Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Hozirgi kunda mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qaroriga asosan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish amalga oshirib kelinmoqda.
Mobil qurilmalarni roʻyxatga olishda shaxsga doir maʼlumotlardan noqonuniy foydalanishning oldini olish va yurtimizga tashrif buyuruvchi turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mavjud tizimni yanada takomillashtirish talab etilmoqda.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining aviatsiya oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdor normalari belgilanmaganligi sababli import qiluvchilar tomonidan respublika hududiga mobil qurilmalarni tijorat maqsadlarida bojxona toʻlovlarisiz olib oʻtish holatlari mavjud.
Shunga koʻra, Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlarni olib oʻtish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-iyundagi 463-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qarorlariga yuqorida qayd etilgan talablardan kelib chiqib tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirilishini tartibga solish, bojxona rasmiylashtiruvi shartlarini umumeʼtirof etilgan jahon standartlariga muvofiqlashtirish hamda xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari boʻyicha roʻyxatga olish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining aviatsiya oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdor normalarini belgilash;
norezidentlarga tegishli mobil qurilmalar IMEI-kodlarining kulrang roʻyxatda boʻlish muddatini 30 kalendar kunidan 60 kalendar kuniga uzaytirish;
veb-sayt va mobil ilovalar orqali IMEI-kodlarini roʻyxatga olish tartibini joriy etish;
import qiluvchilar tomonidan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi tizimini takomillashtirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-oktabr,
563-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-oktabrdagi 563-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlarni olib oʻtish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-iyundagi 463-son qarorida:
a) muqaddimadagi “temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali” soʻzlari “temir yoʻl, aviatsiya va daryo oʻtkazish punktlari orqali” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Quyidagilar:
Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdor normalari 1-ilovaga muvofiq;
Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining aviatsiya oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdor normalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
v) ilova 1-ilova deb hisoblansin;
g) 1-ilovaning 15-pozitsiyasi “Tovarning nomi” ustunidagi “qoʻl telefoni” soʻzlari “mobil aloqa moduliga ega boʻlgan mobil telefonlar va qurilmalar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) quyidagi mazmundagi 2-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi 463-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining aviatsiya oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdor normalari*
|
T/r |
Tovarning nomi |
Soni |
Davriylik |
|
1. |
Telefon apparati, shu jumladan, mobil aloqa moduliga ega boʻlgan mobil telefonlar va qurilmalar |
2 dona |
chegarani har bir kesib oʻtishda (kelishda) |
* Ushbu tovarlar qiymati respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining aviatsiya oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan tovarlarni olib oʻtishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3512-son qarorida belgilangan cheklangan normalarga kiritiladi.
Bunda mazkur tovarlar belgilangan normadan ortiq olib oʻtilganda belgilangan tartibda bojxona toʻlovlari undiriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qarorida:
a) 4-banddagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” soʻzlari “Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) ilovada:
oʻn sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kul rang roʻyxat — oq yoki qora roʻyxatlarga kiritilmagan, ammo mobil aloqa operatorining tarmogʻida birinchi tarmoq hodisasi paytidan boshlab 30 kalendar kunidan koʻp boʻlmagan muddatga mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladigan mobil qurilmalarning IMEI-kodlari roʻyxati (norezidentlarga tegishli mobil qurilmalar IMEI-kodlari ushbu roʻyxatda boʻlishi mumkin boʻlgan muddat 60 kalendar kunini tashkil qiladi)”;
yigirma beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mobil qurilmalar — mobil aloqa moduliga ega boʻlgan mobil telefonlar, qurilmalar va ularning ehtiyot qismlari (platalar)”;
yigirma toʻqqizinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻttizinchi — oʻttiz toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha yigirma toʻqqizinchi — oʻttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
11-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Import qiluvchilar tomonidan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning Tizimda roʻyxatga olinishi “erkin muomalaga chiqarish” (IM-40) bojxona rejimiga rasmiylashtirilganidan soʻng uch kun muddatda amalga oshiriladi”;
14-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Import qiluvchilar tomonidan olib kirilgan qurilmalar partiyasi “erkin muomalaga chiqarish” (IM-40) bojxona rejimiga rasmiylashtirilmaguncha, mazkur qurilmalarning IMEI kodlari Tizimda roʻyxatdan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi”;
22-band “toʻlov” soʻzidan keyin “10 ish kuni ichida” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatga olish:
