish hamda ulardan mahrum etish, ularni ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish tartibi ushbu Qonunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi nizomda, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi”;
9) 54-moddaning matnidagi “markazlashtirilgan tartibda” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-oktabr,
OʻRQ-873-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2023-y., 03/23/873/0808-son)