Tizim operatori yoki Tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsan kelib murojaat qilish yoʻli bilan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi uchun JShShIR mavjud shaxsni tasdiqlovchi hujjat va ushbu Nizomning 5b-ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilgan mobil qurilmaning IMEI-kodlari, soni, modeli va markasi koʻrsatilgan anketani toʻldirgan holda;
YIDXP orqali — jismoniy shaxsning elektron raqamli imzosi yoki Mobil-ID tizimi yordamida;
Tizim operatorining veb-sayti orqali — roʻyxatdan oʻtkazilayotgan mobil qurilmaning IMEI-kodi, JShShIR va abonent raqamini kiritish orqali;
Tizim operatorining veb-sayti va mobil ilovalar orqali — shaxsning biometrik maʼlumotlarini identifikatsiya qilish va mobil qurilma IMEI kodlarini kiritish bilan amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mobil ilovalar orqali — shaxsning biometrik maʼlumotlarini identifikatsiya qilish va mobil qurilma IMEI kodlarini kiritish bilan amalga oshiriladi”;
sakkizinchi — oʻninchi xatboshilar tegishlicha toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
29-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Mobil qurilmalarni roʻyxatga olish uchun jismoniy shaxs quyidagilarni taqdim etadi:
ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha toʻldirilgan Anketani, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan mobil qurilmalarning markasi, modeli, soni va IMEI-kodlari;
oʻzi kelib murojaat etganda — Tizim operatori yoki Tizim roʻyxatga oluvchisi uchun JShShIR mavjud shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
anketa YIDXP orqali elektron shaklda taqdim etilganda jismoniy shaxsdan fuqarolik pasporti va elektron raqamli imzosi talab etilmaydi;
Tizim operatorining saytida — abonent roʻyxatdan oʻtkaziladigan mobil qurilmaning IMEI-kodi, ariza beruvchining JShShIR va telefon raqamini koʻrsatadi.
Veb-sayt va mobil ilovalar orqali shaxsning biometrik maʼlumotlarini identifikatsiya qilish va mobil qurilma IMEI-kodlarini kiritish bilan amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi 291-band bilan toʻldirilsin:
“291. Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona toʻlovlari undirilmaydigan cheklangan meʼyorlaridan qatʼi nazar, deklaratsiya toʻldiriladi”;
31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik joʻnatmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yoʻli bilan, shuningdek, tizim operatorining sayti orqali, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli boʻlgan konvert va joʻnatma oluvchining JShShIR mavjud shaxsni tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi 312-band bilan toʻldirilsin:
“312. Mobil qurilmalar belgilangan meʼyordan ortiq miqdorda olib kirilgan holatlarda yoki ularning bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisida hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, Tizim tomonidan ushbu mobil qurilmalarning modeliga muvofiq umumiy bojxona toʻlovlari hamda roʻyxatdan oʻtkazish toʻlovlari miqdori shakllantiriladi.
Bojxona toʻlovlari miqdori Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlar bazasi bilan yoʻlga qoʻyilgan elektron axborot almashinuvi orqali belgilanadi.
Bunda jismoniy shaxs tomonidan toʻlangan bojxona toʻlovlari Davlat budjetiga, mobil qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlovlar Tizim operatorining mahsus hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi”;
quyidagi mazmundagi 381-band bilan toʻldirilsin:
“381. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlovlar ariza berilgan kundan boshlab oʻn kalendar kuni ichida amalga oshiriladi.
Toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida taqiqlanmagan usullar, shu jumladan, jismoniy shaxsning telefon raqami hisobidagi mablagʻdan amalga oshirilishi mumkin”;
43-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“43. Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatga olish uchun toʻlov Tizim operatorining maxsus hisobvaragʻiga kelib tushadi.
Kelib tushgan mablagʻlar quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
tizim operatori oʻz faoliyatini yuritish xarajatlari va majburiyatlari uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining qaror, buyruq va farmoyishlariga asosan davlat organlarida amalga oshirilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish loyihalarini maqsadli moliyalashtirish uchun (ushbu xarajatlarga Tizim operatorining investitsiya faoliyatidan olingan daromadlari ham jalb qilinishi mumkin);
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga — Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq davlat organlarida amalga oshirilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish loyihalarini maqsadli moliyalashtirish uchun;
respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini, shu jumladan, qishloq va chekka aholi punktlari, turistik va rekreatsion hududlarda rivojlantirish loyihalari uchun”;
45-bandning sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Taqdim qilingan maʼlumotlari toʻgʻri kelmagan, uchinchi shaxslarning maʼlumotlari taqdim qilingan hollarda IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish”;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tizimda roʻyxatga olingan xorijdan olib kelingan mobil qurilmalar toʻgʻrisida Bojxona qoʻmitasiga har oy yakuni boʻyicha axborot taqdim etish”;
beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
492-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“492. Ushbu Nizomda belgilangan talablarning buzilishi aniqlanganda yoki shunday holatlar toʻgʻrisida shaxslardan kelib tushgan murojaatlarga asosan avval roʻyxatdan oʻtkazilgan IMEI-kodlar bekor qilinadi va amalga oshirilgan xizmatlar uchun qabul qilingan toʻlovlar qaytarilmaydi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2023-y., 09/23/563/0800-son)